13:27 / 04.10.2022
7735

Yevrokomissiya Yevropa ittifoqida elektr ta’minotidagi uzilishlarga tayyorlanyapti

Yevropa ittifoqi komissiyasi fuqarolik muhofazasi dasturi doirasida nafaqat yordamni muvofiqlashtirish va to‘g‘ridan to‘g‘ri amalga oshirish, balki kerak bo‘lganda o‘zining strategik resurslaridan ham foydalanishi mumkin.

Foto: Getty Images

Yevropa komissiyasi Ukrainadagi urush va energetika inqirozi munosabati bilan Yevropa ittifoqi hududida elektr ta’minotida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan uzilishlar va boshqa favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda 4 oktyabr, seshanba kuni gumanitar yordam va inqirozlarni boshqarish bo‘yicha Yevropa komissari Yanez Redaktionsnetzwerk Deutschland (RND) mediaguruhiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Bryusselda voqealar rivojlanishining ikkita ssenariysi ishlab chiqilmoqda. Agar elektr energiyasining to‘liq uzilishi kabi hodisa Yevropa ittifoqining oz sonli mamlakatlariga ta’sir etsa, «Yevropa ittifoqining boshqa davlatlari tabiiy ofatlar paytida bo‘lgani kabi ularni elektr generatorlari bilan ta’minlashi mumkin», dedi Lenarchich. 

Agar favqulodda vaziyat bir vaqtning o‘zida ko‘p sonli mamlakatlarga ta’sir etsa va ular boshqa a’zo davlatlarga favqulodda yordam yetkazilishini cheklashga majbur bo‘lsa, Yevropa komissiyasi o‘zining strategik zaxiralaridan foydalanishi mumkin. 

Yevrokomissarning ta’kidlashicha, inqirozli vaziyatlarda foydalaniladigan bunday zaxiralar qatoriga o‘t o‘chirish samolyotlari, elektr generatorlari, suv nasoslari, yonilg‘i, shuningdek, tibbiy asbob-uskunalar va dori-darmonlar kiradi. Ukrainadagi urushdan oldin ham, koronavirus pandemiyasi davrida ham Yevropa komissiyasi kimyoviy, biologik, radiologik va yadroviy favqulodda vaziyatlarda harakatlarga tayyor edi, dedi Yanez Lenarchich.

Fuqaro muhofazasi mexanizmi Yevropa ittifoqi tomonidan 2001 yilda tashkil etilgan va Favqulodda vaziyatlarda harakatni muvofiqlashtirish markazi tomonidan boshqariladi. O‘rmon yong‘inlari, suv toshqini, zilzilalar va shunga o‘xshash inqirozlar yuz berganda, Yevropa ittifoqiga a’zo davlatlar, shuningdek, dunyoning barcha mamlakatlari yordam olishlari mumkin.

Top