Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dam olish kunlari issiq havo saqlanib turadi, kelasi hafta boshidan salqin tushadi
Bugun va dam olish kunlari O‘zbekiston hududi katta qismida biroz shamol bilan quruq va iliq ob-havo saqlanib turadi. Harorat kechalari 13-18 daraja iliq, kunduz kunlari 30-35 daraja issiq atrofida bo‘ladi. Bu - sentabr oyi ushbu kunlari uchun o‘rtacha yillik harorat qiymatlaridan biroz yuqori.
“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, respublika shimoliy hududlariga 25 sentabr, yakshanba kuni Volgabo‘yi hududlaridan nam va salqin havo massasi kirib kelishi boshlanadi. Qoraqalpog‘istonda va kechga tomon Xorazm viloyatida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi, shamol 15-20 m/s gacha, ba’zida 21-23 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin. Qoraqalpog‘iston shimolida harorat pasayishni boshlaydi.
Keyingi hafta boshida nam va salqin havo massasi kirib kelishi O‘zbekistonning barcha hududiga tarqaladi. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol chang-to‘zonlar bilan 15-20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. Janub eng chekkasida va Farg‘ona vodiysida shamol kuchayishi 21-23 m/s ga yetishi mumkin.
Dushanba kuni Buxoro, Navoiy viloyatlarida, seshanba kuni tog‘oldi va tog‘li hududlarda yomg‘ir yog‘adi. 2500 metrdan yuqori bo‘lgan baland tog‘larda yomg‘ir qorga aylanadi. Dushanba kuni shimoliy viloyatlar bo‘yicha, seshanba kuni esa respublika barcha hududlari bo‘yicha salqinlashadi. Havo harorati kechalari 10-13 daraja iliqqacha, kunduz kunlari 22-25 daraja issiqqacha pasayadi.