Jahon | 09:10 / 05.10.2022
7071
4 daqiqa o‘qiladi

Daniyadagi neft va gaz konlari yaqinida dronlar aniqlandi

Bir hafta ichida TotalEnergie konserni tomonidan o‘zlashtirilayotgan gaz va neft konlari yaqinida ikki marta noma’lum dronlar kuzatilgan.

Foto: energyvoice.com

«Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim-2» gaz quvurlarining shikastlanishi aniqlanganidan ko‘p o‘tmay, Daniya politsiyasi 1 va 2 oktabr kunlari Shimoliy dengizdagi gaz konlari yaqinida ruxsati bo‘lmagan dronlar parvozi haqida xabar oldi. Buni 4 oktyabr, seshanba kuni Daniya politsiyasi vakili jurnalistlarga tasdiqladi.

Danish Offshoe Industry jurnali ma’lumotlariga ko‘ra, Fransiyaning TotalEnergies energetika konserni tomonidan o‘zlashtirilayotgan Roar gaz koni yaqinida noma’lum dronlar aniqlangan. U Daniya qirg‘og‘idan 200 kilometrdan g‘arbda, eng yirik Daniya gaz koni - Tayra yaqinida payqalgan.

29 sentabr kuni Daniyaning Ekstra Bladet gazetasi va Bloomberg agentligi TotalEnergies 28 sentabr kuni o‘zi o‘zlashtirayotgan Halfdan B neft va gaz koni yaqinida dronlarning «ruxsatsiz faoliyati» kuzatilganini ma’lum qildi, u ham Shimoliy dengizda, Daniya qirg‘og‘idan 210 kilometr uzoqlikda joylashgan. O‘shanda fransuz konserni o‘zining barcha offshor aktivlari va quruqlik obektlarining «xavfsizlik darajasini oshirganini» bildirdi.

AFP agentligi jurnalistlariga bergan intervyusida voqealarni sharhlar ekan, TotalEnergies vakillari 4 oktyabr kuni Daniya rasmiylarini «ehtimoliy kuzatuv» haqida xabardor qilib borayotganini bildirishdi. Kompaniya «xavfsizlik tartib-qoidalari uchun zarur choralarni» ko‘rdi va Daniya «politsiyasi, harbiylari va energetika organlari» bilan aloqada, deya qo‘shimcha qildi konsern.

«Shimoliy oqim» gaz quvurining ikkala tarmog‘ida sizib chiqish ro‘y berganidan so‘ng, Yevropa ittifoqiga Rossiyadan energiya tashuvchilar yetkazib berish kamaygani sababli Daniya va Norvegiya Yevropa energetika bozorida muhim rolga ega bo‘ldi hamda o‘z energetika obektlarida xavfsizlik choralarini kuchaytirdi.

Ayni paytda, «Shimoliy oqim» gaz quvuri operatori Nord Stream AG ilgari so‘ralgan va bunday faoliyat uchun zarur ruxsatnomalar yo‘qligi sababli quvurga yetkazilgan zararni tekshirishni hali boshlay olmasligini aytdi.

«Jumladan, Shvetsiya rasmiylarining bayonotiga ko‘ra, Boltiq dengizi hududida shikastlangan joylar atrofida davlat tekshiruvini o‘tkazish maqsadida kemalar harakati, langar tashlash, suv ostidagi ishlar, boshqariladigan suvosti transport vositalaridan foydalanish, geofizik xaritalash va boshqalarga taqiq joriy etildi. Daniya rasmiylaridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Nord Stream AG so‘rovini ko‘rib chiqish uchun 20 ish kunidan ko‘proq vaqt ketishi mumkin», — deyiladi kompaniya matbuot-relizida.

«Bundan tashqari, Nord Stream AG tomonidan olingan va tadqiqot uchun zarur uskunalar bilan jihozlangan kema egasi hozirda Norvegiya Tashqi ishlar vazirligidan ish joyiga jo‘nab ketishga ruxsat yo‘qligini ma’lum qildi», — deya qo‘shimcha qildi gaz quvuri operatori.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid