— Bolaligim ertaklardagidek o‘tgan deyolmayman. Baxtim to‘kis bo‘lgan, deyishdan ham yiroqman. Ayta oladiganim — onam bor edi. Dardkashim bor edi. Himoyachim — ukam bor edi. Ularning borligi o‘zi bir baxt ekanligini tushunib yetyapman, — deya o‘z hikoyasini boshladi Madina (ism o‘zgartirilgan).

Yoshligimda onamga juda rahmim kelardi. Tunni tun, kunni kun demay ishlar edi. Otamning nima ish qilishlarini hatto bilmasdim. Bilganim — uzoq vaqt yo‘q bo‘lib ketardi. Oddiy qilib aytganda, biz otamni juda kam ko‘rardik.

Onam bozorda piyoz sotardi. Barmoqlarining atroflari qorayib ketardi. Yig‘lab-yig‘lab tirnoqlarini olib qo‘yardim. Yig‘laganimni bildirmaslik uchun boshimni egib olardim. O‘sha damlarda otamni yomon ko‘rib ketardim, onamga shunaqangi ichim achishardiki, buni ta’riflab berolmayman. Topgan pullaridan kvartira haqini to‘lar, bizlarni kiyintirar, yedirib-ichirar edi.

Og‘ir mehnatdan, otamning sitamlaridan ham men buni keyinchalik bilganman, onam juda ezilib, qarib ketgandi. 7 akasi va 3 opa-singillari bor edi. Tog‘alarim o‘ziga to‘q, badavlat odamlar edi. Bizlarni boqish, ro‘zg‘or tebratishdan qiynalib qolgan vaqtlari oyimga savol berdim:

— Nega tog‘amlar boy-badavlat, nega bizga yordam bermaydi, nega xolalarim kelishmaydi?

Shunda onajonim:

— Qizim bu dunyo — bir kam dunyo, — dedilar. — Katta bo‘lsang tushunasan.

— Otam nega kam keladilar?

— Ularning ishlari ko‘p.

— Nega bizga pul bermaydi?

— Adajoning savob qilish uchun ketgan.

Shu tariqa kunimiz o‘tardi...

Biz katta bo‘ldik, ukam onamning yoniga tushdi. Yordam berish uchun bozorda yuk tushirar, tarvuz sotar edi. Akam esa unchalik yordam bermasdi. Otam haqida hali ham ko‘p narsa bilmasdim. Chunki onam otamni judayam kuchli himoya qilardilar. Bizlarga hech yomonlamas, urishib qolsalar ham bildirmas edilar.

Kunlarning birida otam yana keldi. Onam hech nima bilmagandek kutib oldilar.

Men «dada, qayerda yurasiz, nega bizdan xabar olmaysiz, hech narsa olib kelmaysiz?» — deb so‘radim.

Shunda onam yuzimga bir shapaloq tushirib, «otang bilan bu ohangda gaplashma, senga bu huquqni hech kim bermadi», dedilar.