Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Chempionlik uchun kvartira va’da qilishadi». Rossiyalik legioner qattiqqo‘l hokim, nega «Nasaf»ga o‘tgani va nosvoy haqida
Rossiyalik 29 yoshli yarimhimoyachi Ivan Solovyov 4 yildan beri O‘zbekistonda to‘p tepyapti. Oldin 3 mavsum davomida «Navbahor»da o‘ynadi, hozir «Nasaf» sharafini himoya qilmoqda. U rossiyalik jurnalistga katta intervyu berdi. Unda O‘zbekistondagi faoliyatiga oid qiziqarli fikrlari ham bor.
2013 yilda rossiyalik yosh iqtidorli futbolchi Ivan Solovyov katta shov-shuv bilan Moskvaning «Dinamo» klubidan «Zenit»ga o‘tadi. Ammo Sankt-Peterburgda ishlari yurishmaydi: 3 yil davomida chempionat, Kubok va Chempionlar Ligasida atigi 55 daqiqa o‘ynadi.
Keyin Finlandiyaning «Laxti», Rossiyaning «Amkar», «Fakel», «Dinamo Sankt-Peterburg», «Sochi» klublari sharafini himoya qildi.
2019 yil boshida Solovyov kutilmaganda Andrey Kanchelskis boshqaruvidagi «Navbahor» bilan shartnoma imzoladi. Hozir esa «Nasaf» bilan tarixdagi ilk chempionlik sari intilmoqda.
Rossiyalik jurnalist Valeriy Samsonov Qarshiga bordi va Ivan Solovyovdan intervyu oldi. Quyida juda katta hajmdagi suhbatning O‘zbekistondagi faoliyatiga oid qismi keltiriladi.

– O‘zbekistonga qanday kelganingiz haqida gapirib bering.
– Men «Sochi»da o‘ynardim. Ta’til paytda «Navbahor»da o‘ynayotgan Igor Golban havaskorlar o‘rtasidagi turnirda ishtirok etishni, undan keyin esa O‘zbekistonga borishni taklif qildi. Qancha pul to‘lanishi bilan qiziqdim. Raqamlar meni qoniqtirdi. Shundan so‘ng «Mayli, bir urinib ko‘raylik» dedim.
Klubga bordim, yig‘indan o‘tdim, direktor: «Bizga kerak emassan», dedi. Ammo Kanchelskis men taraf bo‘lib oldi. Ular menga olti oylik shartnoma taklif qilishdi, keyin esa bir yillik shartnoma ham imzoladim. Namanganda uch yil yashadim. Hozir Qarshidaman. Xudo xohlasa chempion bo‘lamiz.

– «Sochi» Premer-Ligaga chiqish arafasida bo‘lgan paytda nega klubni tark etdingiz?
– Meni sotishmoqchi, ijaraga berishmoqchi degan mish-mishlar tarqaldi. Shu sababli ketishga qaror qildim. Menda «Nijniy Novgorod» klubidan taklif bor edi. O‘zbekistonga emas, aynan shu klubga o‘tmoqchi edim. Ammo bu transfer amalga oshishi uchun agent maoshimning 15-20 foizini so‘radi. Bu menga yoqmadi. Shundan so‘ng, O‘zbekistonga borishga qaror qildim.
– O‘zbekistondagi birinchi kunlar, haftalar yoki oylarda sizni ko‘proq nima hayratda qoldirdi?
– Taksi haydovchilarining tinmasdan signal berishi. Bu meni juda hayratda qoldirdi. Uch oy davomida so‘kinib yurdim. Yo‘lda ketyapman, u menga signal beradi. Jonga tegdi, nega signal berding, seni to‘xtatdimmi? Keyin ko‘nikib qoldim.
– Jamoaga qo‘shildingiz. Kanchelskisni olib tashlashdi va uch oydan keyin qaytarishdi. Nima bo‘ldi o‘zi?
– «Buxoro»ga qarshi o‘yindan oldin hokim barchani yig‘di. «Kanchelskis iste’foga chiqadi», dedi. Hamma hayron, nega, nima uchun iste’foga chiqadi? Tushkunlik. Xuddi otamizdan ayrilgandek bo‘ldik. U stadionda edi. O‘yindan oldin ruhan zaif ekanimizni ko‘rsatmasligimiz uchun biz bilan muloqot qildi. 3:1 hisobida g‘alaba qozondik.
U qaytib kelganida umuman «o‘lik» edik. Mavsum tugadi, yig‘inga bordik. Karantingacha uchinchi o‘rinda edik. 4 oy maosh berilmadi, faqat nonushta bilan ovqatlantirishdi. Kanchelskis har doim futbolchilar tarafini olardi. Rahbarlardan qo‘rqmasdi. U doim rostgo‘y, odamning yuziga gapirardi. Rahbariyatga bu yoqmadi, «tagini kovlay» boshlashdi. Kovlab, nimanidir topishdi.

– O‘zbekistonda boshqaruv uslubi qanday?
– Hokim xohlaganini aytadi, senga nisbatan xohlaganini qiladi. Masalan Rossiyada Miller («Gazprom» va «Zenit» rahbari) Arshavinga: «Seni qoziqqa o‘tqazish kerak», deyolmaydi. Bu yerda umuman boshqacha munosabat qilishadi.
– «Navbahor» rahbariyatining eng qattiq tanqidi qanday bo‘ldi?
– Oldingi hokim davrida har o‘yindan keyin tanqid bo‘lardi. Agar yutqazsak – tamom. Agar durang o‘ynasak, tanaffusda kirib: «Qani, bo‘linglar, yuguringlar», deb tepishlari ham mumkin edi.
Eng og‘iri «Andijon»ga 0:1 hisobida yutqazganimizdan keyin yuz berdi. Hokim kirib keldi va futbolchilarni bo‘ralab so‘kdi. Kanchelskisga qarata: «Sen fizruksan, bor institutda bolalarni shug‘ullantir» dedi. Shundan so‘ng o‘zi Farg‘onaga o‘tib ketdi.
– U mast edimi yoki hushyor?
– Hushyor. Shunchaki futbolni juda yaxshi ko‘rardi. Bu uning his-tuyg‘ulari edi. Futboldan tashqarida u hech qachon bunday tepmagan. Shunchaki qattiq ranjigandi. Qolaversa, bu derbi edi.
– «Navbahor»da maoshingiz «Zenit»dagiga yaqin ekanini aytgansiz. Bu yerda shunchalik saxiylik qilishganmi?
– Agar yaxshi o‘ynasang, o‘zingni ko‘rsatsang, yaxshi maosh to‘lashlari mumkin. Agar seni yaxshi ko‘rib qolishsa, tan olishsa, bunday raqamlarga erishish mumkin.
«Navbahor»da chempionlik uchun kvartira yoki mashina va’da qilishdi. O‘sha paytda 20-25 ming dollar atrofida edi. Hozir bilmayman: budjet ancha katta, maoshlar boshqacha. Menimcha, ular hozir 40 ming dollar turadigan kvartira yoki mashina va’da qilishadi.
– Safar o‘yinlariga qanday borasiz?
– Yo‘l uzoq emas. Namangandan Toshkentga taksida, keyin boshqa transportda 4 soat ketadi. Qarshidan tezyurar poyezd «Afrosiyob»ga o‘tirib, 3,5 soatda Toshkentga borish mumkin.
– Nega avtobusda emas, taksida?
– Dovon bor, avtobuslar yurmasdi. Ular ag‘darilib ketgan holatlar bo‘lgan. «Buxoro» qulab tushishiga sal qolgan. Tormoz ishlamay qolganida haydovchi butun jamoani qutqargan. U jarga qulab tushishning oldini olish uchun avtobusni yon tomonga «ag‘dargan».
– Hakamlik sifatlimi?
– Hakamlik hamma joyda og‘riqli mavzu: O‘zbekistonda ham, Rossiyada ham. Agar yordam berishsa, demak yaxshi hakamlik qilishyapti. Agar yordam berishmasa, demak yomon. Hechqisi yo‘q, hakamlar yaxshi. Hozir avvalgidan ancha yaxshi. VAR bo‘lmagan paytlarda g‘alati hakamlik qilishardi.
– Ishtirok etgan o‘yiningizdagi «eng dahshatli qotillik»ni eslang.
– Namanganda «Paxtakor» bilan o‘ynadik. Hisob 1:1 bo‘lib turganida 95-daqiqada bahsli vaziyat. Hakam VAR ko‘rish uchun ketdi. Men unga: «Penalti belgilama, aks holda stadion ag‘dariladi», dedim. U esa: «E, hammasi joyida» dedi va penalti belgiladi. Gol urishdi va final hushtagi yangradi. Tribunadan hamma narsa maydonga qarab uchdi: shishalar, zajigalkalar, telefonlar, zaryadchiklar, nosvoy. Hakam uch soat chiqib keta olmadi. Odamlar stadion oldida turishdi, hech kimni tashqariga chiqarishmadi.
– O‘zbekistonda futbol maydonida qo‘y so‘yilgani haqida tez-tez xabarlar chiqib turardi. Rostmi?
– Albatta. Namanganda deyarli har o‘yinda qo‘y so‘yilgan. Mayli, mavsum boshlanishidan oldin va keyin so‘yilsa boshqa gap. Ammo har bir o‘yinda so‘yish shartmi? Qo‘y darvoza ortida so‘yilardi, palov pishirilib, kambag‘allarga, mehribonlik uylariga tarqatilardi.

– Nega «Navbahor»dan «Nasaf»ga o‘tdingiz?
– Har yili ular «endi hammasi yaxshi bo‘ladi» deyishardi, uch yil davomida bir xil gap. Biror narsa o‘zgarishiga ishonmay qo‘ydim. «Nasaf» bilan variant paydo bo‘lganida darhol «ha» dedim, chunki bu O‘zbekistonda to‘pni nazorat qiladigan, kombinatsion futbol o‘ynashga harakat qiladigan yagona jamoa.
– «Nasaf» Kubok egasi sifatida Chempionlar Ligasida o‘ynadi. Taassurotlar qanday?
– Guruh bosqichi Saudiya Arabistonida o‘tkazildi. Koronavirus sababli uy-safar tizimidan voz kechildi. Mehmonxona – stadion – o‘yin – mehmonxona qabilida yashadik. Ramazon tufayli do‘konlar kunduz kuni yopiq bo‘lardi, faqat kechqurun ochilardi. Do‘konga borardik, mehmonxonaga qaytardik. 26 kun shunday yashadik.
– Bunday sharoitda aqldan ozmaslik uchun nima qilish kerak?
– Telefon, xotin, kompyuter – hamma narsa. Kun bo‘yi karavotda yotish juda og‘ir. Mehmonxona ham unchalik yaxshi emasdi. Mashg‘ulot zalida atigi ikkita trenajyor. Basseyn yo‘q. Qiladigan ish umuman yo‘q. Shunday yashadik.
– Yevropa Chempionlar Ligasi bilan Osiyo Chempionlar Ligasining farqi nimada?
– Yevropada hamma narsa tezroq. Osiyoda o‘ynashga imkon berishadi: xotirjamlik bilan to‘pni olasiz, boshingizni ko‘tarasiz, uni uzatasiz. Yevropada bunday qilolmaysiz: boshingizni ko‘targaningizda, ular sizni darhol «yeb qo‘yishadi».
– Raqiblardan biri Xavi ustozlik qilgan «As-Sadd» edi. Undan nima qoldi?
– Ular o‘tgan mavsumda chempion bo‘lishgan, lekin men zo‘r o‘yinni ko‘rmadim. Birinchi o‘yin 1:1 hisobida yakunlandi. Ularda 2 futbolchi maydondan chetlatildi, ammo biz ko‘p gol ura olmadik. Keyin ularni xotirjamlik bilan 3:1 hisobida mag‘lub etdik.
– Ular orasida yulduz futbolchilar bor edi: Santi Kasorla, Andre Ayyu. Ular hali ham yaxshimi yoki shunchaki pul ishlashyaptimi?
– Avvalgidek emas, lekin yugurishadi, aldab o‘tishadi. Ayyu – gavdali: to‘pga yopishdi, aldab o‘tdi, zarba yo‘lladi. Santi yaxshigina qorin qo‘yib olibdi. «Vilyarreal» va «Arsenal»da o‘ynaganida qorni unchalik katta emasdi.
– Taksi haydovchilar bir necha bor nos otib olishganini ko‘rdim. Bu yerda odatdagi narsami?
– Rossiyada taksichilar sigareta chekishadi, bu yerda nos. Aytishlaricha, nosni taqiqlasharmush. U holda nos otadiganlar nima qiladi, bilmayman.
– Futbolchilar ham otadimi?
– Albatta. Bu O‘zbekistonga xos xususiyat. Mahalliy yigitlarning barchasi chekadi.
– Bu o‘yinga xalaqit bermaydimi?
– Shunchaki otasiz, keyin tuflab tashlaysiz – tamom.
– O‘zbekistonda 3,5 yildan beri yashayapsiz. Agar sizga O‘zbekiston milliy jamoasida o‘ynash taklif qilinsa, qabul qilasizmi?
– Bu yerga kelganimga deyarli 4 yil bo‘ldi. 5 yilda pasport olish mumkin. O‘zbekiston allaqachon ikkinchi uyimga aylangan, ko‘plab do‘stlarim bor. Shu bois, mamnuniyat bilan qabul qilaman va milliy jamoada o‘ynayman.
– O‘zingizni Rossiyadan ko‘ra O‘zbekistonga ko‘proq bog‘laysizmi?
– Rossiya mening uyim, onam, dadam – hamma u yerda. Rossiya har doim birinchi o‘rinda qoladi. Bu yerda shunchaki ish, futbol. Agar Rossiya milliy jamoasiga chaqirilmasam, nega O‘zbekiston fuqaroligini qabul qilib, mamlakat uchun milliy jamoada o‘ynamasligim kerak? Agar bunday imkoniyat tug‘ilsa, dengiz qirg‘og‘ida yaxshi ob-havoni kutish shartmi?
– Faoliyatingizni yakunlasangiz, nima bilan shug‘ullanasiz?
– Hozircha bilmayman, lekin o‘zimni murabbiy sifatida sinab ko‘rgan bo‘lardim. Oldin istamasdim. Tajriba yosh bilan birga kelar ekan: ko‘p narsalarni ko‘rdim, o‘yindan keyin yigitlar bilan vaziyatlarni, tarkib tuzishni muhokama qilamiz, bahslashamiz. Ha, o‘zimni murabbiy sifatida sinab ko‘rgan bo‘lardim.
– Siz bilan birga ishlagan murabbiylardan nimani olgan bo‘lardingiz?
– Agar har biridan hamma narsa olinsa, futbolchilarni o‘ldirish mumkin. Shu sababli, oz-ozdan olgan bo‘lardim, lekin baribir o‘zimdan qo‘shardim. Menimcha, bu yaxshi aralashma bo‘lardi.
Mavzuga oid
15:31 / 01.12.2025
Temur Kapadze O‘zbekistonda qoldi
17:57 / 31.10.2025
«Nasaf» muxlislari Namangandagi o‘yindan qaytishda YTHga uchradi
23:58 / 06.07.2025
Superliga. «Paxtakor» «Navbahor»ni mag‘lub etdi, «Dinamo»-«Nasaf» o‘yini durang bilan yakunlandi
13:44 / 30.03.2025