O‘zbekiston | 23:24 / 08.09.2022
22278
8 daqiqa o‘qiladi

Toshkent yana ikkita daraxtzoridan ayrildi

Chilonzor va Uchtepadagi ikki daraxtzor taqdiridan xavotirlanib, bong urib kelgan faollar daraxtkush investorlar va o‘z vazifasiga tupurgan mas’ullar qarshisida yana ojiz qoldi. Muammo ildiziga yetish uchun shu birgina faktga qarashning o‘zi kifoya: Toshkent shahar hokimi o‘nlab katta daraxtlar joylashgan bu ikkala yer maydonini tadbirkorlarga 2020 yilda berib yuborgan, vaholanki daraxt kesishga moratoriy 2019 yildayoq kuchga kirib bo‘lgandi.

Toshkentda bir kunda ikkita daraxtzor yakson qilingani ma’lum bo‘ldi. Chilonzor va Uchtepa tumanlarida ro‘y bergan qonunbuzarliklarning yuzaga kelish tarixi juda o‘xshash.

Avvalo, har ikkala hududdagi daraxtlar haqida jamoatchilik anchadan beri xavotir bildirib kelayotgan, mas’ullarni kutilgan jinoyatlarning oldini olishga chaqirayotgan edi, lekin hech kim tayinli chora ko‘rmagan.

Qolaversa, har ikkala yer maydonini Toshkent shahar hokimligi 2020 yilda, ya’ni daraxt kesishga moratoriy allaqachon kuchda bo‘lgan vaqtda tadbirkorlarga ajratib bergan.

Chilonzordagi jinoyat tuman prokuraturasi ro‘parasidagi shu turdagi ikkinchi jinoyat ekani bilan e’tiborli. Uchtepadagi daraxtzor esa avvalroq hordiq chiqarish uchun bog‘ga aylantirilishi haqida aytilgan, keyinchalik sotilib ketgan.

Yana Chilonzor ko‘chasi

Chilonzor ko‘chasini kengaytirish ishlari sabab yuzga yaqin ko‘p yillik daraxtga zarar yetkazilgani, buning ortidan Chilonzor tumani hokimi va prokurori ishdan olinganiga hali bir oy ham bo‘lmagandi. Daraxtlarga nisbatan navbatdagi suiqasd yana shu ko‘chada, tuman prokuraturasining ro‘parasida sodir bo‘ldi.

20 sotixli quyuq daraxtzor hududi Toshkent shahar hokimining 2020 yildagi qarori bilan "Dream house stroy" MChJga ajratilgan. Kompaniya shu yil boshida hududni o‘rab olgan, xavotirli holatni Kun.uz ham yoritgan edi. O‘shanda o‘zini kompaniya rahbari deb tanishtirgan Umar G‘afforov faollar va ekologlar qarshisida birorta ham daraxtga ziyon yetkazmaslikka va’da bergandi. U bu yerda biznes markaz va mehmonxona qurayotganini aytgandi.

O‘sha voqeadan keyin hududdagi daraxtlarni xatlovga olgan ekologlar baribir ularni saqlab qololmadi. Tadbirkor hududni yana baland to‘siqlar bilan o‘rab olib, u yerdagi 58 tup daraxtni (ularning aksariyati qimmatbaho) bir-ikki kun ichida kesib tashlagan.

Zarar miqdori 797 mln 700 ming so‘mga baholanyapti. Jinoyat ishi ochilgan. Obodonlashtirish boshqarmasi zudlik bilan bu yerga daraxt ko‘chalarini ekib chiqdi.

“Bir qiziq holat bor, mana shu qurilish obektining ro‘parasida Chilonzor tumani prokuraturasi joylashgan. Shularning ko‘z oldida shunday ishlar bo‘lyapti, tushunyapsizmi? Markazda mana shunday ishlar bo‘lyapti, endi chetroqlarda qanday ahvol, tasavvur qilsa ham bo‘laveradi”, – deydi voqea joyida Kun.uz bilan suhbatlashgan deputat Rasul Kusherbayev.

Rasul Kusherbayev

Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi boshlig‘i Farhod Dehqonov “Dream house stroy” MChJning daraxt kesish haqidagi murojaatiga rad javobi berilib, unga ogohlantirish xati yuborilgani, tadbirkordan daraxtlarni kesmaslik bo‘yicha kafolat xati ham olinganini aytdi.

“Bundan tashqari, ekologlarimiz 2-3 marta vizual nazorat qilish uchun to‘siqlarni ochib qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan. Ba’zi joylar ochib ham qo‘yilgan edi, ammo tadbirkor uni qayta tiklab, hududga kirishni har tomonlama cheklab, nima qilgan bo‘lsa, qanday huquqbuzarlik bo‘lsa, shuning ichida qilgan”, – dedi Dehqonov.

Ekologiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Islom Boqijonovning aytishicha, Toshkent shahrining o‘zida mana shunday ustunlar bilan o‘ralgan qurilish obektlarining soni 700 ga yaqinni tashkil qiladi.

Islom Boqijonov

“Tadbirkorning bu tarzda hududni o‘rab olishi noqonuniy, qonunning hech yerida qurilish obektining atrofi 6-7 metrli ustun bilan o‘rab olinishi yozilmagan. Endi iloji bo‘lsa, qurilish obektini 2 metrga yetmaydigan ustunlar bilan o‘rab chiqish bo‘yicha normativ ishlab chiqishimiz kerak. O‘shanda ichkaridagi daraxtning yashayotgani, kasallanayotgani yoki sug‘orish ishlari qanday ketayotganini bila olamiz.

Bu – Chilonzor tumanida bo‘layotgan ikkinchi holat. Qurilish sohasida muammolarimiz borligi chiqib kelyapti. Loyihalashtirishlari puxta bo‘lmagan, bunda Ekologiya qo‘mitasidan ruxsat olmasdan, tegishli xulosalar olib, kelishmagani uchun ish boshlab yuborishyapti. Hozir buning ham hech qanday xulosasi yo‘q, loyihasi yo‘q”, – deydi u.

Ma’lum bo‘lishicha, tadbirkor bu yerni 2020 yil 3 sentabr sanasida olgan va 2 yilgacha hududda qurilish qilinmasa, avtomatik ravishda bu yer davlat zaxirasiga o‘tishi belgilangan.

Uchtepa: Bu joyni bog‘ qilish bo‘yicha loyihalar bo‘lgan...

Shundan keyin faollar va ekologlar bilan Uchtepa tumanidagi Lutfiy va Katta Xirmontepa ko‘chalarining kesishmasi (“Vatan” kinoteatri), sobiq tramvay deposi o‘rnidagi qurilish joyiga bordik. U yer ham Chilonzordagi kabi o‘rab olingan, tadbirkor hech qanday ruxsatsiz 42 tup daraxtni joyidan ko‘chirib, ularning qurishiga sababchi bo‘lgan. Yetkazilgan zarar qiymati 425 mln 100 ming so‘mga baholandi.

1 gektarlik maydon hududi “Goroda Stroy” MChJga 2020 yil 21 fevralda Toshkent shahar hokimi qarori bilan zaxiralash va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun berilgan.

Ekoqo‘mita tomonidan hududdagi holat o‘rganilganda 42 tup daraxt qurib qolgani aniqlangan. Shundan 27 tup daraxt (chinor, shumtol, safora, archa) ko‘chirib o‘tkazilgani oqibatida, 4 ta terak esa qarovsizlik oqibatida qurib qolgan. Birinchi xatlovda bor bo‘lgan yana 11 ta daraxt (9 tup chinor, 2 tup archa) esa hozir mavjud emas.

Uchtepa tumani hokimiyatidan kelgan vakilning aytishicha, quruvchi korxonada hatto egalik huquqi ham yo‘q, yer hozircha zaxiralangan. Ammo shunga qaramay, hudud noqonuniy ravishda o‘rab olingan. Bunga nisbatan esa hech kim chora ko‘rmagan.

Ekologiya qo‘mitasining bildirishicha, Toshkent shahri bo‘yicha o‘rtacha 5 mingdan ortiq daraxtlar yo‘q qilinish xavfi ostida turibdi. Daraxtlar joylashgan hududlar xuddi shunday o‘rab olingan.

Xalq deputatlar kengashining Uchtepa tumani deputati Nuriddin Zayniddinovning ta’kidlashicha, boshida bu yerga bog‘, turli ko‘chma do‘konlar va o‘yingoh qurilishi rejalashtirilgan.

Nuriddin Zayniddinov

“Hatto bu bo‘yicha tuman hokimiyatining videoroligi ham e’lon qilinib, keyin darhol o‘chirilgan. Bir yarim yil oldin bu yerda juda ko‘plab daraxtlar bor edi. O‘sha vaqtda bizga daraxtlarning birortasiga zarar yetmasligini va’da qilishgan edi. Hozir ko‘rib turibmizki, daraxtlarni ko‘chirish bahonasida ularni nobud qilishgan. Biz haq bo‘lib chiqdik. Men tumanning ham, shahar hokimiyatining ham pozitsiyasini tushunmayapman. Bu yerda bog‘ barpo qilinishini aytishgandi. Keyin qandaydir investitsion loyihalar, shahar hokimining qarori chiqib kelyapti. Uning ortidan hudud o‘ralib, daraxtlar nobud qilindi.

Hech kim ko‘rmadimi, bilmadimi buni?! Biz 1 yarim yildan beri bong urib kelamiz. Lekin shu vaqtgacha hech qanday chora ko‘rilgani yo‘q.

Bizga kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, bu yerda manfaatdor tomonlar ham bor mansabdorlar orasida”, – dedi Nuriddin Zayniddinov.

Yetkazilgan zarar bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ish shahar prokuraturasiga oshirilgan.

Dilshoda Shomirzayeva,
Javohir G‘ayratov, Kun.uz

Mavzuga oid