O‘zbekiston | 11:51 / 16.09.2022
9000
2 daqiqa o‘qiladi

ShHT sammiti doirasida “O‘zkimyosanoat” AJ hamda Xitoyning “CC7” kompaniyasi o‘rtasida umumiy qiymati 8 milliard dollardan ortiq bo‘lgan kelishuvlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi

Foto: O‘zkimyosanoat

Samarqand shahri mezbonlik qilayotgan ShHT sammiti doirasida “O‘zkimyosanoat” AJ hamda Xitoyning “China National Chemical Engineering & Construction Corporation Seven, LTD” kompaniyasi o‘rtasida umumiy qiymati 8 milliard AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan yirik investitsiya loyihalarini hamkorlikda amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Kelishuvda ko‘zda tutilgan loyihalar biologik parchalanadigan polimerlar, ammiak va karbamid kabi jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish, shuningdek, MTO texnologiyasi asosida metanoldan olefin va MTP texnologiyasi asosida polipropilenni yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni tashkil etishdan iborat.

Foto: O‘zkimyosanoat

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar loyihalarni ishlab chiqish jarayonini zudlik bilan boshlash uchun ishchi guruh shakllantirish, shu bilan birga, Xitoy kompaniyasi tomonidan asosiy vazifalarni muhokama qilish va amaliy harakatlar rejasini ishlab chiqish uchun texnik mutaxassislarning O‘zbekistonga tashrifi tashkillashtirilishiga kelishib oldi.

Shuningdek, “China National Chemical Engineering & Construction Corporation Seven, LTD” AJ va tizim korxonalarining ishlab chiqarish hamda ma’muriy binolari tomlariga zamonaviy quyosh panellarini o‘rnatish loyihalarini birgalikda amalga oshirish bo‘yicha ham qiziqish bildirdi.

Hamkorlikda amalga oshiriladigan ushbu istiqbolli loyihalar O‘zbekiston iqtisodiyoti yanada yuksalishiga hissa qo‘shishi, import o‘rnini bosish bilan bir qatorda, eksport salohiyatini oshirishda muhim strategik ahamiyatga ega ekani, qolaversa, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamda diplomatik munosabatlar rivojiga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi. 

“O‘zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati

Mavzuga oid