O‘zbekiston | 11:12 / 04.10.2022
2282
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat organi ayrim qarorlari bo‘yicha sudga murojaat qilganlarga davlat boji kamaytiriladi

Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Kun.uz

Unda fraksiya a’zolari “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.

2020 yilda ma’muriy sudlar tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatishga vakolatli idoralar qarorlarini haqiqiy emas deb topish, ular harakatini qonunga xilof deb topishga doir 6 920 ta ish ko‘rib chiqilgan. Ular 5 257 tasi qanoatlantirilgan. 2021 yilda esa, ushbu raqamlar 5 761 tani tashkil etib, shulardan 3 538 tasi sudlar tomonidan qanoatlantirilgan.

Ma’muriy sudlar tomonidan ushbu toifadagi nizolar bo‘yicha ko‘rib chiqilgan ishlar aksariyati aynan davlat xizmatlarini ko‘rsatishga vakolatli bo‘lgan mansabdor shaxslar harakati yuzasidan berilgan arizalarni tashkil etmoqda.

Qonun loyihasi bilan fuqarolar davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq qarorlar, harakatlar (harakatsizlik) ustidan sudlarga murojaat qilish chog‘ida belgilangan stavka 50 foizi miqdorida davlat boji to‘lashi nazarda tutilmoqda.

Fraksiya a’zolari qayd etganidek, davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida jismoniy va yuridik shaxslar buzilgan huquq va manfaatlari sudlar orqali himoya qilinishini kengaytirish, ular odil sudlovga erishish darajasini yanada oshiradi. Deputatlar qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid