O‘zbekiston | 20:56 / 04.10.2022
35743
19 daqiqa o‘qiladi

“Bog‘chadagi qizimni garovga olmoqchi bo‘lishgan” - Karimov davridagi siyosiy mahkum hikoyasi

Xalqaro tashkilotlar tomonidan siyosiy mahkum va Islom Karimov rejimi qurboni deya e’tirof etiladigan Dilmurod Sayyid 9 yillik tutqunlikdan so‘ng, 2018 yili fevralda ozodlikka chiqarilgan. Jurnalist Kun.uz'ga bergan intervyusida hibsga olinish tarixi, qamoqda ko‘rgan-kechirganlari, ozodlikdan mahrum etilganidan keyin boshiga tushgan sinovlar haqida gapirib berdi.

2005 yilning 24 noyabr kuni “Advokat Press” nashrida chop etilgan “Yo‘q haqida badiha” sarlavhali maqolada o‘sha paytda yuksak minbarlarda bot-bot aytiladigan “O‘zbekiston – kelajagi buyuk davlat!” degan otashin so‘zlarning ijobati qachon kelishi savol ostiga olinadi, jamiyatdagi muammolar fonida bu shiorlarning mantiqsizligi ko‘rsatib beriladi.

“Advokat Press”ning shu maqola chop etilgan soni gazeta do‘konlaridan yig‘ishtirib olinadi, nashrning o‘zi ko‘p o‘tmay yopib yuboriladi. Maqola muallifi bo‘lgan Dilmurod Sayyid shundan so‘ng o‘ziga nisbatan tazyiqlar ko‘payganini aytadi. Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, aynan maqolasi tufayli 2009 yili tovlamachilik va hujjat soxtakorligida ayblanib, sud tomonidan 12,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilinadi.

“Minbardagi siyosat bilan hayot o‘rtasidagi farqni ko‘rsatib berganman”

— Tazyiqlar 2005 yilda boshlangan. O‘sha yili noyabr oyida «Advokat press» gazetasida ikki sahifali maqolam chiqib, ushbu maqola sabab gazeta sotuv do‘konlaridan yig‘ishtirib olingan. Ana shundan boshlangan hammasi. Aslida men Islom Karimov olib borayotgan minbardagi siyosat bilan hayotdagi tafovutni ko‘rsatib berganman. Shu bilan birga, aniq takliflar ham berganman.

Karimovning bir gapi bor edi: «O‘zbekiston – kelajagi buyuk davlat». Qachon bu buyuk davlatga erishamiz, g‘allachilik, tibbiyot bu holatda bo‘lsa, degan fikrlarni bildirganman. Agar aholining taomnomasida mana bunday taomlar bo‘lmasa, bu avlod qanday qilib sog‘lom bo‘lishi mumkin? Tug‘uruqxonadagi muammolar ko‘tarilgan bu maqolada. Ana shu jihatdan ularga ma’qul kelmagan maqola.

Gazeta yig‘ib olindi. Faoliyatim taqiqlandi. Qadrdon hamkasblarimiz ham ko‘rsa ko‘chaning narigi betidan o‘tib ketadigan bo‘ldi.

Said Ahmad, O‘tkir Hoshimov yoki Shukrulloning o‘sha davr manzaralariga bag‘ishlab yozilgan asarlarini o‘qib, shu darajada bo‘lgan ekanmi, deb hayratlanar edim. Shu narsa o‘z boshimdan o‘tdi.

Dilmurod Sayyid Foto: Kun.uz

«Oilamning ko‘z oldida olib ketishdi»

Qahramonimiz o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni uydirma va to‘qima deb hisoblaydi hamda bularning barchasi kasbiy faoliyati bilan bog‘liq deb biladi.

— Menga tazyiqlar boshlangan yili marhuma rafiqam ikkinchi farzandimizga homilador bo‘lgan. Safarda bo‘lgan vaqtimda mazasi bo‘lmay, tibbiy yordamga muhtoj bo‘lib tug‘uruqxonaga borganida: «Erim urdi, kaltakladi» deb yozib bersang davolaymiz», deb aytishgan. Ayolim kechgacha bu shartga rozi bo‘lmagan. Keyin o‘z roziligi bilan tilxat olib, shifoxonadan chiqarib yuborishgan. Bir-ikki kun yurgach, homila ichida nobud bo‘lgan. 10 kun davomida o‘lik homilani ko‘tarib yurib, hushidan ketgachgina tibbiy yordam ko‘rsatishgan.

Hech qanday bahona topolmagach, qonuniy nikohimiz bo‘lishiga qaramay, turmush o‘rtog‘imni bu uyda ro‘yxatda turmaydi, deb jarima solishgan. O‘sha paytlarda prezidentlik saylovlari boshlangan, Akmal Saidov nomzodi ham qo‘yilgan edi. Rafiqam o‘z nomidan Akmal Saidovga, Inson huquqlari jamiyatlariga shikoyat xati yozdi. Ular surishtiruv olib borishib, bizga javob xati yo‘llashdi. O‘sha javob xatidan bilib qoldimki, menga jinoyat ishi ochilgan ekan. Keyin ularning sharofati bilan bu jinoyat ishi barvaqt ochilgan degan sabab bilan yopildi va keyinchalik noma’lum shaxslar nomiga ochilgan deya aytishdi. Undan keyin boshqa moddalarga aylantirib, 8 oy o‘tib, sarson qilib, ishni yopib yuborishdi.

Sal vaqt o‘tib, sobiq MXX saytida Marat Diyarov muallifligida rus tilida bo‘hton maqola e’lon qilindi. Ikki kun o‘tib, xuddi shu maqola «Mahalla» va «Hurriyat» gazetalarida chop etildi. Shu maqola sabab bo‘lib men yashaydigan mahallada yig‘in tashkil etildi. Unda ko‘tarilgan mavzuga ko‘ra, meni boshqa joyga ko‘chirib yubormoqchi bo‘lishdi. Qo‘shnilarimga ming rahmat aytaman. Yonimni olishdi, maxsus xizmat xodimlariga noto‘g‘ri ma’lumot olgansizlar, deb men taraf bo‘lishdi.

Lekin 2009 yil fevral oyida shu yerdan, oilam ko‘z oldida olib ketishdi. Qo‘yilgan ayblovlar hatto bir-birini inkor qilar edi. Tovlamachilik hamda hujjat soxtakorligi ayblarini qo‘yishdi.

Dilmurod Sayyid “konvoy”da boshqa JIEMga olib kelingan payt. Foto: BBC

«Bog‘chadagi qizimni garovga olmoqchi bo‘lishgan»

Jurnalistning aytishicha, “Yo‘q haqida badiha” nomli maqolasi e’lon qilinishi ortidan boshlangan tazyiqlar nafaqat o‘ziga qaratilgan, balki oilasini ham chetlab o‘tmagan.

2008 yilda Jomboy tumanidagi 10 nafar fermer menga ishonchnoma bergan. Shu ishonchnomadan foydalanib, men ularning huquqini himoya qilishim kerak edi. Ulardan tortib olingan texnikalar, mablag‘larni qaytarib olib berganman. Qamalishimga ham kasbiy faoliyatim sabab bo‘lgan. Tushgan shikoyatlarni joyiga chiqib o‘rganar edim. Ishonchli vakil bo‘lib, huquqini himoya qilar edim. Hattoki, mening surishtiruvimdan keyin soliq idoralaridan o‘sha joylar o‘rganilganda qanchadan-qancha kamomadlar aniqlangan. Shuning aktlari ham saqlanib qolgan. O‘sha paytlarda bu ishga umuman aloqasi yo‘q bir ayolning otasining huquqlarini himoya qilib yurgandim. O‘sha odamga 10 ming dollar tiqishtirishib, ushlashib, undan Dilmurod Sayyidning topshirig‘i bilan kelganman, degan ko‘rsatmani olishgan.

Eng qizig‘i, menga ishonchnoma bergan ikkita fermerni ham menga qo‘shib qamashgan. Bu odamni tanimayman, oq qog‘ozga pechat bostirib ketdi, degan fermerlarni guvoh sifatida o‘tkazgan. Yuzlashtirishganda ishonchnomalarni o‘zlari berganini isbotlab beryapman, lekin tergov jarayonidagi videoyozuvlar montaj qilingan. Barcha ishlar soxtalashtirilgan. Xolis guvoh sifatida taklif qilingan ikki nafar yigit voyaga yetmagan bo‘lgan. Bu aslida mumkin emas. Qonunga ko‘ra, xolis guvoh voyaga yetgan bo‘lishi shart. Ularning yoshini bir yoshga ulg‘aytirib, hujjat tuzilgan.

O‘sha ayol bilan yuzlashtirish kuni uch nafar departament xodimi bog‘chadagi qizimni garovga olish uchun borishgan va meni o‘z ixtiyorim bilan aybni tan olishga majburlamoqchi bo‘lishgan. Chunki bu o‘sha davr uchun odatiy hol edi. Bu holat faqat men bilan emas, ko‘pchilik bilan sodir bo‘lgan. Baxtni qarangki, bog‘chadagi rahbariyatlar vaziyatni payqab, qizimni berkitishgan. O‘sha atrofda ukalarimning uyi bor edi. Ular darrov yetib borishgan. Shunda u xodimlar tintuvga kelganmiz deb bahona qilishgan. Shu holatlarga qaramasdan hech narsani bo‘ynimga olganim yo‘q. Chunki isbotning o‘zi yo‘q. Qo‘yilgan ayblar bir-birini inkor etadi. Bu bo‘lishi mumkin bo‘lmagan holat.

Xullas, meni 12,5 yilga qamashdi. Mening yonimni olgan fermerga 12 yil, yana bir fermerga 11 yil berishdi. Meni yuzlashtirishgan ayol: «Bu ishlarni Dilmurod Sayid buyurmagan, xodimlarning o‘zlari ichirib, majburan yozdirib olishdi. Bu odam otamning huquqlarini himoya qilayotgan edi» , deganidan so‘ng, uning o‘zini ham 12 yilga qamab yuborishdi.

Dilmurod Sayyid panjara ortida. Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

«Sud hukmi va tergovchining xulosasi imlosigacha bir xil»

Xo‘sh, Dilmurod Sayyid qaysi harakatlari uchun tovlamachilik va hujjat soxtakorligida ayblangan edi? Uning harakatlarida jinoyat alomatlari bormidi yoki yo‘q? Tergovda uning aybi bo‘yniga qo‘yilganmidi? Bu haqda jurnalist shunday hikoya qiladi.

Qo‘limdagi ishonchnomani soxta deyishdi. Men soxta emas dedim. Bunday holatda, qonunchilikka ko‘ra, ekspertiza o‘tkazilishi kerak edi. Ammo 12 yil vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, hali ham ekspertiza qilingani yo‘q. Meni qamashdi. Sudda hech narsa isbotlangani yo‘q. Sudya sud jarayoni tugagandan keyin 10 kungacha hukm o‘qiy olmadi. Qonun bo‘yicha sud o‘zining tergovini o‘tkazishi kerak. Shunga qarab turib, ayblov hukmini chiqarishi kerak. Sudning ayblov hukmi matni va tergovchining ayblov xulosasi imlosigacha bir xil. Bu bo‘lishi mumkin bo‘lmagan narsa.

Apellyatsiyaga berganda ular aynan mana shu yerida aybdor ekansan deb ayta olmadi. Sud hukmi ustidan apellyatsiyaga berib turganimizda, sud hukmiga ko‘ra, degan tarzda javob berishyapti. Yana bir qiziq tomoni, sudning birinchi kuni yoshi kattaroq tergovchi ishtirok etgan bo‘lsa, keyingi bosqichlarda boshqa tergovchi ishlay boshladi. Sudya eski tergovchining boshqa ishga o‘tganini aytdi. Yangi tergovchi sud jarayoni boshlanishidan oldin men turgan panjarali kamera oldiga keldi-da: «Dilmurod aka, to‘g‘ri tushuning, soldat otadi, soldat o‘ladi. Biz soldatmiz. Sizlarga omad tilayman», dedi va chiqib ketdi.

Uzoq yillardan beri ishlaydigan soqchilardan biri: «Shu paytgacha prokuror sudlanuvchi bilan bunaqa gaplashganini ko‘rmaganman» degan o‘shanda. To‘g‘ri, ularning ham vijdoni qiynaldi, ammo o‘sha paytda sharoit shunaqa edi.

Dilmurod Sayyid shoir Rauf Parfi va boshqa ijodkorlar davrasida. Foto: Dunyouzbeklari.com

«Amnistiyaga tushmasligimiz uchun ichki tartib-qoidani buzdi degan bayonnoma qilib turishardi»

9 yil umrini jazoni ijro etish muassasasida o‘tkazgan Dilmurod Sayyid qattiq nazorat ostida bo‘lganini, amnistiyaga tushmasligi uchun “qamoqxonaning ichki tartib-qoidasiga rioya etmadi” degan uydirmalar bilan ma’muriy jazoga tortilib kelinganini aytadi. Xuddi shunday hikoyalarni Jasliqda jazo muddatini o‘tab, Mirziyoyev davrida ozodlikka chiqqan sobiq mahkumlar tilidan ham eshitgandik.

— Biz qaysi jazoni ijro etish muassasasiga borsak ham, nazorat kuchli bo‘lgan. Hech qanday insonparvarlik dalolatnomasi qo‘llanmagan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, yiliga 2-3 marta ichki tartib-qoidani buzdi, degan bayonnoma rasmiylashtirib, jazolab turishgan. Birinchi shunaqa jazo 2009 yil avgustda qo‘llandi. Bu amnistiyaga tushmasligim uchun edi. Keyin boshqa bir koloniyaga o‘tkazishdi. U yerda ochiqchasiga aytishdi: «Biz siz bilan hamma qatori munosabatda bo‘la olmaymiz. Nazoratingiz tashqaridan».

«Ayolim va qizim sirli avtohalokatda halok bo‘ldi»

Boshidan shuncha ko‘rguliklar o‘tgan bo‘lsa-da, taqdirning Dilmurod Sayyid uchun tayyorlab qo‘ygan qattiq sinovlari oldinda edi. U o‘sha kunlarni quyidagicha xotirlaydi.

— 2009 yil 5 noyabr kuni men bilan uchrashuvga kelishi kerak bo‘lgan ayolim (33 yoshda edi) va qizim (u besh yoshda edi) sirli ravishda avtohalokatga uchrab, vafot etishdi. Men bundan 10 noyabr kuni xabardor bo‘ldim.

Dilmurod Sayyid rafiqasi Barno Jumanova hamda qizi Ruxshona bilan. Foto: Kun.uz

Bu orada 7 noyabr kuni maxsus xizmatlardan odam kelib, menga bir qancha shartlar qo‘yishdi. Men bu shartlarga rozi bo‘lmadim. Keyinchalik chiqqandan keyin bildimki, agar o‘shanda bu shartlarga rozi bo‘lsam, meni toshturmaga o‘tkazib, ishimni boshqatdan ko‘rishmoqchi bo‘lishgan ekan. 10 noyabr kuni ukam oldimga keldi va bu xabarni aytdi.

Shundan keyin ehtiyoj sezmasam-da, meni tibbiyot bo‘limiga olib kelib, har xil tinchlantiruvchi muolajalar qilishdi. Shu qadar karaxt edimki, dod deb yig‘lay ham olmasdim. Shundan foydalanib, meni ruhiy kasallar bo‘limiga joylashtirishmoqchi bo‘lishdi. Buni uddalay olishmaganliklari uchun meni sil kasalliklari bo‘limiga tashlashdi. Ustiga-ustak ketma-ket soxta ayblovlar qo‘yishdi.

Kasallikning turiga qarab 6-8 oylik davolash kursi mavjud edi. Menga 6 oy deb belgilashdi. 3,5 oy shu tarzda davolab turishdi-da, muolajani darrov to‘xtatishdi. Shifokor sog‘lom ekanimni va meni ishchi koloniyaga o‘tkazishlarini aytdi. Shunda shubhalanib qoldim. Ukam ko‘rgani kelganda bu haqda aytdim. Meni maxsus biror joyga yuborishmoqchi bo‘lsa kerak degandim. Rostdan ham oradan biroz o‘tib, meni Navoiydagi maxsus sil kasalliklari koloniyasiga o‘tkazishdi.

Ertasi kuniyoq bizga «DOTS+programm» tibbiy sinovini o‘tkazishdi. Bu sinov 2006 yilda JSST tomonidan koloniyalarda o‘tkazilishi taqiqlangan sinov edi. Oradan 2-3 oy o‘tgach, onam va ukam ko‘rgani kelishdi. Uchrashuv vaqtida ham dori olib kirib berishdi. Onam ziyrak ayol edi. O‘zgarib qolganimni aytdilar. Men ularga nimalar ichayotganimni aytdim.

Dilmurod Sayyidning onasi Hamida Tolipova (2014 yil 10 oktyabrda vafot etgan). Foto: Shaxsiy arxivdan

U paytlarda qog‘oz, ruchka olib kirish mumkin edi. Shunda BMT rahbari Pan Gi Mun nomiga «Men faqat ajalni kutib yashayapman» degan ariza yozib berganman. Ukam buni olib chiqib ketishni uddalagan. Hamkasblarim va chet eldagi hamkasblarimiz yordamida bir nechta tillarga e’lon qilindi va koloniyaga katta tekshiruv keldi.

Tekshiruvlar natijasida davolash bekor qilinmasa ham, nazorat olib tashlandi. Bizga har kuni nonushtada 11 ta tabletka va 1 ta poroshok ichirishsa, tushlikdan keyin 3 ta tabletka va 1 ta poroshok ichish majburiy edi. Bu dasturga kiritilganlar asosan menga o‘xshagan nazoratda turuvchilar, diniy ayblov bilan qamalganlar va xavfli jinoyatchi sifatida qaraladigan mahbuslar edi.

Dorilarning salbiy tarafi shunda ediki, miyani karaxt qilib qo‘yar edi. Olti oy ichgan ba’zi mahbuslarning yarim tanasi ishlamay qolganini, ko‘zi ko‘rmay qolganini, xotirasini yo‘qotganligini va vafot etganlarini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Hozir ham bahor va kuzlarda buning asorati sezilib turadi. 18 yilgacha qonda saqlanadi deyishgan edi. O‘sha paytlarda kolonna rahbari yoniga chaqirib, dorilarni ichayotgan yoki ichmayotganimni so‘rashdi. Ichayotganimni aytganimda, bo‘lishi mumkin emasligi, chunki xotiram juda ham yaxshi ekanini aytdi. O‘shanda tushunadiganimni tushundim.

Men ikki oy davomida kuzatib, o‘rganib, qog‘ozga tushirib bordim-da, tashqariga chiqarib yubordim. Shundan keyin rahbariyatdan ikki kishi kelib men bilan alohida suhbatlashdi. Aynan qaysi dori yomon ta’sir qilayotganini so‘rashdi. Ularga buni bilmasligimni, lekin bir doridan shubhalanayotganimni aytdim. O‘zlari ham bu qanday dori ekanini bilishmas ekan. Natija shu bo‘ldiki, men o‘sha tabletkalarni ichmaydigan bo‘ldim.

Dilmurod Sayyid 2018 yilda ozodlikda chiqqan payti. Foto: Amnesty.org

«Ikki fermerning bergan guvohligi asosidagi ayblov chiqarib tashlandi, lekin hukmning qolgan qismi ko‘rilmadi»

Dilmurod Sayid ozodlikka chiqqanidan so‘ng rafiqasi va qizchasining fojiali halokati sabablarini o‘rganishga urinmoqda, biroq hozircha urinishlaridan hech qanday natija bo‘lmayapti.

— Bu fojia uyushtirilganiga bir nechta asosim bor. Birinchidan, fojiadan bir hafta, 10 kun avval uchrashganimizda, Toshkentdagi kvartiramizni sotgin-da, o‘sha paytlarda 28-30 ming dollarga ketardi, 10 ming dollarni olib, qolganini ukamga ber va Bulung‘urga ket [rafiqam bulung‘urlik edi]. Ular seni ham tinch qo‘yishmaydi, yo‘qsa xavf ostida qolasan. Alloh nasib qilsa ko‘risharmiz, degandim.

Ayolim: «Adasi, tirik ajrashish haqida gapira ko‘rmang, undan ko‘ra qachon kelay va nimalarni olib kelay? Men bularni tinch qo‘ymayman baribir», degandi. Shunda qanday hujjatlarni olib kelishini aytgandim.

Oradan ikki hafta o‘tgandan so‘ng men bilan uzoq muddatli uchrashuvga kelayotganda yo‘lda fojiali ravishda halok bo‘lgan. “ZIL” mashinasi Jizzax va Sirdaryo orasidagi Navro‘z yo‘lida ayolim va qizim borayotgan “Nexia”ni ezg‘ilab o‘tib ketgan. YTH sababchisi bo‘lgan “ZIL” haydovchisi 7 yil axloq tuzatish ishlari bilan jazolangan, u bir yildan keyin chiqib kelgan. Surishtirsam, u oradan bir yil o‘tar-o‘tmas sirli o‘lim topgan.

Oxirgi 1,5-2 yil davomida turli davlat tashkilotlariga 20 marta murojaat yo‘lladim. Bir martagina Oliy sudda qayta ko‘rildi, ikki fermerning bergan guvohligi asosidagi ayblov chiqarib tashlandi va qolgan qismi ko‘rilmadi. Oliy sudning qarori ustidan Bosh prokuraturaga yozganimda, ular menga Oliy sudga murojaat qiling, degan yuzaki javob berishibdi.

Men aslida Oliy sudning ustidan murojaat qilayotgan edim. Bundan ham muhimi, oilamning fojiali avtohalokatini o‘rganish bo‘yicha bir necha marotaba murojaatlar qildim. Natija shu bo‘ldiki, murojaatim bilan shug‘ullanish o‘rniga arizamga ilova qilingan dalillarimgacha yo‘qotib yuborishdi.

Jamshid Niyozov, jurnalist

Suhbatni to‘liq video orqali ko‘rishingiz mumkin.

Жамшид Ниёзов
Muallif Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid