Jahon | 09:17 / 05.05.2026
4131
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda feyyerverk zavodida yuz bergan portlashda o‘nlab odamlar halok bo‘ldi

21 kishi halok bo‘lgani, 61 kishi jarohatlangani ta’kidlanmoqda.

Foto: AP

Xitoyning Xunan provinsiyasida mushaklar ishlab chiqaruvchi zavodda ro‘y bergan portlash oqibatida 20 dan ortiq kishi halok bo‘ldi va 60 dan ortiq kishi jabrlandi, deb xabar bermoqda davlat nashrlari.

«Xuashen» zavodida ro‘y bergan portlash dushanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 16:40 da, Lyuyan shahrida ro‘y bergan.

Rasmiylar voqea joyiga qidiruv-qutqaruv ishlari va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish uchun 1,5 ming kishini yuborgan. To‘silib qolgan binolarda qidiruv ishlari uchun robotlardan foydalanilmoqda. Ular xarobalar ostida qolib ketgan yetti kishini qutqarishga muvaffaq bo‘ldi.

Rasmiylarga ko‘ra, zavod hududidagi porox saqlanuvchi ikkita omborxona qutqaruv ishlari vaqtida yuqori xavf manbayi bo‘lib turgan.

Qutqaruvchilar zavoddan uch kilometr radiusda bo‘lgan barchani evakuatsiya qilishgan.

CCTV telekompaniyasi reportajida aytilishicha, portlash oqibatida 26 kishi halok bo‘lib, yana 61 kishi jabrlangan.

Telekanal qayd etishicha, jabrlanuvchilarning yoshi 20 dan 60 gacha, ularning ayrimlari oskolkali jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Portlash shu qadar kuchli ediki, zavod yaqinidagi turar joy binolarining derazalari sinib ketgan, deya xabar beradi CCTV muxbiri voqea joyidan qilingan reportajida.

Zavoddan taxminan bir kilometr uzoqlikda yashovchi ayolning Beijing News nashriga aytishicha, endi odamlar yo‘lni aylanib o‘tishga majbur bo‘lmoqda.

«Uylarimizdagi oynalar singan, alyuminiy romlar deformatsiyaga uchragan, hatto zanglamaydigan po‘latdan yasalgan eshiklar ham ag‘darilgan», – dedi u.

Boshqa bir ayol esa hududda qolishdan qo‘rqqani uchun u yerni tark etganini aytadi.

Xitoy raisi Si Jinping fojiadan so‘ng rasmiylarga asosiy tarmoqlarda xavf-xatarlarni tekshirish va xavfni nazorat qilishni kuchaytirish, jamoat xavfsizligini boshqarishni yaxshilash, odamlar hayoti va mol-mulki xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha topshiriq bergan. U shuningdek aybdorlarni javobgarlikka tortishga chaqirgan.

OAV ma’lumotiga ko‘ra, holat yuzasidan zavodda mushak ishlab chiqarishga mas’ul bo‘lgan bir kishiga nisbatan ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Lyuyan shahri mushakbozlik bilan mashhur bo‘lib, OAV xabarlarida u dunyodagi eng yirik pirotexnika ishlab chiqaruvchisi sifatida tilga olinadi.

Xitoyda zavodlar va mushak do‘konlarida portlashlar tez-tez sodir bo‘lib turadi va ko‘pincha o‘limga olib keladi. Fevral oyida Xubey provinsiyasidagi mushak do‘koni portlashi oqibatida 12 kishi halok bo‘lgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid