O‘zbekiston | 20:23 / 05.09.2022
20720
2 daqiqa o‘qiladi

Sardor Umrzoqov darsliklar nashr etishning shaffofligini o‘rganish bo‘yicha topshiriq berdi

Ma’lum qilinishicha, darsliklar nafaqat bepul bo‘ladi, balki sifat jihatdan ham to‘liq tanqidiy ko‘rib chiqiladi. Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov darsliklar nashr etishda korrupsion sxemalarga yo‘l qo‘ymaslik shartligini ta’kidladi.

Rasmiy foto

Maktab darsliklariga oid davlat rahbarining tegishli topshirig‘idan so‘ng, Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov bu masala bo‘yicha tanqidiy yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda uning o‘rinbosari Komil Allamjonov ma’lum qildi.

Yig‘ilishda barcha maktab darsliklarini kompleks tekshiruvdan o‘tkazish, ulardagi xato va kamchiliklarni aniqlash, sifatini yaxshilash bo‘yicha Prezident administratsiyasi, Xalq ta’limi vazirligi, Ta’lim inspeksiyasi va yana bir qator tashkilotlarning mas’ul vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilgan.

Hisob palatasi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va Xalq ta’limi vazirligiga 1 oy muddatda darsliklarni tayyorlash, nashr etish, tannarx va tarqatish tizimini tanqidiy ko‘rib chiqish, davlat buyurtmasi bajarilishining shaffof va samarali tizimini joriy etish vazifasi belgilangan.

Kun.uz'dagi ma’lumotga ko‘ra, yig‘ilishda darsliklar buyurtmasida korrupsion sxemalarga yo‘l qo‘ymaslik zarurligi ta’kidlab o‘tilgan. Ayni paytda tahririyat bu yo‘nalishdagi o‘z surishtiruvini olib bormoqda.

Mavzuga oid