Jahon | 21:18 / 28.09.2022
31955
6 daqiqa o‘qiladi

AQSh o‘z fuqarolarini Rossiyani zudlik bilan tark etishga chaqirdi. Amerika nimadan xavfsiramoqda?

AQShning Moskvadagi elchixonasi amerikaliklarga Rossiyani zudlik bilan tark etishni tavsiya qildi. Rossiyaning Ukrainaning bosib olingan qismlaridagi «referendum»lardan keyingi harakatlari kelayotgan haftada amalga oshirilishi kutilmoqda, Kreml chegaralarni yopish va harbiy holat borasida hozircha «hech qanday qaror» qabul qilinmaganini bildirdi.

Foto: Reuters

«Tezroq mustaqil choralar ko‘rish kerak»

«AQSh fuqarolariga Rossiyaga borish tavsiya etilmaydi. U yerda yashayotgan yoki Rossiya bo‘ylab sayohat qilayotganlar hozircha cheklangan imkoniyatlar borligida Rossiyani zudlik bilan tark etishi lozim», - deyiladi elchixona saytida.

21 sentabr kuni Rossiya hukumati Ukrainaga bosqinni qo‘llab-quvvatlash uchun fuqarolarni safarbar qilishni boshladi, deb eslatadi AQSh diplomatik missiyasi. Elchixona Rossiya ikki fuqaroligi bo‘lgan shaxslarni AQSh fuqaroligini tan olishni rad etishi, Rossiyadan chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymasligi va ikki fuqarolikka ega shaxslarni harbiy xizmatga chaqirishi mumkinligidan xavfsiramoqda.

Hozirda Rossiyadan samolyotda chiqib ketish imkoniyati cheklangan, ammo avtomobil va avtobusda chiqib ketish mumkin. 

«Agar Rossiyani tark etishni istasangiz, unda mustaqil choralar ko‘rishingiz kerak. AQSh elchixonasining AQSh fuqarolariga yordam berish imkoniyati jiddiy cheklangan», - deb ogohlantirgan diplomatik missiya.

AQShdan avval Bolgariya, Polsha va Estoniya o‘z fuqarolarini Rossiya hududini tark etishga chaqirgandi.

Amerikalik diplomatlar mamlakatni transportda tark etish imkoniyati «kutilmaganda yanada cheklanishi mumkinligi»ni istisno qilishmayapti.

Chegarada nima gap?

Rossiyaning quruqlikdagi chegaralari ochiq, biroq o‘tkazuv punktlari to‘lib-toshgan. Chaqiruv yoshidagi yuz minglab erkaklar safarbarlik va Ukrainada odam o‘ldirish yoki o‘lishdan qochmoqda. Tirbandliklar sababli ular Gruziya va Qozog‘iston bilan chegarani piyoda yoki velosipedlarda kesib o‘tishga majbur. Rossiyadan uchib ketish imkoniyati aviachiptalar soni va vizalar mavjudligi bilan cheklangan.

Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin rossiyaliklar chegarada tashlab ketgan avtomobillarni «urushga ketganlarning oilalariga berish»ni taklif qildi, Rossiya mudofaa vazirligi esa «qisman safarbarlik» sharoitida ham Rossiya fuqarolarining harakatlanishiga cheklovlar kiritish «ko‘zda tutilmagani»ni bildirdi. Chegaradagi nazorat-o‘tkazuv punktlariga esa safarbar qilinadiganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi berilgan va mamlakatdan chiqish rad etilgan holatlar mavjud.

Odamlar Gruziyaga o‘tishga urinayotgan Shimoliy Osetiyadagi «Verxniy Lars» nazorat-o‘tkazuv punktida yuqori darajadagi shaylik rejimi joriy etildi, ayrim holatlardan tashqari boshqa regionlardan avtomobillarning kirishi taqiqlanmoqda. Respublika rahbari Sergey Menyaylo chorshanba kuni bu boradagi farmonni imzoladi.

Kreml vakili Dmitriy Peskov esa ikki kun avval Rossiyaning alohida regionlarida chegaralarni yopish va harbiy holat joriy etish bo‘yicha hech qanday qaror qabul qilinmaganini ta’kidlagandi.

«Menga bu haqda hech narsa ma’lum emas. Hozircha hech qanday qaror qabul qilinmadi», - degandi u bu boradagi savolga javoban.

«Referendum»lardan keyin nimalarni kutish mumkin?

27 sentabr kuni Ukrainaning qisman bosib olingan to‘rt regionida Rossiyaga qo‘shilish to‘g‘risidagi «referendum»lar yakunlandi. Rossiya nashrlari o‘z manbalariga tayanib, darhol annexia jarayoni boshlanishini taxmin qilgandi, lekin Kreml hozircha bu jarayonni tezlashtirgani yo‘q.

Seshanba kuni Dumadagilar parlament quyi palatasi o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «DXR» va «LXR» hamda Xerson va Zaporijjya oblastlarining bir qismini annexia qilish bo‘yicha qachon ovoz berishi to‘g‘risidagi savolga javob bera olmadi. Chorshanba kuni Volodin bu kelasi haftadan avval yuz bermasligini aytdi. 

Avvalroq Rossiya parlamenti yuqori palatasi rahbariyati senatorlar joriy haftada emas, 4 oktyabrda yig‘ilishini ma’lum qilgandi. Senator Andrey Klishas anonim telegram-kanallardan birida joylashtirilgan «savdolashuv ketayotgani» sababli ovoz berish «noyabrgacha cho‘zilishi» haqidagi xabarni izohlashiga to‘g‘ri keldi.

«Hech qanday savdolashuv yo‘q. Yangi sub’yektlarni qabul qilishda konstitutsion protseduralar doirasidagi harakatlar ketma-ketligi mavjud», - deb ta’kidladi Klishas.

Uning eslatishicha, annexia qilingan hududlar qo‘shib olingan holatda Rossiya Konstitutsiyasining 65-moddasiga tuzatish kiritish kerak bo‘ladi. Tuzatishga Federatsiya kengashi ovoz beradi, undan keyin prezident farmoni bilan tuzatish tasdiqlanadi.

Shu tarzda, Ukraina hududlarini annexia qilish protsedurasiga 12 kun ketishi mumkin («referendum»lar 23 sentabrda boshlangan) – bu Qrimni annexia qilishga ketgan vaqtdan ikki martaga ko‘p, deb yozadi «Kommersant».

Kremldagilar «voqealarni jadallashtirmaslikka» qaror qilgan, deb ta’kidlaydi «Meduza» Kremlga yaqin manbalariga tayanib. 

«Hammasi shundoq ham qo‘shib olinadi. Faqat shoshmasdan», - degan manbalardan biri.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, hukumat safarbarlik fonida «piar-ta’sir» «qariyb nolga teng» bo‘ladi degan qarorga kelgan.

Moskva G‘arb mamlakatlari bilan Ukraina bo‘yicha muzokara o‘tkazish uchun «tirqish qoldirgani» ehtimoli bois ham jarayon sekin borayotgan bo‘lishi mumkin, degan «Meduza» suhbatdoshlaridan biri.

Chorshanba kuni Rossiya nashrlari o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «LXR» va «DXR» rahbarlari Moskvaga yo‘l olgani haqida xabar qildi. Rossiya Ukrainadagi jangovar harakatlarni «kamida» butun Donetsk oblastini egallamaguniga qadar davom ettiradi, dedi Peskov. Rossiya so‘nggi oylarda Donbassda deyarli olg‘a siljimadi, Xarkiv oblastidan chekinganidan keyin esa Putin safarbarlik e’lon qildi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid