Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Qirg‘iziston boshqalarning yeriga da’vo qilmaydi, lekin o‘z yerini hech kimga bermaydi» - Sadir Japarovning BMTdagi chiqishi
Sadir Japarov BMT Bosh assambleyasi 77-sessiyasida chiqish qilib, Qirg‘iziston tomoni boshqalarning yeriga da’vo qilmasligi, lekin hech kimga bir qarich ham yerini berib qo‘ymasligini ta’kidlab o‘tdi.
Quyida Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning nutqidan parchalar keltiriladi.
«Ushbu imkoniyatdan foydalanib, mana shu baland minbardan turib, mamlakatimizning janubiy sarhadlari — qirg‘iz-tojik chegarasida chigallashgan vaziyat bo‘yicha haqiqiy holatni jahon hamjamiyatiga so‘zlab bermoqchiman.
Avval tarixga qisqacha sayohat qilamiz.
1991 yilning dekabrida sovet ittifoqi tarqalgach, bahsli hududlar va chegara muammolari paydo bo‘ldi. Ularning ayrimlari bugungi kunga kelib ham tartibga solinmagan.
Agar sovet-xitoy chegarasining butun perimetri bo‘ylab yigirmadan ortiq bahsli hudud bo‘lgan bo‘lsa, Qirg‘izistonning o‘zida bunday joylar beshta edi.
Men jahon hamjamiyatiga Xitoy Xalq Respublikasi bilan chegaradagi tartibga solishlar 1996 yildayoq muvaffaqiyatli yakunlangani, 1999 yilda Qozog‘iston Respublikasi bilan uch mamlakat birlashgan nuqta masalasi hal qilinganini faxr bilan eslatmoqchiman.
Biz hozir O‘zbekiston Respublikasi bilan ham birgalikdagi ishlarimizni amalda to‘liq yakunlab, Davlat chegarasi haqidagi shartnomani imzolashga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz.
Sanab o‘tilgan uch qo‘shni davlat bilan chegaralar tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik chegaralariga aylanganini qayd etish men uchun yoqimli.
Tojikiston Respublikasi bilan munosabatlarga kelsak, quyidagilarni qayd etishni lozim deb topdim.

Bizning do‘stona xalqlarimiz azaldan yonma-yon yashab kelishmoqda. Bizni umumiy qadriyatlar, madaniyat, an’analar va urf-odatlar birlashtirib turadi, biz bitta dinga e’tiqod qilamiz. Xalqlarimiz qarindosh-urug‘chilik rishtalari bilan bog‘lanib ketgan. Bizning afsonaviy qahramonimiz bejizga tojik malikasi Kanikeyga uylanmagan.
Yana shuni eslatib o‘tmoqchimanki, sovet ittifoqining yuridik jihatdan tugatilishi 1991 yilning 21 dekabrida Qozog‘iston Respublikasining Almati shahrida ro‘y berdi. O‘shanda 11 ta mustaqil davlatlar rahbarlari «Mustaqil davlatlar hamdo‘stligini tuzish haqida»gi Almati deklaratsiyasini qabul qilishgan.
Deklaratsiyada mustaqil davlatlar bir-birining hududiy yaxlitligi va chegaralarining daxlsizligini tan oladi va hurmat qiladi, deya belgilangan.
Ular «Chuqur tarixiy ildizga ega bo‘lgan do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash xalqlarning azaliy manfaatlariga mos keladi, tinchlik va xavfsizlik yo‘lida xizmat qiladi», deb hisoblashgan.
Davlatlar «fuqarolar o‘rtasidagi totuvlik va millatlararo rozilikni saqlash uchun mas’ul»ligini anglaydi. Bu yuridik hujjat ostida MDHga a’zo 11 davlat prezidentlari, jumladan, Tojikiston Respublikasi rahbari ham imzo qo‘ygan.
MDHning 1994 yil 15 apreldagi «Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo davlatlarning suvereniteti, hududiy yaxlitligi va chegaralarining daxlsizligiga rioya qilish to‘g‘risida»gi Moskva deklaratsiyasida belgilangan mazkur prinsip Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon tomonidan ham tasdiqlangan.
U o‘z imzosini qo‘yib, mazkur hujjatga rozi ekanini tasdiqlagan. Biroq hozir u ushbu prinsipdan uzoqlashayotgani nihoyatda taassufli.
Imomali Rahmon 1998 yilda Tojikistonda qonli fuqarolar urushi tugagach, Qirg‘iziston Respublikasiga o‘zining ilk rasmiy tashrifini amalga oshirgan.
Keyinroq Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida ikki tomonlama davlatlararo shartnomalar imzolandi: 1996 yilning 12 iyulida Davlatlararo munosabatlarning asoslari to‘g‘risida shartnoma va 2004 yilning 26 mayida Yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik munosabatlari to‘g‘risida shartnoma.
Alohida qayd etmoqchimanki, har ikki shartnoma Dushanbe shahrida imzolangan.
Muhtaram janob rais.
Bizning ikki davlatlarimiz o‘rtasida chegaraga oid masalalarni tartibga solish borasidagi ishlarning avvalidan qirg‘iz tomoni o‘z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlar, jumladan ikki tomonlama shartnomalarga mos tarzda harakat qilib, muzokaralarni konstruktiv ohangda, o‘zaro manfaatli yon berishlarni taklif qilib harakat qilgan.

Qayd etmoqchimanki, 2021 yilning aprelida Tojikiston qurolli kuchlarining hududimizga keng miqyosli tajovuzi ro‘y berdi, natijada 36 nafar fuqaromiz halok bo‘ldi, katta moddiy zarar yetkazildi.
Mening keyingi qadamim ko‘pchilik uchun yoqimsiz va (neytral hududda uchrashishni talab qilgan) Qirg‘iziston xalqining tanqidiga sabab bo‘lgan esa-da, o‘tgan yilning iyunida men Dushanbe shahriga borib, prezident Imomali Rahmon bilan uchrashdim va o‘zaro maqbul yechimlar topishga harakat qildim.
Xalqim uchun men muzokaralarga nafaqat o‘tgan safargidek o‘n soat, balki shu muammoni hal qilish uchun istagancha vaqt sarflashga tayyorman.
Tabiiyki, bu yechim o‘zaro maqbul bo‘lishi shart.
Joriy yilning 14, 15 va 16 sentabr kunlari Qirg‘iziston janubida keng miqyosdagi jangovar to‘qnashuvlar sodir bo‘lganini e’lon qilish men uchun og‘riqli. Ilgari erishilgan kelishuvlarning barchasini buzib, tojik tomoni qirg‘iz-tojik chegarasining butun perimetri bo‘ylab chegara va fuqarolik obektlariga qurolli hujum uyushtirdi.
140 mingga yaqin fuqarolarimiz chegaraoldi aholi punktlaridan evakuatsiya qilindi. Ularga kerakli yordamlar ko‘rsatilmoqda.
Shu munosabat bilan BMT tizimi, do‘stlarimiz va hamkorlarimizga birdamlik va ma’naviy qo‘llov uchun samimiy minnatdorlik bildiraman.
Bizning fuqarolik va harbiy obektlarimiz: uylar, ma’muriy binolar, maktablar chegara zastavalariga katta moddiy zarar yetkazilgan.
Har qanday moddiy zararni tiklash mumkin.
Lekin o‘z jonini o‘ylamasdan yeri uchun jang qilib halok bo‘lgan jasur himoyachilarimiz, o‘qlar yomg‘iri ostida vafot etgan fuqarolarimizni qaytarib bo‘lmaydi.
Biz doim qahramon askarlarimizning jasoratini yodda tutamiz.
Tojikiston tomonidan qilingan bu besabab qurolli tajovuz bizni yanada ranjitadi, chunki mamlakatlarimiz orasida xalqaro shartnomalar va majburiyatlar imzolangan.
Pakta sunt servanda (Pacta sunt servanda) deyiladi lotincha matalda — «Shartnomalarga amal qilinishi kerak».
Biz tojik hamkorlarimiz bilan muzokara jarayonini davom ettirishga tayyormiz.
Har qanday formatda.
Qo‘shnilarimizning huquqqa zid so‘nggi harakatlari ortidan bizning ularga bo‘lgan ishonchimizga putur yetgan bo‘lsa-da, biz muzokaralarni o‘tkazish va BMT, YeXHT va KXShTda doirasidagi xalqaro vositachilikni davom ettirishga tayyormiz.
Bizda o‘tgan yillar davomida tojik tomonining huquqbuzarlik harakatlari hujjatlashtirilgan dalillar mavjud.
Biz hech qachon birinchi bo‘lib boshlamaganmiz. Doim qurol ishlatishdan qochganmiz, boz ustiga, hech qachon qurolsiz fuqarolarga qarata o‘t ochmaganmiz!
Doim biz javob berishimizga to‘g‘ri kelmoqda. Shu munosabat bilan quyidagilarni ta’kidlamoqchiman: qirg‘iz tomoni boshqalarning yeriga da’vo qilmaydi, lekin hech kimga bir qarich ham yerini berib qo‘ymaydi.
Chegaraga oid va maishiy masalalar muzokara stollarida yechilishi kerakligiga aminmiz, biz tomonimizdan bunga iroda va tayyorgarlik doim mavjud.
Bugungi kunda chegaraoldi hududlarida xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni qo‘llash, mahalliy aholi o‘rtasida tanglikni kuchaytirishga qaratilgan har qanday harakatlarga chek qo‘yish, ikki davlat o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash bugungi kunning eng muhim masalasi bo‘lib turibdi.
Biz chegara uchastkalarini aniqlashtirish va muzokaralarga har doim tayyormiz».
Mavzuga oid
08:45 / 09.06.2026
Ukraina Rossiyani BMTdan chiqish haqida o‘ylab ko‘rishga chaqirdi
08:15 / 08.06.2026
BMT kuchli El-Nino haqida ogohlantirdi
08:10 / 06.06.2026
Ukraina BMT Xavfsizlik kengashini favqulodda yig‘ilishga chaqirdi
12:20 / 04.06.2026