19:00 / 17.09.2022
8884

10 dan ortiq memorandumlari, kinoloyihalar, mahorat darslari va namoyishlar: XIV Toshkent xalqaro kinofestivali qanday o‘tkazilmoqda?

Foto: Ipak yo‘li durdonasi

Poytaxtda «Ipak yo‘li durdonasi» XIV Toshkent xalqaro kinofestivali tadbirlari davom etmoqda. Unda dunyoning 40 ta davlatidan 500 nafardan ortiq kinoijodkorlar ishtirok etmoqda.

O‘tayotgan har bir kun yorqin voqealarga boy. Shunday qilib, kinofestivalning uchinchi kuni 20 dan ortiq ma’ruzachilar ishtirokida 15 ga yaqin mahorat darslari, 10 dan ortiq memorandumlar imzolanishi, Butunjahon kino kunlarining ochilishi, shuningdek, «O‘zbekfilm» kinokonsernining eng yangi panoramali paviloni taqdimoti bilan esda qolarli bo‘ldi.

 

Hamkorlikda ishlab chiqarish kinematografiya rivojida muhim rol o‘ynaydi

 Kinofestivalning uchinchi kuni «O‘zbekiston kuni» ning ochilish marosimi bilan boshlandi. Uning doirasida Hindiston, Turkiya, Tojikiston, Rossiya va Isroil bilan hamkorlikda filmlar yaratish bo‘yicha memorandumlar imzolandi. Shu munosabat bilan Kinematografiya agentligi pavilonining kichik zalida xorijiy mamlakatlar vakillari o‘z filmlarining synopsis va tizer'larini tomoshabinlarga taqdim etdi. Ushbu qo‘shma loyiha jahon kinoyulduzlari tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi. Shunday qilib, Lyuk Besson va Armand Assante «Jomi va Navoiy» o‘zbek-tojik filmini yaratishda ishtirok etadi.

«Loyihada qatnashganimdan juda xursand ekanligimning ikkita sababi bor. Birinchidan, uning ijodkorlari oldida biz ikki davlat, ikki xalq timsolini ko‘ramiz, ular bizga qanday qilib birgalikda ishlashimiz, bir-birimizni sevib, hurmat qilishimiz haqida hikoya qiladilar. Men bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlayman. Va umid qilamanki, butun dunyo bu xabarni eshitadi, chunki hozirgi kunda ko‘p mamlakatlar bir-birini eshita olishmayapti. Ikkinchidan, urushni to‘xtatgan ikki buyuk shoirning hikoyasi meni o‘ziga jalb qildi. San’at ahli bunga qodir bo‘lishi juda ajoyib, biz barchamiz she’rlarimiz, filmlarimiz, musiqalarimiz bilan dunyoni mustahkamlashni orzu qilamiz,» – dedi Lyuk Besson.

Yoshlar mutaxassislardan saboq olishadi

Shuningdek shu kuni, ta’lim dasturiga ham start berildi. Uning doirasida jahon kinoyulduzlari bilan uchrashuvlar, savol-javoblar, mahorat darslari o‘tkazildi. Yoshlarga kino tilini shakllantirishning o‘ziga xos jihatlari haqida so‘zlab berildi, rejissyor va prodyuser Timur Bekmambetov ishtirokida animatsion panel o‘tkazildi. Kinofestival hakamlar hay’ati a’zosi Gabriyel Kelli tomonidan dramaturgiya bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazildi. BDKI, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomchilik va dizayn instituti va O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat instituti talabalari uchun film yaratish va uning konsepsiyasini rivojlantirish, kino sohasida xalqaro targ‘ibot bilan shug‘ullanish bo‘yicha mahorat darslari esa Qozog‘iston Davlat milliy kino markazi NAJ xalqaro yo‘nalishi boshlig‘i Asel Iris tomonidan o‘tkazildi:

- «Avvalo, men o‘quvchilarga kasb tanlashda mas’uliyatni his qilish va inson o‘z tanlovidan ko‘proq zavq olishi kerakligini yetkazib bermoqchi bo‘ldim. Mahorat darsida biz filmning muvaffaqiyati kimga bog‘liqligi haqida suhbatlashdik. Talabalarga agar yaxshi film muvaffaqiyatli chiqsa, doim rejissyor mashhur bo‘ladi, agar kamchiliklari bo‘lsa va film omadsiz chiqsa, prodyuser aybdor bo‘lib qolishini va shuning uchun har bir filmning yaratilishiga o‘ta mas’uliyat bilan yondashish kerak ekanligini tushuntirdim», — dedi Asel Iris.

Ta’lim dasturi doirasida jami 15 dan ortiq tadbirlar o‘tkazildi, ularda 500 dan ortiq kishi ishtirok etdi.

Kino — odamlarni birlashtirishning eng yaxshi usuli

Kunning eng muhim voqeasi esa har bir davlat o‘z filmlari bilan ishtirok etgan «Jahon kinosi kunlari»ning ochilishi bo‘ldi. Masalan, tomoshabinlar «Kun soyasi» (Italiya), «Yuragingiz ritmga mos raqs tushmoqda» (Germaniya), «Kassiopiya» (Janubiy Koreya), «Sevgi hayoti» (Turkiya), «Sevgi qo‘shiqlari» (Polsha), «Bu yangi dunyo» (Fransiya) kabi filmlarni tomosha qilishlari mumkin bo‘ladi.

«Bu mening O‘zbekistonga birinchi tashrifim. Kinofestivalda ishtirok etish, boshqa tomoshabinlar bilan tanishish men uchun barcha mamlakatlarda bir-biridan farq qiladigan hujjatli filmlar bilan bog‘liq barcha masalalarni o‘rganish uchun noyob imkoniyatdir. O‘zbekistonning hujjatli kinematografiyasi jamoatchilik uchun, mahalliy yosh kinoijodkorlar uchun qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanligiga guvoh bo‘lyapman», - dedi rejissyor Samuel Aubin.

Kinofestival hakamlar hay’atining yana bir a’zosi, polshalik rejissyor Tomas Xabovski ham O‘zbekistonga qaytish va biror-bir qo‘shma loyihada ishtirok etish rejalari haqida gapirib berdi:

- «Sevgi qo‘shiqlari» – mening birinchi badiiy filmim. Bu sevgi, xiyonat va iste’dod haqidagi hikoya. Men kinofestivalda birinchi marta qatnashyapman. O‘zbek xalqining mehmondo‘stligidan hayratda qoldim. Qalbim g‘urur va baxt tuyg‘usiga to‘lib toshdi. Polshaga qaytganimda, albatta, yaqinlarimga O‘zbekiston haqida, bu yer naqadar go‘zal va iliq ekanligi haqida gapirib beraman. Men bu yerga qaytib kelishni va qo‘shma loyihalarda ishtirok etishni juda istayman”.

«Eron kinosi kunlari»da mehr-muhabbat, do‘stlik, mehr-oqibat va izlanuvchi o‘smirlar haqida hikoya qiluvchi «Dengiz o‘g‘lonlari» filmi uchun o‘zbek tilida professional dublyaj tayyorlanib, u tomoshabinlarga juda manzur bo‘ldi.

«Sevgi hayoti» filmini olib kelgan «Turkiya kinosi kunlari»ning ochilishi jamoatchilik orasida katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Ochilishda Burak O‘zchivit, Nurgul Yashilchoy kabi taniqli aktyorlar ishtirok etgani esa ajoyib sovg‘a bo‘ldi. O‘zbek tomoshabinlari ularning kelishini orziqib kutishayotgan edi. O‘z navbatida Burak va Nurgul yig‘ilganlar bilan zavqlanib suhbatlashdi, ularning savollariga javob berib, esdalik suratlarga tushdi.

XIV Toshkent xalqaro kinofestivali o‘z ishini davom ettirmoqda. Mehmonlar jahon filmlarini namoyish qilish uchun respublikamizning turli hududlariga yo‘l olishgan.

Poytaxtda «Ipak yo‘li durdonasi» XIV Toshkent xalqaro kinofestivali tadbirlari davom etmoqda. Unda dunyoning 40 ta davlatidan 500 nafardan ortiq kinoijodkorlar ishtirok etmoqda (reklama huquqi asosida).

Mavzuga oid
Top