U mineralni Yerga olib kelgan kosmik kemaning sharafiga chan’ezit-(Y) deb nomlandi. «Chan’e-5» kosmik apparati esa Xitoy oy ma’budasi sharafiga nomlangan.
Olimlar yangi mineralni «Chan’e-5» tomonidan 2020 yil oxirida Oydagi Bo‘ronlar okeanidan Yerga yetkazilgan tuproq namunasidan topishgan. BRIUG 1,7 kg vaznga ega ushbu regolitdan tadqiqot uchun juda oz qismini – atigi bir necha o‘n milligrammini olishga erishgan.
Tadqiqot guruhi a’zolari ikki oy davomida 50 milligrammlik namunadan topilgan 140 mingta mikroskopik zarrachalarni saralab, ko‘zdan kechirishdi.
Tadqiqotchilar tomonidan topilgan mineral 10x7x4 mikrometr o‘lchamli kristalldir (ya’ni uning o‘lchami millimetrning yuzdan bir qismiga teng).
Kichik bo‘lishiga qaramay, olimlar kristallning atom tarkibini aniqlashgan va yangi turdagi minerallar vakili bo‘lishi mumkinligini isbotlagan. «Sinhua» xabarida kristallning elektron mikroskop yordamida olingan fotosurati keltirilgan.

Yangi mineral kashfiyoti hali tasdiqlanmadi
1970-yillar o‘rtalarida Amerikaning Apollo va sovetlar ittifoqining «Luna» dasturi doirasida Yerga keltirilgan Oy tuprog‘i namunalarining ko‘p yillik tadqiqotlardan so‘ng, olimlar 90 ga yaqin minerallarni aniqlagan edi. Biroq, ularning ko‘pchiligini identifikatsiya qilish jarayonida allaqachon Yerda ham bor ekani ma’lum bo‘lgan. Shu sababli ularni «faqat Oyga tegishli» deb atash mumkin emas.
Dastlab, faqat uchta istisno mavjud edi: piroksferroit silikati va trankvilitiit (Osoyishtalik dengizi nomi bilan atalgan), shuningdek, armolkolit (kosmonavtlar Nil Armstrong, Bazz Oldrin va Maykl Kollinz ismining birinchi harflari bilan atalgan oksid). Biroq, vaqt o‘tishi bilan, «faqat Oyga tegishli» deb hisoblangan bu minerallar Yerda ham bor ekani aniqlandi, ulardan eng oxirgisi 2012 yilda topilgan trankvilitiit edi.
«Sinhua» agentligining xabar berishicha, chan’ezit minerali allaqachon Xalqaro mineralogiya assotsiatsiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan va Nomenklatura va tasniflash komissiyasi tomonidan yangi minerallar ro‘yxatiga kiritilgan.
Biroq, tasnifning 14 sentabr kuni e’lon qilingan yangi ro‘yxatida ushbu mineral haqida ma’lumot yo‘q. Shuningdek, turli ilmiy nashrlar bazalarida, jumladan, minerallarning eng yirik mindat.org bazasida ham yangi mineral haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Shunga ko‘ra, mineralning kimyoviy va izotopik tarkibi, kristall panjarasi va boshqa mineralogik ko‘rsatkichlari haqida qo‘shimcha ma’lumotlar hali mavjud emas.








