Jahon | 08:36 / 26.09.2022
37171
7 daqiqa o‘qiladi

Dog‘iston va boshqa hududlardagi ayollar safarbarlikka qarshi namoyishga chiqdi. Asosiy ma’lumotlar

Yakshanba kuni Rossiyada Ukraina bilan urush uchun safarbarlikka qarshi norozilik namoyishlari davom etdi. Dog‘istonda odamlar shosseni to‘sishdi va «Urushga yo‘q» deya hayqirishdi, kuchishlatar tuzilmalar vakillari esa odamlarni tarqatish uchun avtomatdan havoga o‘t ochdi; Yoqutistonda yuzlab ayollar maydonda politsiyachilarni o‘rab oldi.

Foto: Videodan skrinshot

25 sentabr kuni Dog‘iston aholisi safarbarlikka qarshi bir necha norozilik aksiyasi uyushtirdi, eng yirigi poytaxt Mahachqal’ada bo‘lib o‘tdi. Mahalliy vaqt bilan soat 15:00 atrofida asosan ayollardan iborat bo‘lgan mahalliy aholi shahar markazida, Qo‘g‘irchoq teatri oldida yig‘ila boshlagan. «Utro Dagestan» telegram kanalida namoyishga chiqishga chaqiriqlar bo‘lgan, aksiyaga qadar bu kanalda 30 mingdan ortiq obunachi bo‘lgan. Dog‘istondagi «Chernovik» nashri xabariga ko‘ra, soat 16 atrofida aksiyaga 100 nafar atrofidagi odam kelgan: «Onalar va bolalari, turli avlod vakillari va yoshlar yig‘ildi». Guvohlar tarqatgan videolarga ko‘ra, Mahachqal’adagi namoyishlarda bir necha yuz kishi qatnashgan. Namoyishchilar «Urushga yo‘q!» («Net voyne!»), «Safarbarlikka yo‘q» («Net mobilizatsii») va «Bolalarimiz o‘g‘it emas!» («Nashi deti — ne udobreniye!») shiorlarini aytishgan.

Namoyishga chiqqan ayollar politsiyachilar bilan bahslashib, urushni Rossiya boshlaganini aytishgan. «Rossiya Ukrainaga hujum qildi. Biz ko‘r emasmiz», — deyishgan ular. Ayollar shuningdek politsiyachilardan namoyish o‘tkazishga xalal bermaslikni so‘rashgan. Ijtimoiy tarmoqda IIV xodimlaridan biri namoyishchilardan qochib borayotgani aks etgan video tarqaldi.

Politsiya Mahachqal’ada namoyishchilarga kuch ishlatib, ularni qo‘lga olgan. Bir qancha yigitlarni kaltaklashgan va IIB bo‘limiga olib ketishgan. Ikki politsiyachi namoyishchilardan birining ikki qo‘lidan ushlab turganida uchinchi politsiyachi kelib uning yuziga zarba bergan. Ayollarning ham bir qanchasi qo‘lga olingan, qolganlar esa ularni qaytarib olish uchun harakat qilishgan, jumladan, avtozaklarga olib kirilganlarning bir qanchasi chiqarib olingan, politsiyachilar ham kaltaklangan. Kechga tomon politsiyaning qo‘shimcha kuchlari va Rosgvardiya yetib kelgan.

Namoyishchilarning so‘zlariga ko‘ra, politsiyachilar elektroshokerlar va qalampirli ballonchiklar qo‘llashgan, havoga o‘q uzilgan. Bundan tashqari, aksiya vaqtida fuqarolik kiyimidagi erkak ham to‘pponchadan havoga o‘q uzgan (bu namoyishchi yoki fuqarolik kiyimidagi huquq-tartibot organi xodimi ekani aniq emas).

Huquq faollariga ko‘ra, qo‘lga olinganlar orasida yangi tug‘ilgan chaqalog‘i bo‘lgan yosh ayol ham bor. «Chernovik» jurnalistidan ikki marta telefonini olib qo‘yishgan, «Kavkazskiy uzel» jurnalisti Murad Muradovni qo‘lga olishgan. «OVD-Info» 26 sentabr tongida bergan ma’lumotga ko‘ra, Mahachqal’ada qo‘lga olinganlar soni 101 kishini tashkil etmoqda.

25 sentabr kuni safarbarlikka qarshi aksiya Dog‘istonning Xasavyurt tumanidagi Endirey qishlog‘ida ham bo‘lib o‘tdi. Mahalliy aholi vakillari, ham erkaklar, ham ayollar Xasavyurt — Mahachqal’a trassasini to‘sib qo‘yishgan. Xabarlarga ko‘ra, 8 ming atrofida odam yashaydigan ushbu qishloqdan 100 dan ortiq erkak urushga safarbar etilgan. Guvohlar tomonidan olingan videolarga ko‘ra, politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun avtomatdan havoga o‘t ochgan. Rayon rasmiylariga ko‘ra, harbiy komissar namoyishchilar bilan uchrashgan va shundan keyin odamlar tarqalgan.

Dog‘istondagi namoyishlar fonida region rahbari Sergey Melikov safarbarlik boshida yo‘l qo‘yilgan xatolarni tan olgan. «Agar ro‘yxatda yo‘q bo‘lganlar, jumladan, talabalar, ko‘p bolali erkaklar, yosh bolali otalar, umrida qo‘liga avtomat tutmagan yigitlar safarbar qilingan bo‘lsa, ular zudlik bilan ortga qaytarilishi kerak. Bilaman, safarbarlikning boshida ayrim joylarda shunday xatolar kuzatilgan», — degan Melikov telegramida. Dog‘iston rahbari safarbarlik vaqtida qoidabuzarliklarga uchragan aholini respublika harbiy komissariatga uchrashni tavsiya qilgan.

Shu kuni Rossiyaning boshqa regionlarida ham safarbarlikka qarshi namoyishlar o‘tkazildi. Yoqutistonda asosan ayollardan iborat bo‘lgan 400 nafarga yaqin kishi Ordjonikidze maydonida yig‘ilgan. Aksiya yoqutlarning an’anaviy aylana osuoxay raqsi ko‘rinishida o‘tkazildi. Yosh qizlar birinchi bo‘lib qo‘l ushlashdi, ularni yoshi katta ayollar qo‘llab-quvvatladi, shundan so‘ng boshqa namoyishchilar asta-sekin davraga qo‘shila boshladi. «Urushga yo‘q!», «Genotsidga yo‘q!», «Chiqib ket!» shiorlari yangradi. SakhaDay tomonidan e’lon qilingan videoda ayollarning «Farzandlarimizning yashashiga qo‘yib bering!» degan chaqiriqlar eshitiladi. Politsiya qo‘lga olishni boshlaganda aksiya tarqab ketgan. «OVD-Info» xabariga ko‘ra, Yoqutistonda kamida 24 kishi qo‘lga olingan. Yoqutiston Jamoatchilik palatasi rahbari Anjyelika Andreyeva aksiya chog‘ida shunday bayonot berdi: «Yoqutistonning markaziy maydonida osuoxay raqsi bo‘lib o‘tmoqda – onalar turmush o‘rtoqlari va o‘g‘illarining tirik qaytishi uchun duo qilmoqda».

Kabardin-Bolqoriyadagi Nalchik shahrida ham hukumat binosi oldidagi maydonda aksiya bo‘lib o‘tdi. Videoyozuvlarga ko‘ra, mitingga bir necha o‘n kishi chiqqan. Videoyozuvlardan birida keksa yoshli ayol shunday deydi: «Erimni bermayman, meni otib tashlasangiz ham bermayman!»

Safarbarlik e’lon qilinganidan buyon Rossiyada ikki mingdan ortiq namoyishchi qo‘lga olindi. 21 sentabr kuni 43 shaharda o‘tkazilgan namoyishlarda 1369 kishi, 22 sentabr kuni — besh shaharda 13 kishi, 24 sentabr kuni — 35 shaharda 842 kishi qo‘lga olingandi. 25 sentabr kuni esa besh shaharda 128 kishi ushlangan.

  • 21 sentabr kuni Vladimir «qisman» safarbarlik e’lon qilgandi. Mudofaa vaziri Sergeya Shoygu «300 ming atrofidagi zaxiradagilar» safarbar etilishini aytgandi. Ammo chaqiruv qog‘ozini alohida tartibsiz tarqatishmoqda. Xususan, Rossiya bo‘ylab o‘tayotgan namoyishlarda qo‘lga olinganlarga ham chaqiruv qog‘ozlari topshirilmoqda.

Mavzuga oid