Sport | 11:41 / 05.09.2022
15249
6 daqiqa o‘qiladi

«Arsenal» ilk jiddiy raqibga mag‘lub bo‘ldi, «MYu» debyutanti gol urishni boshladi

«Manchester Yunayted» o‘yinni Fernandeshning ikkita dohiyona pasi bilan hal qildi. Bu APLda mavsumning eng yaxshi o‘yinlaridan biri bo‘ldi.

Foto: SHAUN BOTTERILL/GETTY IMAGES

Manchester Yunayted — Arsenal 3:1
6 sentabr, «Old Trafford»
Gollar: Antoni (35), Reshford (66, 75) — Saka (60).
Manchester Yunayted – De Xea, Dalot, Varan, Martines (Maguayr, 80), Malasia, Eriksen, Fernandesh, Maktominey, Reshford (Kazemiro, 80), Sancho (Fred, 67), Antoni (Ronaldu, 58). 
Arsenal – Remsdeyl, Uayt (Tomiyasu, 80), Gabriel, Saliba, Zinchenko (Nketia, 74), Jaka, Edegor (Smit-Rou, 74), Lokonga (Viyeyra, 74), Saka, Jyezus, Martinelli.
Ogohlantirishlar: Saliba (24), Maktominey (71), Jyezus (77), Maguayr (81), Saka (87), Eriksen (90+4).

«Manchester Yunayted» transferlar oynasi yopilishi arafasida shovqin ko‘tarib, ikki yulduz futbolchi (Kazemiro va Antoni) uchun 170 million yevro atrofida mablag‘ sarfladi. «Real»ning sobiq tayanch yarimhimoyachisi allaqachon «qizil iblislar» safida debyut qilib ulgurdi va «Arsenal»ga qarshi o‘yinda uni boshlang‘ich tarkibda kutish mumkin edi. Ammo bosh murabbiy Erik ten Hag Skott Maktominay — Kristian Eriksen juftligini afzal ko‘rdi, ular «Sauthempton» va «Lester»ga qarshi o‘yinlarda ilk daqiqalardan birga harakat qilishgan — va ikki uchrashuvda ham «MYu» minimal hisoblarda g‘alaba qozongandi. Transferlar oynasining so‘nggi kunida kelgan Antoni esa Angliyaga tashrifining uchinchi kunidayoq boshlang‘ich tarkibda hujumning o‘ng qanotini egalladi.

«Arsenal» uchun «Old Trafford»ga safar ilk jiddiy sinov bo‘lishi kerak edi. Mikel Arteta jamoasi chempionatni ochko yo‘qotmasdan davom ettirayotgandi va dastlabki besh o‘yinda g‘alaba qozongan, ammo raqiblar darajasi teng emasdi.

«Manchester Yunayted» o‘yinni yaxshi boshladi, ammo taxminan 10-daqiqalardan mehmonlar tashabbusni qo‘lga olishdi. 12-daqiqada «Arsenal» gol ham urdi. Martin Edegor maydon markazida Eriksenni ta’qib etib, to‘pni undan olib qo‘ydi. Bukayo Saka esa oldinga tashlangan Gabriel Martinellini o‘z vaqtida ko‘rib, uni David De Xea bilan birga-bir vaziyatga chiqardi. «Kanonirlar»ning braziliyalik vingeri aniq harakat qildi, ammo ishga referining videoassistentlari aralashdi. Bosh hakam Pol Tirnining yordamchilari Edegor to‘pni olib qo‘yayotganda qoida buzgan deb topishdi. Tirni monitorga bordi va golni bekor qildi.

«Arsenal» tushkunlikka tushmadi va hujumlarni davom ettirdi. Martinellida yana gol urish uchun imkoniyatlar bo‘ldi, ammo De Xea uning bosh bilan yo‘llagan xavfli zarbasini qaytardi.

«MYu» esa o‘z vaziyatidan foydalandi va bu gol bekor qilinmadi. Brunu Fernandesh hujumni dribling bilan rivojlantirdi, uni Gabriel qulatdi, ammo to‘pga ega chiqqan Jyeydon Sancho uni maydon markazidagi Markus Reshfordga uzatdi, u esa «Arsenal»ning ikki himoyachisi orasida turib to‘pni o‘ngroqda bo‘sh qoldirilgan Antoniga tashlab berdi. 100-millionlik yangi futbolchi bir urinishda o‘z debyutini gol bilan nishonladi.

Tanaffusdan keyin «kanonirlar» «Yunayted» darvozasini qamal qilishda davom etdi. Saka 52-daqiqada hisobni tenglashtirishi mumkin edi, ammo uning burchak tomon bergan zarbasi muvaffaqiyatli chiqmadi. Ammo o‘yinning bir soati ortda qolganida angliyalik futbolchi baribir o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ya oldi. Diogu Dalot Gabriel Jyezusga uzatilgan to‘pni qaytardi, ammo to‘p sakrab Sakaning oyog‘iga kelib tushdi — vinger bo‘sh burchakni aniq nishonga oldi.

Ammo hisobni uzoq vaqt ushlab qolishning imkoni bo‘lmadi. Brunu Fernandesh yana bir qarshi hujum tashkillashtirdi, ammo bu safar uning o‘zi golli uzatma muallifiga aylandi. Portugaliyalik Reshfordni Aaron Ramsdeyl bilan birga-bir vaziyatga chiqardi — hujumchi darvozaning chap burchagiga aniq yo‘naltirdi.

Ko‘p o‘tmay «Arsenal» himoyasida bo‘shliqlar yuzaga keldi va mezbonlar bundan foydalanib qolishdi. 75-daqiqada Eriksen va Reshford maydon markazidayoq himoyachilarni ortda qoldirib Ramsdeyl darvozasiga borishdi. Daniyalik to‘pni bo‘sh darvoza qarshisida qolgan forvardga tashlab berdi va u dublni rasmiylashtirdi. Bundan oldinroq Arteta uch futbolchini almashtirgandi va yuqori himoya chizig‘i tashkil etib o‘ynayotgandi.

O‘yinning oxirgi qismi «qizil iblislar» uchun shu qadar qulay vaziyatda kechdiki, ten Hag hatto Harri Maguayrni maydonga tushirishdan cho‘chimadi. Krishtianu Ronaldu ham maydonda edi — portugaliyalik birinchi gol muallifi Antonini almashtirgandi. 37 yoshli forvard yarim soat o‘ynadi, ammo oltinchi o‘yinda ham gol ura olmadi. Aftidan, yangi bosh murabbiy hamon Ronalduni asosiy hujumchi sifatida ko‘rmayapti.

«MYu» juda yomon startdan keyin qatorasiga to‘rtinchi g‘alabasiga erishib, turnir jadvalida «Chelsi» va «Liverpul»ni ortda qoldirgan holda beshinchi o‘ringa chiqdi, endi jamoani hamon birinchi o‘rinda qolayotgan «Arsenal»dan atigi uch ochko ajratib turibdi.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid