Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
So‘nggi 58 yil ichidagi eng katta fojia – Indoneziyadagi stadionda 174 kishi halok bo‘ldi
Indoneziya chempionati doirasidagi «Arema» – «Persebaya» (2:3) o‘yini fojia bilan yakunlandi. Final hushtagi yangragach, mag‘lubiyatdan hafsalasi pir bo‘lgan «Arema» muxlislari maydonga yugurib chiqib, g‘alayon ko‘tarishdi. Politsiya odamlarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatdi (jumladan, shovqinli granatalarni ham). Stadionda tiqilinch yuzaga keldi. Dahshatli voqea oqibatida 174 kishi halok bo‘ldi va 180 kishi jarohatlandi. Bu so‘nggi 58 yil ichida futbol bilan bog‘liq eng katta fojia bo‘ldi.
Stadionda bolalar ham nobud bo‘ldi. Indoneziya U20 Jahon chempionatidan mahrum qilinishi mumkin
Ma’lum bo‘lgan asosiy faktlar.
- Stadiondagi ko‘plab odamlar tiqilinchda bo‘g‘ilib qolishdan, ba’zilari boshidan olgan jarohatdan vafot etgan. 5 yoshli bola va politsiyachi o‘lgani ham ma’lum.
- Sharqiy Yava (o‘yin o‘tkazilgan hudud) politsiyasi boshlig‘i so‘zlariga ko‘ra, ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalanish huquqni muhofaza qilish organlari rejasiga kirmagan, biroq vaziyat nazoratdan chiqib ketgan – muxlislar xavfsizlik xodimlariga hujum qilgan va politsiya mashinalarini yoqib yuborishgan.
- Indoneziyaning siyosiy, huquqiy va xavfsizlik masalalari bo‘yicha koordinatori Muhammad Mahfudning aytishicha, o‘yin davomida stadion to‘la bo‘lgan: 38 ming o‘rindiqli stadionga 42 ming kishi kirgan.

- Indoneziya prezidenti Joko Vidodo halok bo‘lganlar va jarohatlangan odamlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi. «Umid qilamanki, bu mamlakatdagi so‘nggi futbol fojiasi», dedi siyosatchi.
- Indoneziya futbol ligasi chempionat o‘yinlarini bir haftaga to‘xtatib qo‘ydi. Prezident Vidodo fojia tafsilotlari to‘liq aniqlangunga qadar, barcha o‘yinlarni qoldirishni buyurdi. «Arema»ga mavsum oxirigacha o‘ynash taqiqlandi, ammo sanksiyalar jiddiyroq bo‘lishi ham mumkin.
- Indoneziya futzal milliy jamoasining sobiq murabbiyi Jastinus Lhaksana Sky News telekanaliga bergan intervyusida mahalliy muxlislarning maydonga tushib ketishi chempionatda keng tarqalganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, muxlislar har bir o‘yinda tartibsizlik uyushtirishadi, ammo bu safar ular quyushqondan chiqib ketishgan. Shuningdek, muxlislarning nishoni odatda raqib jamoa fanatlari emas, balki politsiya bo‘ladi.

- Sharqiy Yava gubernatori Hofif Indar Paravansa halok bo‘lganlar va jarohatlangan odamlar oilasiga moddiy yordam ko‘rsatilishini aytdi. Indoneziya sport vaziri Zaynuddin Amali stadiondagi tartibsizliklarga chek qo‘yish bo‘yicha ish boshlangani, hatto muxlislar kiritilishi vaqtincha taqiqlanishi mumkinligini ma’lum qildi.

Indoneziyadagi fojia FIFA tashkilotinini xavotirda qoldirdi – 2023 yilda mamlakat U20 jahon chempionatiga mezbonlik qilishi kerak. Sport vaziri Amali ham tashvishlanmoqda: «Umid qilamanki, FIFA bizga bu fojia sababli sanksiya qo‘llamaydi».

«Futbolga aloqador barcha odamlar uchun qora kun. Bu fojiaga aql bovar qilmaydi», - dedi FIFA prezidenti Janni Infantino.
Bunday katta fojia 58 yildan beri bo‘lmagan
- Indoneziyadagi voqea 1964 yildan beri stadionlarda yuz bergan eng yirik falokat bo‘ldi. O‘sha paytda Limadagi «Milliy» stadionda o‘tkazilgan Peru va Argentina olimpiya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yindan keyin ham politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan edi. Muxlislar va politsiya o‘rtasidagi otishmada 318 kishi halok bo‘ldi, yana 500 kishi jarohatlandi.
- 2001 yilda Ganadagi «Akkra sport» stadionida ham politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatdi. Tomoshabinlar stadiondan qochib chiqa boshladilar, yuzaga kelgan tiqilinchda 123 kishi halok bo‘ldi.
- 1989 yil aprel oyida «Hillsboro» stadionida («Nottingem Forrest» va «Liverpul» o‘ynida) yuz bergan mash’um tiqilinchda 96 kishi halok bo‘ldi va yana 766 kishi jarohatlandi. Bunga stadion haddan ortiq to‘lib ketgani, muxlislar tribunaga chiptasi tekshirilmasdan kiritilgani sabab bo‘ldi.
- 1982 yilda Moskvadagi «Lujniki» stadionida o‘tkazilgan «Spartak» va «Harlem» klublari o‘rtasidagi UYeFA Kubogi o‘yini yakunida tiqilinch sodir bo‘lib, 66 kishi halok bo‘ldi, ularning aksariyati voyaga yetmaganlar edi.
Mavzuga oid
22:18 / 19.05.2026
O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Osiyo Kubogi finaliga chiqolmadi
23:46 / 16.05.2026
O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Osiyo Kubogi yarimfinaliga chiqdi
22:57 / 13.05.2026
O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Osiyo Kubogi guruh bosqichini birinchi o‘rinda yakunladi
21:07 / 13.05.2026