Jahon | 18:57 / 19.09.2022
53070
11 daqiqa o‘qiladi

«Ohangning o‘zgarishi». OAV va ekspertlar Putinning ShHT sammitidagi uchrashuvlari haqida

U endi kuttirmayapti, balki uni kuttirishmoqda.

Foto: EPA

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Samarqandda bo‘lib o‘tgan Shanhay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) sammitida ishtirok etdi va Rossiyaning ushbu tashkilotdagi eng yirik hamkorlari Xitoy va Hindiston rahbarlari bilan uchrashdi. Ikkala uchrashuvda ham Ukrainadagi urush tilga olindi, Putin Xitoyning bu boradagi xavotirini tan oldi, Hindiston rahbari Narendra Modi esa Kremlning harakatlarini ochiqchasiga tanqid qildi.

G‘arb ommaviy axborot vositalari Shanhay Hamkorlik Tashkilotini ko‘pincha G‘arb bloklari – birinchi navbatda, NATO va Yevropa Ittifoqiga qarshi tuzilma sifatida tasavvur qilishadi. Rossiya rahbari ShHT davlatlari rahbarlarini o‘ziga va Rossiyaning harakatlariga moyil bo‘lgan sheriklar sifatida ko‘radi. Darhaqiqat, G‘arb bosimiga qaramay, blokning eng yirik davlatlari Hindiston va Xitoy yaqin vaqtgacha Rossiyaning Ukrainaga tajovuzini ochiqdan ochiq qoralamagan edi. Biroq, so‘nggi sammitda bu pozitsiya o‘zgarib borayotganining alomatlari paydo bo‘ldi.

Putin avval hammani kuttirardi, endi esa o‘zi kutdi (hatto bir necha marta)

O‘zgarishlar hatto sammitning «xoreografiyasi»da ham sezildi. Birinchidan, Putin muzokaralar paytida boshqa davlat rahbarlarini kuttirib qo‘ymadi. Odatda, oldin hamma uni kutib turardi. Masalan, bir paytlar Rim Papasi bilan bo‘lgan uchrashuvga Putin 45 daqiqa kechikib bordi. Bu safar esa uning o‘zi boshqalarni kutishga majbur bo‘ldi.

«Putin sammitda o‘ziga xos ustunlik aurasiga ega emas edi, buni kuzatuvchilar payqashdi. Payshanba kuni u Qirg‘iziston prezidentini kutib turishga majbur bo‘ldi. Keyin esa Turkiya prezidenti Rajab Erdo‘g‘an ham Putinni bir necha daqiqa kameralar oldida yolg‘iz qoldirdi», deb yozdi Britaniyaning Daily Telegraph nashri.

Ko‘pchilik buni payqadi. Rossiya prezidenti Rajab Erdo‘g‘anni 45 soniya kutib turdi. O‘z nutqida esa uni «bosh vazir» deb atadi. Bundan tashqari, Putin nafaqat Turkiya va Qirg‘iziston, balki Hindiston va Ozarboyjon rahbarlarini ham kameralar qarshisida kutib turdi.

Erdo‘g‘an uni qo‘ltig‘idan ushlab oldi

ShHT sammitidan olingan videolavhalarda Erdo‘g‘an Putinni qo‘ltiqlab borayotgani ko‘zga tashlandi. Ijtimoiy tarmoqlarda buni Rossiya prezidentining sog‘lig‘ida muammolar borligi bilan izohlashdi. Bu haqda matbuotda ham xabarlar tarqalib turgan, ammo Kreml ularni inkor qilib kelgan.

Si Jinping Putin bilan niqobsiz muloqot qildi

ShHT sammiti Xitoy rahbari uchun pandemiya boshlanganidan buyon ilk xorij safari edi. Si Samarqandga kelishdan oldin bir necha soat Qozog‘istonda bo‘ldi.

Xitoy rahbari boshqa davlat rahbarlari bilan kechki ovqatda ishtirok etmadi. Bu «kovid bilan bog‘liq cheklovlar» tufayli ekani aytildi.

Si Putin bilan tibbiy niqobsiz muloqot qildi. Ammo Aleksandr Lukashenko bilan muloqotda har ikkala davlat rahbari niqobda bo‘ldi. Xitoy tomoni buni Belarus rahbaridan iltimos qilgani aytildi. Avvalroq Lukashenko tibbiy niqobni «tumshuqbog‘» degan edi.

«Galstuksiz» uchrashuvda Xitoy va Hindiston rahbari ishtirok etmadi

Yana bir muhim «xoreografik» lahza – payshanba kuni tashkil etilgan «galstuksiz» uchrashuvida Xitoy va Hindiston rahbarlarining ishtirok etmagani bo‘ldi.

Foto: ANADOLU AGENCY

The Washington Post gazetasiga ko‘ra, Putinning ShHT sammitida dunyo yetakchilari bilan uchrashuvi «rossiyaliklarga [Kremlga] uning jahon sahnasida hamon muhim rol bajarayotgani haqida foydali signal beradi». «Ammo, Putin kechki ovqatda qatnashib, jamoaviy suratga tushgan bo‘lsa, Si Jinping kechki ovqatdan ham, fotosuratdan ham voz kechishga qaror qildi», deya e’tibor qaratadi nashr.

Putinning Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashuvida qarama-qarshiliklar yaqqol ko‘zga tashlandi. Modi yig‘ilishni «demokratiya, diplomatiya va tinchlik» zarur ekani haqidagi nutqi bilan ochdi va «tinchlik yo‘lidagi harakatlarni muhokama qilish» imkoniyatini olqishladi. Rossiya prezidenti bilan muloqotda Modi ochiqchasiga «hozir urushlar davri emas», deb aytdi.

Foto: EPA

«Ukrainadagi mojaro bo‘yicha pozitsiyangiz, shuningdek, doim ta’kidlab kelayotgan xavotirlaringizdan xabarim bor. Biz buni imkon qadar tezroq to‘xtatish uchun hamma narsani qilamiz. Afsuski, qarama-qarshi tomon, Ukraina rahbariyati muzokara jarayonidan bosh tortdi va o‘z maqsadlariga harbiy yo‘l bilan erishmoqchi ekanini, ularning so‘zlariga ko‘ra, jang maydonida hal qilmoqchi ekanini aytmoqda», dedi Putin.

Hindiston: ohangning o‘zgarishi

Putinning Si va Modi bilan uchrashuvini AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakili Jon Kirbi shunday izohladi: «Hindiston va Xitoy rahbarlarining so‘zlari shuni anglatadiki, janob Putin o‘ziga hamdard bo‘ladigan ko‘p sonli suhbatdoshlarni topa olmayapti».

Modining to‘g‘ridan to‘g‘ri va ommaviy tanqidi sharhlovchilarning e’tiborini tortdi. Ayrimlar uning pozitsiyasini Hindiston nafaqat ShHT, balki Avstraliya, AQSh va Yaponiya bilan birga xavfsizlik bo‘yicha To‘rt tomonlama muloqotda ekanligi bilan izohlamoqda. Ushbu blok «Sharqiy NATO» deb ataladi.

«Albatta, bu ohangning jiddiy o‘zgarishi. Ohang unchalik keskin emas, ammo bu so‘zlar albatta tanqidni anglatadi», deydi Dehlidagi Ananta Aspen tahlil markazi eksperti Indrani Bagchi Financial Times gazetasiga bergan intervyusida.

Brukings institutining (AQSh) hindistonlik eksperti Tanvi Madanning so‘zlariga ko‘ra, Modining ishorasi samimiy edi. Uning maqsadi G‘arb hamkorlarini yoki Hind-Yevropa mintaqasi davlatlarini tinchlantirish emas edi. Modi haqiqatan ham Rossiyaning xatti-harakatlari va uning oqibatlaridan g‘azablangan va «odamlar go‘yo bu xatti-harakatlarni qo‘llab-quvvatlayapti deb o‘ylashini istamagan».

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri, Hindiston G‘arb hamkorlari, xususan, AQSh (so‘nggi yillarda u bilan ancha yaqin bo‘lib olgan), Rossiya va Xitoy o‘rtasida ehtiyotkorlik bilan muvozanatni saqlashga majbur bo‘lmoqda, deb hisoblaydi Madan.

Rossiyaning Ukrainadagi urushi Hindistonning qator strategik maqsadlariga ta’sir qilib, qurol-yarog‘ va oziq-ovqat ta’minoti zanjirlariga qo‘shimcha bosimni yuzaga keltirdi va hindlar fikriga ko‘ra, xalqaro hamjamiyatni Xitoyga e’tibor qaratishdan chalg‘itdi, deb qo‘shimcha qiladi ekspert. Shu bilan birga, Rossiya Hindistonning eng yirik qurol yetkazib beruvchi hamkori bo‘lib qolmoqda

Xitoyning «savollari va xavotirlari»

Putin ShHT sammitining birinchi kunida Xitoy rahbari Si Jinping bilan uchrashgandi. Bu ikki davlat rahbarining Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinni boshlaganidan beri birinchi uchrashuvi bo‘ldi.

Kuzatuvchilarni birinchi navbatda, Rossiya prezidentining Xitoyning Ukraina mojarosi bo‘yicha «savollari va xavotirlari» borligini oshkora tan olgani qiziqtirdi. Avvalroq Xitoy xalqaro maydonda Rossiya tajovuzkorligini tanqid qilishdan tiyilgan, Putin buni tan olib, Si Jinpingga «vazmin pozitsiyasi» uchun minnatdorchilik bildirgandi.

Foto: Reuters

«Biz xitoylik do‘stlarning Ukraina inqirozi bilan bog‘liq vazmin pozitsiyasini yuqori baholaymiz, bu boradagi savollaringiz va xavotirlaringizni tushunamiz. Bugungi uchrashuvda, albatta, bu masala bo‘yicha pozitsiyamizni batafsil tushuntiraman, garchi bu haqda avval ham gapirgan bo‘lsak-da», dedi Putin.

«Samarqandda Rossiya prezidenti Xitoyning urush bo‘yicha «savollari va xavotirlari» borligini tan oldi va ularga javob qaytarishga va’da berdi, bu borada «tirishqoqlik bilan iltimos qiluvchi»ga o‘xshadi.

Xitoy rahbari ommaviy nutqida «notinch dunyoda barqarorlikni o‘rnatish bo‘yicha buyuk davlatning mas’uliyati borligi» haqida gapirdi va bu so‘zlarda yashirin tanqidni ko‘rish mumkin», deb yozdi Washington Post.

«Rossiya shuni tushunib turibdiki, har qanday yangicha dunyoviy tartibda muhim o‘yinchi bo‘lolmaydi. U xalqaro munosabatlar tizimida anarxist bo‘lishga umid qilmoqda. Boshqacha qilib aytganda, u xaos, tartibsizlik, «kulrang hududlar» va «qora dog‘lar»dan foyda oladi», deydi Avstraliyaning Rossiyadagi sobiq elchisi o‘rinbosari Bobo Lo.

«Agar AQSh yoki Xitoy boshchiligidagi yangicha dunyo tuzumini yoki ko‘pqutbli va qoidalarga asoslangan yoki shunga o‘xshash boshqa tuzumni tasavvur qilsak, Rossiyaning bunday muhitdagi ta’siri jiddiy ravishda kamayadi. Hozirgi global notinchlik Moskvani juda ham qoniqtiradi», deb hisoblaydi u.

«Putin sammitda Si Jinpingning «Sila Sibiri-2» gaz quvuri bo‘yicha shartnoma imzolashiga erisha olmadi. Bu Rossiya energiya siyosatining Xitoyga qaratilgan asosiy yo‘nalishlaridan biri edi. Bu voqea iflos va shafqatsiz urush davom etayotgan bir paytda Xitoyning Rossiyaga nisbatan ehtiyotkorlik bilan yo‘l tutayotganini anglatadi.

O‘tgan haftada Putin bu bitimning barcha tafsilotlari kelishilganini aytgan edi. Biroq, bu uchrashuv Rossiya-Xitoy munosabatlari pragmatik yo‘ldan borayotganini tasdiqladi. Xitoy o‘z manfaatlarini ko‘zlaydi, Rossiya esa xalqaro ta’sirini yo‘qotadi», deb xulosa qildi Washington Post.

Mavzuga oid