Jahon | 12:42 / 04.10.2022
43354
6 daqiqa o‘qiladi

Mask Ukrainadagi urushni yakunlash bo‘yicha «tinchlik rejasi» taklif qildi. Kiyevdagilar keskin reaksiya qildi

U yadro urushi ehtimolini istisno etmagan va Qrimni Rossiyaniki deb atagan.

Foto: Reuters

Dunyoning eng badavlat kishisi, Tesla va SpaceX kompaniyalari asoschisi Ilon Mask tvitterdagi sahifasida Ukrainadagi mojaro oqibatlarining ehtimoliy oqibatlaridan biri yadro urushi bo‘lishi mumkinligini yozdi.

Mask urushni to‘xtatishga yordam berishi mumkin bo‘lgan o‘z «tinchlik rejasi»ni taklif qildi. U to‘rt banddan iborat:

  • annexia qilingan hududlarda BMT kuzatuvi ostida takroriy referendumlar o‘tkazish (agar xalq irodasi talab qilsa, Rossiya ketadi);
  • Qrim rasman Rossiyaning tarkibiy qismiga aylanadi (Maskning hisoblashicha, «1783 yildan buyon Xrushchevning xatosiga qadar shunday bo‘lgan»);
  • Qrimga suv yetkazib berilishini ta’minlash;
  • Ukraina betaraf davlat bo‘lib qoladi.

Maskning e’tirof etishicha, «oxir-oqibat natija aynan shunday bo‘lishi ehtimoli yuqori - yagona savol unga qadar yana qancha odam halok bo‘lishida».

Shu bilan birga biznesmen o‘z «takliflari» ostida «ha» yoki «yo‘q» variantlarini belgilash imkonini qoldirgan.

4 oktyabr holatiga ko‘ra, bu so‘rovnomada Twitter'ning 2,3 milliondan ortiq foydalanuvchisi qatnashgan. Ularning 60 foizdan ortig‘i tadbirkor taklif qilgan rejaga qarshi ovoz bergan.

Yana bir tvitda Mask qo‘shimcha qiladi: «Shuningdek, bu mojaroning mumkin bo‘lgan, ammo ehtimoli kam bo‘lgan oqibatlaridan biri yadroviy urush bo‘lishi mumkinligini ham ta’kidlash joiz».

Shundan ko‘p o‘tmay Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak tvitterda urush yakunlanishi bo‘yicha o‘z rejasini keltirdi, u ham tviti ostida ovoz berish imkoniyatini qoldirgan.

Podolyak «eng yaxshi taklif» deb atagan reja uch banddan iborat bo‘lib, shunday ko‘rinishda: Ukraina o‘z hududlarini, jumladan annexia qilingan Qrimni ham ozod etadi; Rossiya «demilitarizatsiya va majburiy denuklearizatsiyadan o‘tmoqda hamda endi boshqalarga tahdid qila olmaydi»; harbiy jinoyatchilar xalqaro tribunalga tortiladi.

Ukraina hukumati mamlakat hududlarini rasman annexia qilishga urinishdan keyin bir necha bor Rossiyaning hozirgi prezidenti Vladimir Putin bilan muzokara olib borilmasligini ma’lum qildi. Kiyevning G‘arbdagi ittifoqchilari ham Ukraina hududiy yaxlitligi borasida hech qanday murosaga o‘rin yo‘qligini bildirishgan.

Urush vaqtida Mask Ukraina hukumatiga yordam berib kelmoqda, xususan ularga Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimlari yetkazib berdi, G‘arbdagi jurnalistlar yozishicha, boshqa aloqa vositalari ishlamagan chog‘da bu tizimlar harbiy harakatlar sharoitida muhim rol o‘ynagan.

Bu tizim yuqori tezlikdagi internetdan foydalanish imkonini beradi va Ukraina armiyasiga, jumladan, artilleriya zarbalarini muvofiqlashtirish va dronlarni boshqarish imkonini taqdim etadi.

Maskning taklifidan keyin minglab foydalanuvchilar o‘z e’tirozlarini bildirishdi, jumladan Ukrainaning BMTdagi doimiy vakili Sergey Kislitsa hamda yaqingacha Ukrainaning Germaniyadagi elchisi sifatida ishlagan va hozirda Ukraina TIV vakili bo‘lgan diplomat Ondriy Melnik ham keskin tvitlar qoldirishdi. Melnik Maskning tvitiga ingliz tilida so‘kinib javob qaytargan.

Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Oleksiy Arestovich esa o‘z uslubida hazil qildi.

Foydalanuvchilardan birining u o‘z tvitlari bilan ko‘plab ukrainlarni o‘ziga qarshi qilib qo‘ygani haqidagi gapiga javoban Mask shunday yozgan: «Siz meni mashhur bo‘lish uchun shunday yo‘l tutdi deb o‘ylayapsizmi? Bundan boshqa ishim yo‘qdek. Ammo men millionlab odamlar deyarli bir xil natija uchun behuda o‘lim topmasligi haqida qayg‘uryapman».

Yana bir tvitida u Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun 80 million dollar sarflagani, Rossiya uchun esa bir sent ham sarflamaganini iddao qiladi.

Mojaroli tvit fonida Ukraina prezidenti ham bir tvit qoldirdi. Volodimir Zelenskiy Twitter'dagi sahifasida «Sizga qaysi Ilon Mask ko‘proq yoqadi?» so‘rovnomasini boshladi. Javob variantlari - «Ukrainani qo‘llab-quvvatlaydigan» va «Rossiyani qo‘llab-quvvatlaydigan».

4 oktyabr holatiga ko‘ra, uning so‘rovnomasida qariyb 1,9 mln foydalanuvchi qatnashgan, shundan 80 foizdan ortiq kishi Ukrainani qo‘llab-quvvatlaydigan Mask varianti uchun ovoz bergan.

Maskning seriyali tvitlariga Litva prezidenti Gitanas Nauseda ham reaksiya qildi.

«Donbass va Qrim aholisi Rossiya yoki Ukraina tarkibida bo‘lishni o‘zi hal qilishi» bo‘yicha so‘rovga javoban Nauseda shunday yozgan: «Hurmatli Ilon Mask, agar kimdir sizning Tesla’ning g‘ildiraklarini o‘g‘rilashga harakat qilsa, bu uni na g‘ildiraklarning va na Tesla’ning qonuniy egasi qilib qo‘yadi. U hatto g‘ildiraklar va Tesla unga ovoz berganini da’vo qilsa ham».

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid