O‘zbekiston | 15:22 / 15.09.2022
7659
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev hamkorlikni kengaytirish masalasini muhokama qildi

O‘zbekiston va Ozarboyjon prezidentlari amaliy hamkorlikni kengaytirish borasidagi vazifalar ijrosini muhokama qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 sentabr kuni faxriy mehmon sifatida Shanhay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun mamlakatda bo‘lib turgan Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Shavkat Mirziyoyev mehmonni Samarqandga tashrifi bilan qutlab, O‘zbekiston qadriyatlari va ma’naviy-madaniy merosi mushtarak bo‘lgan birodar ozarboyjon xalqi bilan do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini yuksak qadrlashini ta’kidladi. Ozarboyjon yetakchisi davlat rahbariga taklif va qabul uchun minnatdorlik bildirib, strategik sheriklik munosabatlari yuksak darajaga chiqqanini qayd etdi.

Joriy yil strategik sheriklikni mustahkamlashda tarixiy davr bo‘lgani ta’kidlandi. Ozarboyjon prezidenti davlat tashrifi yakunlari barcha darajalardagi muloqotni mustahkamlashga xizmat qildi va amaliy hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishladi. Parlamentlararo hamkorlik rivojlanayotgani, savdo hajmi oshayotgani, energetika, avtomobilsozlik, qishloq xo‘jaligi, paxtachilik va ipakchilikda qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani yuqori baholandi.

Prezidentlar madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash muhimligini ko‘rsatib o‘tdi. Avgust oyi oxirida ikki mamlakat madaniyat va fan arboblari O‘zbekiston va Ozarboyjon yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘ldi.

Uchrashuvda O‘zbekiston-Ozarboyjon strategik sheriklik va amaliy hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash asosiy vazifalari batafsil ko‘rib chiqildi va bu boradagi kelgusi vazifalar belgilab olindi. Bo‘lajak tadbirlar rejasi, Samarqanddagi Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti kun tartibi kelishib olindi.

Mavzuga oid