AQSh prezidenti ma’muriyati Rossiyaga Erondan uchuvchisiz uchish qurilmalari yetkazib berilgani haqida OAVda tarqalgan xabarlarni tasdiqladi. «Bizning ma’lumotga ko‘ra, Rossiya Erondan avgust oyida Mohajer-6 va Shahed seriyasidagi uchuvchisiz uchish qurilmalarini qabul qilib oldi. Dronlar Erondagi aerodromda Rossiya transport samolyotlariga yuklangan, keyin ular Rossiyaga uchgan. Biz buni ko‘rib turibmiz», degan brifingda Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per.

Erondan Rossiyaga uchuvchisiz uchish apparatlarining ilk partiyasi yuborilgani haqida avvalroq Amerika matbuotida - Washington Post gazetasi va CNN telekanalida xabar qilingandi.

Gazeta razvedka xizmatidagi anonim manbasiga, telekanal esa Jo Bayden ma’muriyati vakiliga tayanib xabar tarqatgan.

Xabarlarda Mohajer-6, Shahed -129 va Shahed-191 dronlari Rossiyaga 19 avgust kuni yuborilgani aytilgan.

Washington Post xabarida rossiyalik harbiylar tomonidan o‘tkazilgan ilk sinovlarda apparatlar faoliyatida qator kamchiliklar aniqlangani aytilgan. Gazeta aynan qanday muammolarga duch kelinganiga aniqlik kiritmagan.

Eronda dronlar dasturi 1980-yillardan rivojlana boshlanganiga qaramay, mamlakat doimiy ravishda sanksiyalar ostida bo‘lib kelgani tufayli, xalqaro ekspertlar hisoblashicha, ishlab chiqarilgan dronlarning aksari xorij mamlakatlari dronlarining ko‘chirmasi hisoblanadi.

Rossiyaga Eron uchuvchisiz uchish qurilmalari yetkazib berilayotgani haqida Amerika matbuotida tarqalgan xabar katta sensatsiya bo‘lmadi - Moskva Tehrondan dronlar sotib olishni rejalashtirayotgani haqida iyul oyidayoq ma’lum bo‘lgandi.

Shu bilan birga Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov seshanba kuni Washington Post nashrida chiqqan materialga bildirgan munosabatida ushbu nashr so‘nggi vaqtlarda «juda ko‘p yolg‘on-yashiq xabarlar tarqatayotgani»ni qayd etdi.

Moskva yaqinida o‘tkazilgan «Armiya-2022» ko‘rgazmasidagi Mohajer-6 droni. Foto: Getty Images

Harbiy ekspertlarning ishonch bilan aytishicha, Ukrainada dronlarning o‘tkir yetishmovchiligiga duch kelgan Rossiya Eronga yuzlanishga majbur bo‘lgan, chunki boshqa davlatlardan bunday texnikalarni xarid qilishning deyarli imkoni yo‘q, Rossiyaning o‘zida esa bu sinfdagi dronlarni keng ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmagan.

Eron dronlari

Xorij texnologiyalaridan foydalanish imkoniyati cheklanganiga qaramay, Eron uchuvchisiz aviatsiya apparatlari ishlab chiqarishi bilan mashhur. Bu mamlakat ancha yillardan buyon xalqaro sanksiyalar ostida yashaydi va eronliklarda bunday qat’iy sharoitlarda yashab qolish bo‘yicha katta tajriba mavjud.