O‘zbekiston Afg‘onistonga yillik ehtiyoji 50 foizidan ortig‘ini qoplaydigan elektr energiyasi yetkazib berdi
Misrning “Al-Muvatin” agentligi saytida O‘zbekistonning Qohiradagi elchisi bilan o‘tkazilgan intervyuga bag‘ishlangan maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo”.
O‘zbekistonning Qohiradagi elchisi Mansur Qilichev bergan intervyusi chog‘ida O‘zbekiston Misrdan farmatsevtika mahsulotlari, sitrus mevalari va yuvish vositalarini import qilayotganini, Misrga to‘qimachilik, chorvachilik mahsulotlari, transport va turizm xizmatlarini eksport qilayotganini bildirdi.
Uning qayd etishicha, ikki davlat ishbilarmonlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsion sohalardagi aloqalarni rivojlantirish uchun O‘zbekiston-Misr ishbilarmonlar kengashini tuzish, tashqi savdo transport xarajatlarini va yo‘nalishlarini optimallashtirish maqsadida ikki mamlakat transport vazirliklari o‘rtasida ishchi guruhni tashkil etish mushtarak manfaatlarga xizmat qiladi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston misrlik sayyohlarni Samarqand, Buxoro, Toshkent va Xorazm kabi shaharlardagi noyob tarixiy obidalarga jalb etishga intilmoqda.
Mansur Qilichev BMT iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi haqida so‘zlar ekan, sanoat inqilobidan to hozirgi kunga qadar inson faoliyati ekologiyaga jiddiy ta’sir qilayotganini qayd etdi. Iqlim o‘zgarishi salbiy ta’siri va zararli chiqindilarni kamaytirish bo‘yicha birgalikda chora-tadbirlarni amalga oshirish talab etiladi.
Elchi O‘zbekiston tashqi siyosati ustuvor yo‘nalishlari dunyo barcha davlatlari, ayniqsa qo‘shni mamlakatlar bilan hamkorlikni mustahkamlash, Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va tinchlikni ta’minlashga qaratilganini ta’kidlab, Toshkent iqtisodiy, savdo va mintaqaviy integratsiya orqali Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.
Toshkent tomonidan Afg‘onistonda amalga oshirilayotgan infratuzilma loyihalari orasida umumiy quvvati 500 kilovatt, qiymati qariyb 100 million dollar bo‘lgan Surxon – Puli-Humri elektr uzatish liniyasi loyihasi muhim ahamiyatga ega ekanini ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, joriy yil boshidan buyon O‘zbekiston Afg‘onistonga uning yillik ehtiyoji 50 foizidan ortig‘ini qoplaydigan elektr energiyasini yetkazib berdi.
Mavzuga oid
21:44 / 09.11.2024
Afg‘onistonda IIV, Mudofaa vazirligi va razvedka qurol-yarog‘ berish huquqidan mahrum etildi
18:05 / 06.11.2024
Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish hajmi yana oshmoqda - BMT
14:12 / 06.11.2024
O‘zbekiston va YeI afg‘on masalasi bo‘yicha o‘zaro maslahatlashuvni davom ettiradi
22:45 / 02.11.2024