O‘zbekiston | 10:42 / 23.09.2022
3846
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston fuqarolari Serbiyaga vaqtinchalik mehnat faoliyatiga jalb qilinadi

Serbiyada O‘zbekiston fuqarolari huquq va manfaatlari ta’minlanishini ko‘zda tutadigan hamkorlik memorandumi imzolandi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbari A.Ermatov va mamlakat Venadagi diplomatiya vakolatxonasi xodimidan iborat delegatsiya xizmat safari bilan Serbiyada bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

Serbiya Mehnat, bandlik va ijtimoiy masalalar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Serbiya qishloq xo‘jaligi, Xalqaro migratsiya tashkiloti, qurilish va mehmonxonalar assotsiatsiyalari va boshqa tashkilotlarda uchrashuvlar o‘tkazildi. Muloqot chog‘ida O‘zbekiston fuqarolarini tashkiliy ravishda Serbiyaga vaqtinchalik mehnat faoliyatiga jalb qilish istiqbollari hamda ularning Serbiyada huquq va manfaatlarini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Muhokamalar natijasi o‘laroq, MDS Advisory yuridik tashkiloti va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi o‘rtasida ma’lumot almashish va Serbiyaga vaqtinchalik mehnat faoliyatiga jalb etilgan O‘zbekiston fuqarolari huquq va manfaatlarini ta’minlashni ko‘zda tutadigan hamkorlik memorandumi imzolandi.

Kelajakda Serbiya savdo-sanoat palatasi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi o‘rtasida ma’lumot almashuvi va salohiyatli ish beruvchilarni tanlab olish masalasida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuv imzolash va O‘zbekiston fuqarolarini tashkiliy tarzda Serbiyaga vaqtinchalik mehnat faoliyatiga jalb qilish masalasida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Mercata VT, DIS, MK Group, Bit Evens tashkilotlari bilan kelishuvlarni imzolash rejalashtirildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid