Bir necha kun avval ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyadagi «Vagner» xususiy harbiy tashkiloti rahbari Yevgeniy Prigojin mamlakatdagi qamoqxonalardan birida mahbuslarni Ukrainadagi urushga borishga chorlayotgani tasvirlangan video tarqalgan edi. Unda Prigojin mahbuslarga 6 oy davomida frontda jang qilgach, afv etilib, ozodlikka chiqishini aytgan.

Video internetda tarqalarkan, odamxo‘r, qotil va zo‘ravonlarning ozodlikka chiqishiga ko‘plab e’tirozlar bildirildi. Ko‘p o‘tmay «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi egasi bu bo‘yicha izoh berdi.

«Xususiy harbiy kompaniyada zeklar urishishini istamaganlar, o‘z farzandlaringni frontga jo‘natinglar. Yo ChVK va zeklar, yo bolalaringiz — o‘zlaring tanlanglar», — dedi “Putinning oshpazi” laqabi bilan tanilgan tadbirkor.

Ukrainaga qarshi urushda «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasiga yollanib ishtirok etishni istagan mahbuslarga to‘liq amunitsiya va qurol-yarog‘lardan tashqari, 6 oy davomida oyiga 100 ming rubl maosh va’da qilinmoqda.

Rossiya tomoni urushga shuningdek, Rossiyada ishlayotgan mehnat migrantlarini ham keng jalb qilib kelmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, ko‘plab migrantlar urushga yollangan taqdirda pul mukofotlari va fuqarolik va’dasi bilan chaqiruv xatlari olgan.

Kun.uz muxbiri ayni masalalar tahlili bo‘yicha Rossiyadagi mehnat migrantlari  huquqlari bilan shug‘ullanuvchi yurist Botirjon Shermuhammad bilan intervyu o‘tkazdi.

Kun.uz: –

Botirjon aka, siz Rossiyadagi mehnat migrantlari huquqlari bilan shug‘ullanuvchi yurissiz va yaxshi bilasizki, Ukrainadagi urushda ishlari tobora orqaga ketayotgan Rossiya endi o‘zidagi xorijiy migrantlarni va shuningdek, qamoqxonalardagi uzoq yilga qamalgan mahkumlarni urushga yollay boshladi.

Siz shu ishlardan bevosita xabardor kishi sifatida bugun Rossiyadagi va u yerdagi migrantlar, mahbuslarning vaziyatini tasvirlab berolasizmi?

Botirjon Shermuhammad: –

Rossiyadagi muhojirlarimiz bir necha million kishini tashkil qiladi. Ularning ayrimlari turli sabablarga ko‘ra qamoqxonalarda ham o‘tirishibdi. Afsuski, ularning sonini aniq bilmaymiz. 2017 yilgi ma’lumotga ko‘ra, 6300 dan ortiq o‘zbek migrantlari Rossiya qamoqxonalarida saqlanib kelingan. Bundan keyin ham migrantlar soni kamaymaganligini inobatga oladigan bo‘lsak, yo shuncha yoki undan ham ko‘proq o‘zbeklar qamoqxonalarda saqlanayotgan bo‘lishi mumkin. Afsuski, bu masalada hech bir rasmiy tashkilot tomonidan ma’lumotlar berilmayapti. Umumiy soni berilyapti, ammo davlatlar kesimida berilmayapti. O‘zbekiston elchixonasi yoki migratsiya agentligi tomonidan bu mahbuslarning nima sababdan qamalgani hali o‘rganilmagan va yordam berish masalalari hal qilinmagan.