O‘zbekiston | 09:19 / 21.09.2022
3518
3 daqiqa o‘qiladi

Sud qarorlarini kassatsiya tartibida ko‘rish vakolati viloyat sudlariga o‘tkaziladi

Foto: Kun.uz

“Sud qarorlari qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Jinoyat-protsessual kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi.

Qonun loyihasida quyidagilar nazarda tutilmoqda:

  • qonuniy kuchga kirmagan sud qarorlari shikoyat (protest) asosida apellyatsiya tartibida, qonuniy kuchga kirgan sud qarorlari, agar ular apellyatsiya tartibida ko‘rilmagan bo‘lsa kassatsiya tartibida, apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan sud qarorlarini taftish tartibida ko‘rish;
  • apellyatsiya shikoyatini berish muddatini 20 kundan 10 kunga qisqartirish;
  • JPKni hukm, ajrimlar qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish umumiy shartlarini nazarda tutuvchi bob bilan to‘ldirish, bunda hukm, ajrimlar qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish turlari, shikoyat qilish va protest bildirish huquqi hamda talablari, ishlarni ko‘rish predmeti va doirasi hamda muddatlarini nazarda tutish;
  • qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini kassatsiya tartibida ko‘rib chiqish vakolatini viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarga o‘tkazish;
  • JPKni sud hukmi, ajrimi ustidan taftish tartibida shikoyat berishni (protest bildirish) nazarda tutuvchi bob bilan to‘ldirish, bunda ishlarni taftish tartibida ko‘rib chiqish institutini amaliyotga joriy qilish;
  • yuqori instansiya sudlari tomonidan quyi sudlar qarorini bekor qilgan holda ishni yangidan ko‘rish uchun quyi sudga yuborish amaliyotini tugatish.

Bildirilishicha, taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar orqali Oliy sudda ish hajmi sezilarli kamayishiga, Oliy sud sudyalari asosiy e’tiborini quyi sudlar uchun yagona sud amaliyotini shakllantirish, sudlar mas’uliyatini oshirib, ishlar sifatli va o‘z vaqtida ko‘rilishiga, sud qarorlarini qayta ko‘rishda viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar imkoniyatidan kengroq foydalanishga, fuqarolar shikoyat qilishga bo‘lgan huquqlari doirasi kengayishi hamda ular e’tirozi va sarsongarchiligi oldi olinishiga erishiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid