Payshanba kuni kechqurun Pensilvaniyadagi nutqi chog‘ida Bayden yana bir bor Tramp tarafdorlari va respublikachilarni qattiq qoraladi. Senat va Kongress oraliq saylovlariga ikki oy qoldi – ularning natijasi Vashingtondagi kuchlar mutanosibligini belgilab beradi. Hozir demokratlar Amerika parlamentining ikkala palatasida minimal ko‘pchilikni tashkil etadi, biroq noyabrdagi saylovdan so‘ng respublikachilar qo‘li baland kelishi mumkin. Bu esa Bayden siyosatini amalga oshirishni ancha murakkablashtiradi.

«MAGA kuchlari mamlakatimizni orqaga qaytarishga qat’iy qaror qildi», dedi Bayden.

Bunga javoban respublikachilar va Vakillar palatasida ozchilik yetakchisi Kevin Makkarti «Bayden Amerikaga chuqur ruhiy jarohat yetkazdi» dedi va undan kechirim so‘rashni talab qildi.

AQSh prezidenti ikki yil avval Donald Trampga ovoz bergan 74 million amerikalikni qoralamasligini aytdi.

«Har bir respublikachi, hatto respublikachilarning aksariyati ham MAGA-respublikachi (Tramp tarafdorlari) emas, dedi Bayden. - Biroq, shubhasiz, bugungi kunda Donald Tramp va MAGA-respublikachilar Respublikachilar partiyasiga katta ta’sir o‘tkazmoqda, uni boshqarmoqda va qo‘rqitmoqda. Bu mamlakatimiz uchun juda katta tahdid».

Baydenning qayd etishicha, Donald Tramp tarafdorlari o‘tgan yili AQSh Kongressi binosiga bostirib kirgan olomonni isyonchi emas, balki vatanparvar deb bilishadi. «Biz uzoq vaqt davomida Amerikada demokratiya kafolati bor deb o‘ylagan edik. Lekin unday emas. Biz uni himoya qilishimiz kerak. Uning uchun kurashishimiz kerak. Hamma va har birimiz», - deb qo‘shimcha qildi Jo Bayden.

So‘nggi paytlarda AQSh prezidenti Tramp tarafdorlariga qarshi ritorikasini kuchaytirdi: o‘tgan hafta u «radikal» respublikachilarni «yarim fashistlar»ga tenglashtirdi.

Respublikachilar qanday javob qaytarishdi?

Baydenning nutqiga javoban Kevin Makkarti «AQSh prezidenti o‘z vatandoshlarini ajratish, kamsitish va obro‘sizlantirishni boshlagani»ni aydi. «Nima uchun? Shunchaki ular prezident siyosatidan norozi ekani tufayli. Bu yetakchilik emas», deya ta’kidladi Makkarti.

Kevin Makkarti / Foto: Getty Images

Shuningdek, u Baydenni «fashistlar deb atagan o‘n millionlab amerikaliklarni haqorat qilgani» uchun kechirim so‘rashga chaqirdi.