19:42 / 06.10.2022
12205

Tailandda bolalar bog‘chasiga hujum qilindi. 38 odam halok bo‘ldi, ko‘pchiligi – bolalar

Tailand shimoli-sharqidagi bolalar bog‘chasiga to‘pponcha va pichoq bilan qurollangan erkak tomonidan qilingan hujumda 38 kishi, shu jumladan, 22 nafar bola halok bo‘ldi. 

Foto: Reuters

Hujum Nongbualampxu viloyatida uyushtirildi. Dastlab politsiya Bangkokda berilgan raqamlarga ega oq Toyota avtomobili qidirilayotgani haqida xabar berdi. So‘ngra, Tailand markaziy tergov byurosi erkak o‘zini o‘ldirgani, bundan oldin xotini va farzandini otib tashlaganini ma’lum qildi. 

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, hujum qilgan erkak – 34 yoshli Panya Kamrab. O‘tgan yili u giyohvandlik moddasini iste’mol qilgani uchun politsiyadan ishdan bo‘shatilgan va hujumdan oldin shu ish bo‘yicha sud mahkamasida ishtirok etgan. 

Tailand matbuoti xabariga ko‘ra, Kamrab ov miltig‘i, to‘pponcha va pichoq bilan qurollangan. Hujumdan oldin u avtomobilida yo‘lovchilarni bosib ketishga ham uringan. 

Foto: AFP, SCREENGRAB FROM TWITTER

Voqea tafsilotlari 

Hujum poytaxt Bangkokdan 500 km shimolroqda, Nongbualampxu viloyatining qishloq hududida sodir bo‘lgan. 

Mahalliy hokimiyat vakillari va guvohlar so‘zlariga ko‘ra, bolalar bog‘chasi binosida 30 ga yaqin tarbiyalanuvchi bo‘lgan. 

Qurollangan erkak tush paytidan keyin binoga bostirib kirgan va bir necha xodimlarni, jumladan, 8 oylik homilador tarbiyachi ayolni otib tashlagan. 

«Avvaliga odamlar mushakbozlik boshlandi deb o‘ylashdi», deb guvohlardan birining so‘zlarini keltirmoqda Reuter. 

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, dastlab erkak bolalar bog‘chasiga farzandini izlab borgan va uning yo‘qligini ko‘rib, bezovtalana boshlagan. Keyin quroldan o‘t ochgan. 

Shundan so‘ng, avtomobiliga o‘tirib, yo‘lovchilar guruhiga urilgan. Uyiga qaytib borgach, xotini va farzandini o‘ldirgan, deb ma’lumot berdi politsiya vakili Paysan Lyusombun. 

Milliy politsiya rahbari general Damrongsak Kittiprapas bayonotiga ko‘ra, erkak qonuniy asosda sotib olingan 9 mm kalibrga ega to‘pponchadan foydalangan. U bir yil oldin giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyati tufayli politsiyadan ishdan bo‘shatilgan. 

Politsiya fikriga ko‘ra, hujum paytida Kamrab amfetamin giyohvandlik vositasi ta’siri ostida bo‘lgan. 

Tailand bosh vaziri Prayut Chan-Ocha jinoyatni qoraladi, qurbon bo‘lganlar oilalariga hamdardlik bildirdi va zudlik bilan tergov o‘tkazish haqida topshiriq berdi. 

Bunday mudhish hodisa Tailandda kamdan-kam uchraydi. 2020 yilda Nakxonratchasima viloyatida harbiy xizmatchi tomonidan amalga oshirilgan hujumda 20 dan ortiq odam halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar jarohat olgan edi.

Mavzuga oid
Top