O‘zbekiston | 09:34 / 03.09.2022
4847
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston suv ta’minoti sohasiga 5,5 mlrd dollar investitsiyalarni jalb qilmoqchi

O‘zbekiston suv ta’minoti tizimidagi o‘zgarishlar Janubiy Koreyada taqdimot qilindi.

Foto: Dunyo

30-31 avgust kunlari Janubiy Koreyaning Seul shahrida Global infratuzilmaviy hamkorlik bo‘yicha konferensiya (GICC 2022) bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri birinchi o‘rinbosari, “O‘zsuvta’minot” boshqaruvi raisi Sohib Saifnazarov ishtirok etib, ishtirokchilarga so‘nggi yillarda mamlakatda ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasida qilinayotgan ishlar, amalga oshirilayotgan loyihalar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Sohib Saifnazarov o‘z nutqida 2026 yilga qadar amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi. Ushbu davr mobaynida sohaga o‘tgan 5 yilga nisbatan 5 barobarga ko‘p, ya’ni 5,5 mlrd dollar miqdorida investitsiyalarni jalb qilish ko‘zda tutilgan.

2022-2026 yillarda respublikada 2875 ta ichimlik va 283 ta oqova suv inshootlarini, 33,7 ming km tarmoqlarni qurish rejalashtirilgan. Buning natijasida 2026 yilga kelib, respublika aholisi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 90 foiz, oqova suv xizmatlari bilan qamrab olinganlik darajasi esa 35 foizga yetishi kutilmoqda.

Janubiy Koreya “O‘zsuvta’minot”ning eng yaqin hamkorlaridan biri hisoblanadi. Ushbu davlatning K-Water korporatsiyasi bilan hamkorlikda mamlakatda eskirgan tarmoqlarni modernizatsiya qilish, kadrlarni o‘qitish va malakasini oshirish, sohaga yangi texnologik yechimlar orqali “aqlli” suv hisoblagichlarini joriy etish, suv sarfini boshqarish bo‘yicha qator ishlar olib borilmoqda.

Iyun oyida “O‘zsuvta’minot” va K-Water o‘rtasida mamlakatda suv ta’minoti va sanitariya sohasida salohiyatni oshirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi. Tomonlar O‘zbekistonda suv ta’minoti va oqova suvni chiqarib yuborish sohasida o‘quv markazi tashkil etish uchun zarur bo‘ladigan ma’lumotlarni to‘plash maqsadida birgalikda ish olib boradi.

Mavzuga oid