— Ma’lumki, soliq preferensiyalari va soliq noteng biznes muhitini yuzaga keltiradi. Lekin O‘zbekistonda ko‘plab kompaniyalarga shunaqa imtiyozlar berilgan. Bu haqida yaqinda statistika ham chiqdi. Yirik imtiyoz olgani ham kelib chiqdi. Bu imtiyozlarni bekor qilish haqida rejalar bormi? Agar bo‘ladigan bo‘lsa, bu qachon amalga oshadi?
— Juda to‘g‘ri savol. O‘sha statistikani chiqargan organ aynan Davlat soliq qo‘mitasi bo‘ladi. Biz har oy va har chorak yakunida (har xil imtiyoz har xil shakllanadi) e’lon qilib boramiz.
Ikkinchidan, umuman, jami imtiyozlarga davlat soliq xizmati organlari norozilik bilan qaraydi. Sababi, bizga tushum kamayadi. Individual imtiyozlarga esa o‘ta salbiy qaraymiz.
Albatta, ba’zi o‘rinlar juda qisqarishi kerak. Yildan yilga qisqaryapti ham. Imtiyozlar soni ham, undan foydalanuvchilar soni va miqdori ham kamayyapti. Mana, 2023 yil 1 yanvardan, ayrimlari 2024 yil qisqartirilishiga taklif bildiryapmiz.
— Umuman, butkul bekor qilish borasida-chi, bu bo‘yicha rejalar bormi?
— Bu bo‘yicha ham ishlar olib borilyapti. Lekin qabul qilingan qonunchilik normalari, o‘zingiz aytgan kabi nostabillik bor-da, ya’ni ayrim qonunchiligimiz chet el investorlari kirgandan keyin ularga investitsiyasiga qarab turib, qanchadir yil soliq rejimi o‘zgarmasligi kerak degan normalar bor.
Lekin Soliq qo‘mitasining pozitsiyasi shuki, biz barcha imtiyozlarni asta-sekinlik bilan bekor qilishimiz kerak. Ularni boshqa yo‘l bilan rag‘batlantirishga o‘tish kerak.
— Dunyodagi brend firmalar O‘zbekistonga o‘z mahsulotlarini olib kiradi, lekin ularning O‘zbekistonda ishlab chiqarish zavodlari yo‘q. Ular mahsulotlarini import qilib olib kelishga to‘g‘ri kelyapti. Ya’ni tannarxga qo‘shimcha soliqlar va boshqa xarajatlar qo‘shilyapti. Ularning O‘zbekistonga kirib kelishidagi xavflar qaysilar?
— Fikrimcha, bu xavflar emas. Menimcha, O‘zbekistondagi iqtisodiy faollik, bu yerdagi siyosiy barqarorlik, O‘zbekistondagi tadbirkorlarga bo‘lgan e’tibor va investitsion nuqtayi nazaridan faqatgina ijobiy tomonini ko‘rish mumkin. Lekin chet el brendlarining O‘zbekistonga kirishi faqat bu nuqtayi nazardan emas, balki bozordagi sig‘imi yuzasidan ham qaralsa kerak-da. Ularga bozorga kirish tannarxi nuqtayi nazaridan bu yerda ishlab chiqarishni tashkil qilish arzonroq bo‘ladimi yoki import qilsa. Bu yerda bozor qonunlari ko‘proq ishlasa kerak, menimcha.








