O‘zbekiston | 20:10 / 07.09.2022
11435
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev AQSh elchisini qabul qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 sentabr kuni mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Amerika Qo‘shma Shtatlari favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyumni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari Deniyel Rozenblyumning O‘zbekiston-AQSh strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishdagi hissasini qayd etdi.

Keyingi yillarda konstruktiv siyosiy muloqot yo‘lga qo‘yildi. Birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlik kengayib bormoqda. O‘zaro savdo hajmi oshmoqda, AQShning yetakchi kompaniyalari ishtirokida qator investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida ikki tomonlama dasturlar joriy etilmoqda.

O‘zbekiston prezidentining joriy yil avgust oyida qabul qilingan farmoniga muvofiq amerikalik diplomat mamlakatimizning yuksak davlat mukofoti – «Do‘stlik» ordeniga sazovor bo‘ldi.

AQSh elchisi uning faoliyatiga berilgan yuqori baho uchun samimiy minnatdorlik bildirib, bundan buyon ham mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning mustahkamlanishini faol qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ta’kidladi.

Mavzuga oid