O‘zbekiston | 12:41 / 01.09.2022
1912
3 daqiqa o‘qiladi

OTB O‘zbekistonga oziq-ovqat va suv xavfsizligini yaxshilash uchun 153 mln dollar ajratadi

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish maqsadida yer va suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish orqali O‘zbekiston oziq-ovqat va suv xavfsizligini yaxshilashga ko‘maklashish uchun 150 million AQSh dollari miqdoridagi kredit va 3 million AQSh dollari miqdoridagi grantni ma’qulladi. 

Foto: Reuters

Xalqaro moliya tashkiloti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, «Iqlim o‘zgarishiga moslashishni hisobga olgan holda Orol dengizi havzasida suv resurslarini boshqarish» loyihasi individual sug‘orish va drenaj tizimlarini modernizatsiya qilish, mamlakat suv resurslaridan samarali foydalanish, ularni yaxshiroq boshqarishni ta’minlaydi.

OTB, shuningdek, Yuqori darajadagi texnologiyalar fondidan 300 000 AQSh dollari miqdorida grant ajratadi. 

«OTB O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarishni kuchaytirishdan manfaatdor. Mamlakat qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi uchun muhim bo‘lgan qimmatli transchegaraviy suvlarga tayanadi. Bu - mamlakat qishloq aholisi yarmining asosiy tirikchilik manbai bo‘lib, ular uchun suv asosiy resurs hisoblanadi. Loyiha hukumatning yuqori qiymatli ekinlarga o‘tish, yer va suv resurslarini boshqarishni yaxshilash, iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlaydi», - dedi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Yevgeniy Jukov. 

O‘zbekistonda foydalaniladigan barcha suv resurslarining taxminan 90 foizi qishloq xo‘jaligiga, jumladan, bug‘doy va paxtani sug‘orishga sarflanadi, biroq iqlim o‘zgarishi suv ta’minotiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Loyiha Amudaryo va Zarafshon daryolari havzalarida suvni hisobga olish tizimini yaxshilash, mavjud irrigatsiya va drenaj infratuzilmasini yangilash orqali iqlimga chidamli hamda takomillashtirilgan sug‘orish tizimlarini yaratadi. 

Loyiha fermer xo‘jaliklarida suvdan foydalanishni yaxshilash, texnologiyalarni joriy etish va suv unumdorligini oshirish amaliyotini kengaytirishga yordam beradi. Bu, shuningdek, sug‘orish tizimlarining tez-tez uchraydigan suv tanqisligiga moslashishiga imkon beradi va suvdan foydalanuvchilarga iqlim o‘zgaruvchanligini yaxshiroq yengishda ko‘mak ko‘rsatadi. Loyiha, shuningdek, suvni barqaror boshqarish uchun siyosiy va institutsional salohiyatni mustahkamlashga yordam beradi. 

Bundan tashqari, OTB O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirish strategiyasining asosiy elementlarini, masalan, salohiyatni oshirish orqali suv va irrigatsiya subsektorlarida asosiy islohotlarni amalga oshirishda hukumatni qo‘llab-quvvatlash uchun 850 000 AQSh dollari miqdoridagi texnik yordam grantini ajratadi. 

«OTB O‘zbekistonning rivojlanishdagi asosiy hamkori bo‘lib, doimiy ravishda siyosat bo‘yicha maslahatlar, investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash va salohiyatni oshirish bilan shug‘ullanadi. Bu loyiha fermerlar va suvdan foydalanuvchilarga hosildorlikni oshirishga yordam berish bilan birga, Suv xo‘jaligi vazirligi va mahalliy suv tashkilotlarini mustahkamlashga ko‘maklashadi», dedi OTB suv xo‘jaligi bosh direktori Frenk Radsteyk. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid