Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
YeK Rossiya bilan soddalashtirilgan viza rejimini bekor qilishni qo‘llab-quvvatladi
Rossiyaliklar uchun viza to‘lovi va Shengen hududiga kirish uchun arizalarni ko‘rib chiqish muddati ortadi. Soddalashtirilgan rejimdan voz kechish 7 sentabr kuni Yevropa ittifoqi davlatlarining doimiy vakillari tomonidan tasdiqlanishi kerak.
Yevropa komissiyasi (YeK) Rossiya bilan viza tartibini soddalashtirish bo‘yicha kelishuvni to‘liq to‘xtatib turish bo‘yicha takliflarini e’lon qildi. Tafsilotlar 6 sentabr, seshanba kuni YeK matbuot xizmati tomonidan ma’lum qilindi.
«Rossiya kabi bosqinchilik urushi olib borayotgan davlat buzg‘unchi tashqi siyosatni va Ukrainaga qarshi harbiy tajovuzni davom ettirib, qoidalarga asoslangan xalqaro tartibni mutlaqo mensimaslikni ko‘rsatar ekan, soddalashtirilgan viza rejimidan foydalanish huquqiga ega bo‘lmasligi kerak», deyiladi Bryussel xabarida.
«To‘xtatib turish Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy tajovuzkorligi natijasida Yevropa ittifoqi xavfsizlik manfaatlari va a’zo davlatlar milliy xavfsizligiga xavf va tahdidlarning kuchayishiga javobdir», — deyiladi bayonotda. Rossiya fuqarolari endi Yevropa ittifoqiga imtiyozli kirish huquqidan foydalana olmaydi va vizalar olish uchun uzoqroq, qimmatroq va murakkab jarayonga duch keladi, deya ogohlantirdi Yevrokomissiya.
Xususan, barcha murojaat etuvchilar uchun viza yig‘imi miqdori 35 dan 80 yevrogacha oshadi. Konsulliklar tomonidan viza arizalari bo‘yicha qaror qabul qilish uchun standart vaqt 10 kundan 15 kungacha ko‘payadi. Qo‘shimcha tekshiruvlar talab qilinadigan ba’zi hollarda 45 kungacha bo‘lishi mumkin.
Ariza beruvchilar endi Shengen hududiga bir necha marta kirish uchun amal qiladigan vizaga avtomatik ravishda egalik qilish imkoniga ega bo‘lmaydi.
Ariza berishda ruslar hujjatlarning to‘liq ro‘yxatini taqdim etishi kerak, ular endi soddalashtirilgan rejimda nazarda tutilgan qisqartirilgan ro‘yxatdan foydalana olmaydi.
Yevrokomissiya, shuningdek, YeI davlatlarini Moskva annexia qilmoqchi bo‘lgan Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarida berilgan Rossiya pasportlarini tan olmaslikni taklif qildi. «Rossiyaliklar Yevropa ittifoqiga oson kirish imkoniga ega bo‘lmasligi kerak, Yevropa ittifoqiga turist sifatida sayohat qilish inson huquqi emas», - deydi Yevropa komissari Ilva Yuxansson.
«Bugungi taklif Yevroittifoqning qat’iy va birlashgan javobini ko‘rsatadi. Yaqin kelajakda biz Rossiya fuqarolarining vizalar olishi va chegaralarni kesib o‘tishida kuchaytirilgan nazoratni ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha yo‘riqnomalarni qabul qilamiz», - deb va’da berdi Yuxansson.
Yevropa komissari Yevropa ittifoqi davlatlarining doimiy vakillari (COREPER) 7 sentabr kuni bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda viza rejimini bekor qilishni ma’qullashiga umid bildirdi. «Umid qilamanki, Yevroittifoq kengashi tezda, shu haftada taklifni ma’qullaydi va shu tariqa, dushanbadan (12 sentabr) Rossiyaga nisbatan muntazam viza rejimi joriy etiladi», — dedi Yuxansson.
Yevropa ittifoqi «hayotiy maqsadlarda safar qilayotgan Rossiya viza arizachilarining ayrim toifalari uchun ochiq qoladi, shu jumladan, Yevropa ittifoqi fuqarolarining oila a’zolari, jurnalistlar, dissidentlar va fuqarolik jamiyati a’zolari», deyiladi Yevrokomissiya ma’lumotida.
O‘tgan hafta Yevropa ittifoqi tashqi ishlar vazirlari Pragadagi norasmiy yig‘ilishda Yevropa ittifoqi va Rossiya o‘rtasida viza rejimini soddalashtirish bo‘yicha 2007 yilgi kelishuvni to‘g‘ridan to‘g‘ri sayohat qilishni taqiqlamasdan to‘xtatib turish haqida kelishib oldi, biroq Bryusseldan yangi qoidalar ishlab chiqishni so‘radi.
Mavzuga oid
22:32 / 17.06.2026
Tramp Rossiya va Xitoyni «butun dunyoni portlatib yubormaslik» uchun yadroviy kelishuvga chaqirdi
17:21 / 17.06.2026
Saida Mirziyoyeva Mixail Mishustin bilan iqtisodiy hamkorlikni muhokama qildi
15:51 / 17.06.2026
Rossiya ichkarisiga dron hujumlari bilan Ukraina nimaga erishyapti?
09:20 / 17.06.2026