Jahon | 07:54 / 01.09.2022
11189
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Iqtisodiyot vazirligi mansabdorlari Rossiya foydasiga josuslikda gumonlanmoqda

Konstitutsiyani himoya qilish idorasi Iqtisodiyot vazirligida Rossiya foydasiga josuslik bo‘yicha gumonlarni o‘rganmoqda. Ikki yuqori martabali amaldor energetika siyosati borasida rossiyaparast qarashlarga ega.

Foto: pexels.com

Germaniya federal Iqtisodiyot vazirligining ikki yuqori martabali xodimi Rossiya foydasiga josuslikda gumon qilinmoqda, deb xabar berdi Die Zeit 31 avgust, chorshanba kuni. Bu mansabdor shaxslar Germaniya hukumatining energetika siyosatini shakllantirishga mas’ul bo‘lgan bo‘lim tarkibida ishlaydi. Ushbu shubhalar Konstitutsiyani himoya qilish federal idorasi (BfV) tomonidan tekshirilmoqda.

Die Zeit nashrining yozishicha, vazirlikda ikki xodimga nisbatan shubhalar paydo bo‘lgach, ish konstitutsiyani himoya qilish idorasiga topshirilgan. Ular gaz-energetika siyosatiga oid hujjatlar loyihasida aniq rossiyaparast pozitsiyani ifodalagani bilan ajralib turgan. BfV ikkala amaldorning tarjimai holini o‘rganib chiqdi va ba’zi «o‘ziga xosliklarga» e’tibor qaratdi, deb yozadi gazeta Berlindagi manbalarga tayanib. Xususan, gap Rossiyada amaliyot o‘tash haqida ketyapti.

Shuningdek, konstitutsiyani himoya qilish idorasi ikkala amaldorning safarlarini ham o‘rganib chiqdi va ularning xizmat safari ekani yoki «yo‘ldan shubhali og‘ishlar» bor-yo‘qligini tekshirdi, deb yozadi nashr. Ularning ruslar bilan shaxsiy munosabatlari, do‘stona aloqalari ham o‘rganildi. Die Zeit yozishicha, josuslik haqida hech qanday dalil topilmagan, faqat har ikki amaldorning «Rossiyaga hissiy yaqinligi» aniqlangan. 

Iqtisodiyot vazirligi OAV xabarlariga izoh berishdan bosh tortdi. Biroq, matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, vazirlik kansler Olaf Shols boshchiligidagi yangi koalitsiyaning dastlabki kunlaridanoq BfV bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. «Biz BfV bilan yaqin hamkorlikda xavfsizlikka oid barcha ma’lumotlarni doimo kuzatib boramiz va darhol barcha zarur choralarni ko‘ramiz», dedi u. Yangi rahbariyat Iqtisodiyot vazirligining Rossiyaga do‘stona munosabatda bo‘lgan sobiq siyosatini «butunlay o‘zgartirdi», dedi bo‘limning rasmiy vakili. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid