Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sibirdan frontga. Qurol tutmagan yigitlar qanday jang qiladi va safarbarlik Putinga yordam beradimi?
Ko‘pchilik safarbarlikni allaqachon umidsizlik ishorasi deb atadi: juda kech va juda no‘noq. Hududiy urushlardagi g‘alabalarda toblangan Rossiya armiyasi zarur mobilizatsiya tuzilmalariga ega emas, safarbar qilinganlar esa qisqa vaqt ichida faol armiyaga aylana olmaydi. Bunday harbiylar jang maydonida Ukraina qurolli kuchlari bilan jiddiy raqobatlasha olishi dargumon.
«27 sentabr kuni ularni olib ketishdi, 3 kun 32-harbiy lagerda tunab qolishdi. Kecha esa tunda Rostov viloyati chegarasiga olib borishdi. Hozir ular Luhansk viloyatiga borish uchun texnikani kutishmoqda. Hech qanday tayyorgarliksiz», – dedi Yekaterinburgdan safarbar qilingan yigitning onasi. U astigmatizm tufayli hech qachon armiyada xizmat qilmagan, lekin, aftidan, urushga yuborilmoqda.
Yana bir safarbar qilingan – 26 yoshli sibirlik musiqachi Kirill sentabr oyi boshida Tomskda konsert bergandi. 29-kuni u harbiy qismga jo‘natildi. U ham armiyada xizmat qilmagan.
Bu ikki voqea Vladimir Putin tomonidan 21 sentabrda e’lon qilingan safarbarlik uchun juda xosdir. Safarbarlik tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani sababli joylarda harbiy komissariatlar yuklamani ko‘tara olmayapti, haddan tashqari g‘ayrat solinishi oqibatida esa chaqiruv qog‘ozi duch kelganga berilmoqda. Safarbar etilganlar yashash uchun mo‘ljallanmagan, ko‘pincha isitilmaydigan, hojatxonasiz binolarga joylashtirilmoqda. Ba’zilar esa tunni ochiq havoda o‘tkazishga majbur bo‘lmoqda.
Rossiya qo‘shinlari frontda askarlarga muhtoj. Xarkiv viloyatida Ukraina qurolli kuchlari qarshi hujumiga dosh berolmagan armiya mudofaani kuchaytirishga ulgurmadi va Limanda navbatdagi mag‘lubiyatga uchradi. Endi esa Xerson viloyatida chekinilmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu mag‘lubiyatlarning asosiy sababi – harbiy qismlarda askarlar yetishmasligi. Rossiya prezidenti rejasiga ko‘ra, safarbarlik bu muammoni hal qilishi kerak. Shu tufayli, umrida Kalashnikov avtomatidan o‘t ochmagan sibirlik ikki yigit muntazam armiyaga yordam berish uchun frontga ketmoqda.
SSSR merosi
Harbiy ekspertlar Rossiyadagi safarbarlik armiyaning jangovarlik qobiliyatini oshirishi dargumon ekani haqida urushning birinchi oyidan boshlab gapirishgan edi. Rossiya qurolli kuchlari katta urushga emas, balki mahalliy maxsus operatsiyalarga tayyorgarlik ko‘rgan. Rossiya armiyasi o‘zini sovet armiyasining vorisi deb biladi, lekin undan son va eng muhimi, sifat jihatidan farq qiladi.
Sovetlar ittifoqi parchalanganidan so‘ng, Rossiya Federatsiyasining qurolli kuchlari sezilarli darajada qisqardi va bu yerda gap katta armiyani ushlab turishning imkoni yo‘qligida emas, balki ehtiyoj yo‘qligida – Rossiyaning oldida NATO bilan uchinchi jahon urushiga tayyorgarlik ko‘rish vazifasi yo‘q edi.
Mudofaa vaziri Anatoliy Serdyukov tomonidan amalga oshirilgan islohot qurolli kuchlarni o‘sha paytda dolzarb bo‘lib tuyulgan vazifalar – terrorizmga qarshi kurash va kichik mintaqaviy mojarolarni hal qilish uchun muqobillashtirishga qaratildi.
NATO bloki Afg‘onistondagi qo‘shinlari uchun Rossiya hududi orqali yuk tashidi, qo‘shni davlatlardagi harbiy bazalardan foydalandi, bundan norozi bo‘lganlar esa uzoq o‘tmishda qolib ketgan marginal sifatida qaralardi.
1988 yil boshida SSSR qurolli kuchlaridagi harbiylar soni 4,2 million kishini tashkil etgan. Rossiyada qurolli kuchlarni isloh qilish boshlangan 2008 yilga kelib armiyadagi harbiylar soni 1,2 million kishini tashkil etardi. Qisqartirishdan so‘ng unda bir milliondan kam harbiy xizmatchi qoladi.
Ko‘pgina harbiy ekspertlar yozganidek, islohotlar deyarli yakunlanmay qoldi. Masalan, 2012 yilda harbiy ekspert Aleksandr Xramchixin armiyada oddiy askarlarni tayyorlashga mas’ul bo‘lgan serjantlar instituti tiklanmaganini ta’kidladi: «Hozirgi serjantlarning aksariyati juda ishtiyoqsiz, zarur tayyorgarlikka, yetakchilik fazilatiga ega emas, psixologik barqarorligi va ta’lim darajasi past».
Amerikalik harbiy ekspertlar Robert Li va Maykl Kofman 2022 yil iyul oyida New Times jurnalida chop etilgan maqolada yozishicha, islohotlar yakuniga yetkazilmagani sababli, Rossiya Mudofaa vazirligi quruqlikdagi qo‘shinlarda tayyorgarligi yomon bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchilar va shartnoma asosidagi askarlar xizmatiga tayanishga majbur bo‘lmoqda.
«Yangi vazir Sergey Shoygu Rossiya armiyasidagi polk va diviziyalarni tiklashga kirishdi. Ammo tajribali harbiylar yetishmasligi oqibatida harbiy qismlar to‘lmay qoldi. Ukrainada urush boshlangach esa harbiy xizmatchilarning jiddiy tanqisligi yuzaga keldi – yangi chaqirilganlar kamdan kam hollarda frontga yuborildi, tajribali kontraktchilar esa shunchaki yetishmasdi.
Natijada Rossiya harbiy texnikasi yetarli sharoitda, ammo kadrlar tanqisligi keskin bo‘lgan armiya bilan urushga kirishdi», deyiladi Li va Kofman maqolasida.
Darhaqiqat, Ukrainadagi urushda ofitserlar tomonidan vzvod (30-40 jangchi) yoki undan ham kichikroq bo‘lgan qismlarni boshqarish holatlari bo‘ldi. Bu ofitserlar safidagi katta yo‘qotishlarga olib keldi. BBC ma’lumotlariga ko‘ra, 2 sentabr holatiga Ukrainada halok bo‘lgan rossiyalik 6024 askarning 1025 nafari, ya’ni 17 foizi ofitserlar, shulardan 4 nafari general va 35 nafari polkovnikdir.
Ofitserning urushdagi o‘limi ko‘pincha uning serjant sifatida jang maydonida askarlarga qo‘mondonlik qilgani, ularni hujumga shaxsan boshlab borgani yoki mudofaani ushlab turishga majbur bo‘lganini anglatadi. Vaholanki, ofitser qo‘l ostidagilar orqali jangga rahbarlik qilishi kerak.
Sovet armiyasida tinchlik davri uchun mo‘ljallangan «ixcham qismlar» bo‘lgan. Unda asosan ofitserlar xizmat qilgan. Mabodo, urush boshlansa, bu qismlarga zaxiradagi askarlar chaqirilib, tezda harbiy mahoratini tiklab olishi, jangovar holatini yaxshilashi va armiya nisbatan tayyor harbiy qismlarga ega bo‘lishi nazarda tutilgan. 2008 yilgi islohotlar jarayonida bunday «ixcham qismlar» yo‘q qilindi.
Ehtimol, endi safarbar qilinganlardan yangi qismlar tuziladi yoki ular frontda askar tanqisligiga uchragan qismlarni to‘ldirish uchun yuboriladi. Yoki ikkala jarayon ham bir vaqtning o‘zida olib borilishi mumkin.
Tayyorgarlikdan o‘tmagan askarlar qanday jang qiladi?
Rossiya harbiylari uchun tayyorgarlikdan o‘tmagan askarlar holati qanchalik jangovar bo‘lishini tushunish qiyin emas – Kreml tomonidan boshqariladigan «LXR» va «DXR» hududida bir necha oydan beri nafaqat ommaviy safarbarlik, balki erkaklarga haqiqiy ov davom etmoqda. Ular duch kelgan joyda, ko‘chada, yo‘lda, avtobusda ushlanib, frontga yuborilmoqda.
«DXR» «xalq militsiyasi» va Rossiya armiyasi tarafida jang qilgan askarning BBC bilan suhbatda aytishicha, ommaviy safarbarlik paytida turli odamlar frontga kelib qolgan. Ularning orasida o‘zini xotirjam tutganlar ham bor, lekin juda qo‘rqib qolganlar ko‘proq uchramoqda.
«Ularning ba’zilari portlash paytida xandaq burchagiga tiqilib, xuddi falaj bo‘lgandek yotib olishardi. Boshqalari esa vahimaga tushib qolishardi. Ularni o‘ziga keltirib, safga qaytarishga to‘g‘ri kelardi», dedi u.
7 sentabr kuni sobiq «DXR mudofaa vaziri» Igor Girkin (Strelkov) o‘z blogida tayyorgarlikdan o‘tmagan askarlardan tashkil topgan Donetsk «militsiyasi» qanday jang qilgani haqida yozdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu qism komandirlari kampaniya boshida hatto avtomatni qanday o‘qlashni ham bilmagan.
«Yoz oxirida dushman to‘satdan rota handaqlarini artilleriya orqali o‘qqa tutdi. Yagona aloqa vositasiga ega qo‘mondonlik punkti darhol yo‘q qilindi. Komandirsiz qolgan (qandli diabeti bor bo‘lsa-da, safarbar qilingan, so‘ngra betob bo‘lib yotib qolgan edi) vzvodlardan biri o‘qqa tutish to‘xtagach, darhol qocha boshladi. Boshqa bir vzvod handaqdan chiqqan zahoti yengida ko‘k bog‘ichi bo‘lgan, tish-tirnog‘igacha qurollangan odamlarga yo‘liqdi. Qochmoqchi bo‘lganlar otib tashlandi, qolgani taslim bo‘ldi. Uchinchi vzvod kuni bo‘yi dushmanga qarshilik ko‘rsatdi, hatto qandaydir zarar yetkazgan bo‘lishi ham mumkin», deb yozdi u.
Girkinning ta’kidlashicha, tayyorgarlikdan o‘tmagan qism muhandislik vositalari bilan ta’minlanmagan va juda katta maydonni himoya qilish uchun tayinlangan.
2014 yilda «Vostok» bataloni boshlig‘i sifatida mashhur bo‘lgan, o‘zini o‘zi e’lon qilgan «DXR» dala qo‘mondoni Aleksandr Xodakovskiy ham tayyorgarlikdan o‘tmagan va tajribasiz qo‘mondonga ega qism harakatlarini tasvirlab berdi.
«Safarbarlik e’lon qilinishidan oldin tuzilgan qismlardagi jangchilarning xatti-harakati hayvonot bog‘ida tug‘ilib o‘sgan va erkinlikka qo‘yib yuborilgan yovvoyi hayvonnikiga o‘xshaydi. Bir rota aholi yashash punktiga kirdi va yo‘l bo‘yida joylashdi, harbiy komplektlarni to‘g‘ri to‘rtburchak shaklida o‘rnatdi, qulay bo‘lishi uchun texnikani ham ularning yonida qo‘ydi. Yaxshiyam ofitserlardan biri vaqtida kelib qoldi va hammani yerto‘laga haydashga ulgurdi. O‘sha joy artilleriyadan o‘qqa tutilib, bir zumda yo‘q qilindi».
«Bugun xuddi shu rota kolonnasi A nuqtadan B nuqtaga borishga qaror qildi va aynan dushman pozitsiyasi oldida qamalga uchradi, kamdan kam odam o‘q yomg‘iridan qutulib qoldi», deyiladi Xodakovskiy matnida.
Ijtimoiy tarmoqlar va matbuotdagi xabarlarga ko‘ra, safarbar qilinganlarning bir qismi harbiy tajribaga ega bo‘lmasa-da, darhol frontga jo‘natilmoqda. Ehtimol, ular bilan mavjud qismlar to‘ldiriladi.
Boshqalari o‘quv markazlariga yuborilmoqda, ehtimol ulardan yangi qismlar tashkil etiladi. Bu qismlar tajribali ofitserlar, qurol-yarog‘ va texnika yetishmasligiga duch kelishi mumkin.
YEVGENY YEPANCHINsEV/TASS
Rossiya Mudofaa vazirligi tayyorgarlikdan o‘tmagan askarlarni frontga jo‘natmaslikka va’da bermoqda.
«Qisman safarbarlik doirasida zaxiradan chaqirilgan fuqarolar va ko‘ngillilar jangovar topshiriqlar bajariladigan hududlarga yaqin joylashgan poligonlarda jangovar harakatlarni muvofiqlashtirishni boshladi. Safarbar qilingan fuqarolar va ko‘ngillilardan iborat qismlar jangovar tayyorgarlikdan so‘ng, ozod qilingan hududlarni nazorat va mudofaa qilishni boshlaydi», – deyiladi 29 sentabr kuni Mudofaa vazirligi xabarida.
Ismi sir qolishni so‘ragan rossiyalik harbiy ekspert shunday dedi: «Safarbar qilinganlarni nazorat-o‘tkazish punktlari va omborlarni mudofaa qilish uchun tayinlash mumkin, chunki juda ko‘p qo‘shinlar garnizon va qo‘riqchilik xizmatini o‘tamoqda. Shuningdek, ularni Suriya yoki Qorabog‘ga ham yuborsa bo‘ladi, u yerda kontraktga ega harbiylar xizmat qilmoqda. Saxalin va Kuril orollarini ham kontraktchilar qo‘riqlayapti va h.k.. Shuningdek, ular albatta frontga ham yuboriladi».
Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda safarbar qilingan odamlar harbiy xizmat tajribasi bo‘lmasa ham frontga jo‘natilayotgani haqida ko‘plab xabarlar tarqalmoqda.
«Avtomatni qo‘lida bir necha marta ushlagan xolos»
«Akam uch yil oldin armiyada xizmat qilgan. U oddiy o‘qchi. Dushanba kuni uni go‘yoki o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga olib ketishdi. O‘sha yerda kiyim-bosh, poyabzal berishdi. Bir-ikki kundan keyin frontga yuborilishini aytishdi. Hech qanday tayyorgarliksiz. U harbiy xizmat chog‘ida avtomatni qo‘lida bir necha marta ushlagan xolos», dedi Omsk oblastida yashovchi Tatyana.
Kirill (maqola boshidagi yigit bilan adash) tinchlik davrida Yelanskiy garnizonida harbiy o‘quv-mashg‘ulotidan o‘tgan. Hozir u yerga safarbar qilinganlar to‘planmoqda. Ular qor ustiga qurilgan chodirlarga joylashtirilgan. Safarbar qilinganlar hech qanday tayyorgarlikdan o‘tmaydi, chunki, buning uchun imkoniyat yo‘q. Bunday ulkan garnizon uchun instruktorlar yetarli emas. Bundan tashqari, «piyoda askarlarga tayyorgarlikdan o‘tish shartmas», deb tushuntiradi Kirill.
«Bitta o‘quv rotasida o‘rtacha 120 nafar chaqiriluvchi bo‘ladi, ularga 12 nafar kichik serjant rahbarlik qiladi», – deydi Kirill garnizondagi o‘qish paytini eslab. «Bu to‘dani to‘rt nafar ofitser boshqaradi, ularning yarmi doimiy ta’tilda. Rota komandiri ham bo‘ladi. Mashg‘ulotlar to‘rt oy davom etadi va uning yakuniga ko‘ra hech kim hech narsani o‘rganolmaydi, o‘rganishi ham imkonsiz. Bu o‘quv sxemasi shunday yo‘lga qo‘yilgan. Safarbar qilinganlar uchun yangisini tashkil etish shunchaki ilojsiz va bu hech kimga kerak emas».
Rossiya tarkibiga kiruvchi Boshqirdiston Respublikasida yashovchi Yuriy uchta batalondan motoo‘qchilar polki tuzilayotganini biladi. Batalonlarning har biri 120 kishilik to‘rtta rotadan iborat. Yaqin kunlarda 4 mingga yaqin askar Ukrainaga yuboriladi. Yuriyning kayfiyati yaxshi. «Hamma harbiy xizmatdan o‘tgan, nima qilishni biladi, endi oldin o‘rganganlarimizni esga solib olamiz», deydi u. Harbiy tayyorgarlik tafsilotlaridan bexabar yoki aytishni istamaydi: «G‘alaba qozonish uchun zarur bo‘lgan hamma narsani o‘rgatishadi».
Yuriy g‘alaba juda muhim ekanini ta’kidlaydi: «Rossiyaga shart qo‘yishni istayotgan, o‘z qoidalarini o‘rnatishga urinayotgan, nimanidir talab qiladigan, nimanidir majburlaydigan har bir raqib ustidan g‘alaba qozonish muhim. Bizga qarshi bo‘lganlarning har biri ustidan g‘alaba. Narx qanday bo‘lishidan qat’i nazar, tomirimizda bobolarimizning qoni oqadi va biz hech narsani ayamaymiz».
Qo‘shin soni ahamiyatga egami?
Isroillik harbiy ekspert David Gendelman fikriga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlarining taxminiy soni 170 ming kishi ekani hisobga olinsa, Sergey Shoygu o‘z nutqida aytgan 300 ming kishi katta rol o‘ynashi mumkin.
«O‘qchilar va boshqa oddiy harbiy mutaxassislar deyarli hech qanday tayyorgarliksiz, bir necha kun yoki ko‘pi bilan bir necha hafta ichida jo‘natilishi mumkin. Tayyorgarligi yo‘qligi va tajribasizligi tufayli bunday o‘qchining jangovar samaradorligi past bo‘ladi. Ammo bu baribir yana bir askar. Umuman olganda, Rossiya qurolli kuchlari muammosi sifatda emas, balki sonda. Tankchilar, artilleriyachilar va boshqalar uchun mashg‘ulotlar uzoqroq davom etishi kerak, ammo yangi safarbar qilinganlar iloji boricha tezroq jo‘natilishi lozim».
Rossiyada qancha odam safarbar qilinishi noma’lum. Matbuotda bu raqam Vladimir Putin farmonining hammadan yashirilgan yettinchi bandida borligi haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. «Novaya gazeta» o‘z manbasiga tayanib, qisman safarbarlik to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, bir milliongacha odam chaqirilishi mumkinligi haqida xabar berdi. Bundan yuqori raqamlar ham tilga olindi. Kreml bu ma’lumotlarni rasman rad etadi, ammo aniq ko‘rsatkichlar yo‘q va ko‘pchilik Shoygu e’lon qilgan 300 ming raqamiga ishonmaydi.
Harbiy tayyorgarlik muhimligi, masalan, tank ekipajining jangovar samaradorligiga ta’siri sovet davrida ham tadqiqot mavzusi bo‘lgan.
1989 yilda SSSR Vazirlar Kengashi prezidiumining harbiy-sanoat masalalari bo‘yicha qo‘mitasi vakili Yuriy Kostenko «Tank ekipaji malakasini tanklarning jangovar samaradorligiga ta’siri» maqolasini yozadi va unda tankchilarni tayyorlash tizimini tanqid qildi.
Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, tank duelida o‘rtacha tayyorgarlikka ega bo‘lgan ekipaj uchun dushmanni mag‘lub etish ehtimoli yuqori malakali tankchilarga qaraganda uch baravar past.
Zirhli harbiy texnika sohasidagi ukrainalik ekspert Andrey Tarasenkoning so‘zlariga ko‘ra, hatto Rossiya armiyasida xizmat qilganlar frontga jo‘natilgan taqdirda ham, bu ularning yuqori malakasini kafolatlamaydi, chunki Rossiyada sovet davridan buyon tankchilarni tayyorlashga kam e’tibor berilgan.
«O‘q-dorilar, motorli resurslar uchun iste’mol me’yori kamaytirilgan, ko‘pi bilan 20-30 ta o‘qqa tushirilgan, 10 nafar kursantdan faqat biri snaryadni amalda otib ko‘rgan, har bir kursantning haydagan masofasi 1,5 ming kilometrdan oshmagan. Bu sovetlar ittifoqining gullagan davrida edi. Keyinchalik bu qoniqarsiz vaziyat yo‘qolmadi, balki yanada yomonlashdi», dedi u.
«Gap ekipajning jangovar mahoratini tiklab olish haqida emas, balki bu ko‘nikmalar dastlab o‘zi bo‘lgani yoki yo‘qligi haqida», deb qo‘shimcha qildi u.
Ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar va guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya armiyasining Ukrainadagi qo‘shinida haqiqatan ham tajribali harbiylar, xususan, tank ekipajlari tanqis. Shu bilan birga, janglardan omon qolganlarning ko‘pchiligi zarur jangovar tajribaga ega bo‘lib, ancha samarali harakat qila boshlagan.
Bu fikrlar piyoda askarlardan tortib zenit-raketa komplekslari operatorlarigacha bo‘lgan boshqa mutaxassislarga ham tegishli. Jangovar tajriba harbiylarning hayoti evaziga orttirildi. Tayyorgarlik ko‘rmagan qo‘shinlarning jangovarlik qobiliyati oz bo‘lsa ham oshirilishi uchun ular front ortiga, mashq qilishga yuborilishi kerak. Biroq, bunday tayyorgarlik tajribali harbiy xizmatchilarning frontdan chaqirib olinishini talab qiladi, oqibatda jangovar qismlar zaiflashadi.
«Tarixda ko‘p marta bo‘lgani kabi, yo‘qotishlar evaziga tajriba orttiriladi», dedi Andrey Tarasenko.
Yomon tayyorlangan, ammo ko‘p sonli qo‘shinlarning kamchiliklari zamonamizga xos xususiyat emas. Ularni 1920-yillarda rus va sovet harbiy nazariyotchisi Aleksandr Svechin «Strategiya» kitobida tasvirlagan.
«Yomon askar xuddi yaxshi askar kabi oshqozonga ega, vagonda bir xil joy egallaydi. Ammo urush boshlangach, u ancha qimmatga tushadi. Chunki o‘q-dorilarni tejab o‘tirmaydi va avtomatlar uning qo‘lida isrofning dahshatli quroliga aylanadi. Yomon rotadagi barcha zaxiralar o‘ylab o‘tirmasdan tugatiladi: bu ilma-teshik elak, har doim juldur kiyingan va qurolsiz, chunki u aslahalarni sotadi, shineli va etigini yo‘qotadi, qurollar va aloqa vositalarini jang maydonida qoldiradi», deyiladi kitobda.
«To‘g‘ri, ular xuddi yaxshi rota kabi yo‘llarda zahmat chekadi, loy kechadi, yomg‘irda iviydi. Ammo shifoxonalarni o‘z bemorlari bilan taqqoslab bo‘lmas darajada to‘ldiradi, mahalliy mablag‘larni quritadi, mahalliy aholini bezdiradi, jangda katta yo‘qotishlarga duchor bo‘ladi (shu jumladan o‘zini otib qo‘yish orqali ham)», – deb yozadi Svechin.
Serjantlar bilan bog‘liq muammolar
Rossiya armiyasida tajribali jangovar qo‘mondonlarning kichik zvenosi yetishmayapti. Bu muammo sovet davridan qolgan.
Kichik qo‘mondonlik tarkibini shakllantirish bilan bog‘liq qiyinchiliklar sovet davrining so‘nggi yillarida ham bo‘lgan. Urushdan keyingi yillarda bunday muammo yo‘q edi – ofitserlar, serjantlar va brigadirlarning aksariyati urushda qatnashish tajribasiga ega bo‘lgan. Ularning yangi chaqirilganlar oldidagi obro‘si juda baland edi.
Urush ko‘rganlar nafaqaga chiqqani sababli, sovet armiyasi tajribali kichik qo‘mondonlar tanqisligiga duch keldi. Bu bo‘shliq harbiy xizmatni o‘tagan, biroq armiyada qolishga qaror qilgan iste’fodagi askarlar bilan to‘dirildi. Ya’ni hozirgi kontraktchilar bilan. Ammo ular barcha qo‘shinlar uchun yetarli emas edi.
Keyinchalik sovet ittifoqida yangi harbiy iyerarxiya tizimi paydo bo‘ldi – «dedovshchina». Serjantlar vazifasini ko‘pdan beri xizmat qilayotganlar – «qariya»lar (ruschasiga «ded») o‘z zimmasiga oldi. Bunday «institut» kriminal an’analarni o‘zlashtirdi, shafqatsiz, xunuk va harbiy subordinatsiya tamoyillariga zid edi, lekin u ish berdi. Ofitserlar kichik komandirlar maktabini tugatib, 6 oy oldin xizmatga kelgan yosh serjantlardan ko‘ra, 1-1,5 yil xizmat qilgan «qariyalar»ga ko‘proq tayana boshladi.
Oqibatda, sovet armiyasida serjantlar instituti «yasama» bo‘lib qoldi. Pogonida ikkita hoshiyaga ega bo‘lgan va 1 yillik xizmatni o‘tagan harbiy xizmatchida hech qanday haqiqiy hokimiyat qolmadi, barchasini «ded»lar boshqarardi. Ularning tushunchasiga ko‘ra, birinchi kurs serjanti xuddi boshqa oddiy askarlar kabi «dux» edi.
Albatta, xizmatning ikkinchi yilida serjant o‘z mavqeyini tiklab olardi, biroq, uning o‘rnini har qanday boshqa «ded» egallashi mumkin edi: «Sanya, bir chekib kel, bu «dux»ni o‘zim tarbiyalayman».
Jangovar sharoitlarda, Afg‘oniston va Chechenistonda bo‘lgani kabi, tajriba ko‘pincha pogondagi hoshiya va yulduzchalardan ko‘ra ko‘proq qadrlangan. «Ded» albatta yaramas odam, ammo jangda, qiyin vaziyatga tushib qolganda, katta ehtimol bilan aynan u yordam beradi, deb o‘ylashgan yosh askarlar.
Safarbar qilinganlarni kim boshqaradi?
Rossiyaning yangi armiyasida «dedovshchina» an’analari yo‘qolmadi.
«Harbiy bilim yurtini yaqinda bitirgan leytenant, starshina yoki hatto kapitan 40-45 yoshli safarbar qilinganlar oldida qanday obro‘ga ega bo‘lishi mumkin? Ular Checheniston tepaliklari va istehkomlarini shturm qilgan paytda, bu komandirlar hali juda yosh bola edi», deydi sovet armiyasida xizmat qilgan sobiq harbiy.
«30 yoshli oddiy jangchi uchun ham 23 yoshli leytenant shunchaki «bolakay». O‘sha «dux». «Qariyalar» faqat jangovar tajribaga ega ofitserni hurmat qiladi. Aks holda «toshini terishga» jo‘natishadi, deydi u. Urush ko‘rgan ofitserni qayerdan olish mumkin? Faqat frontdan. Urush ko‘rmagan «kalamush» qanday lavozimda bo‘lmasin, darhol oshkor bo‘ladi.
«Ded»larning foydasi bormi?
Bir urushda orttirilgan mahorat ko‘pincha boshqasida foydasiz bo‘ladi. Birinchi chechen kampaniyasida afg‘on faxriylari Shimoliy Kavkazga ketayotgan qo‘shinlarga ustozlik qilishgan. Keyin ular omon qolganlardan «yigitlar, haqiqiy urushni ko‘rmagan ekansiz», degan xabarlarni olishdi, deb eslaydi Afg‘onistonda xizmat qilgan harbiylardan biri.
«Urush ko‘rgan afg‘onchi»ning maslahati ko‘pincha noo‘rin bo‘lib chiqdi, chunki Hindukushning tog‘li hududlarida tarqoq, yengil qurollangan va ko‘pincha tayyorgarligi past bo‘lgan mahalliy jangchilarga qarshi jang qilish shartlari boshqacha edi. Shimoliy Kavkazning o‘rmonli tog‘laridagi jangchilarning ko‘pchiligi sovet armiyasida tayyorgarlikdan o‘tgan, qurollangan va yaxshi kiyingan edi», deb eslaydi harbiy xizmatchi.
DMITRY AKHMADULLIN/TASS
Rossiya armiyasi Ukrainada bundan ham qudratli raqibga duch kelmoqda, bu yerda oldingi harbiy amaliyotlar tajribasi – u Checheniston yo Gruziya yoki Suriyada olingan bo‘lsin, nafaqat foydasiz, balki zararli bo‘lishi ham mumkin. Zamonaviy urush texnologiyalashdi. Agar askar 20 yil oldingi taktikaga amal qilsa, uning jang maydonida halok bo‘lish ehtimoli yuqori. Ijtimoiy tarmoqlardagi videolarda ko‘rish mumkin: askar xandaqda o‘tiradi, undan chiqmaydi, chekmaydi, yashiringan joyini sezdirmaydi, lekin dron uchib keladi va uning ustiga granata tashlaydi.
Jismoniy tayyorgarlik holati
Safarbar qilinganlarning jismoniy tayyorgarligi darajasi juda muhimdir. Aslida, professional harbiy xizmatchi – bu sportchi (professional sportchilar 35-40 yoshida, ba’zi sport turlarida undan ham oldinroq faoliyatini yakunlaydi). Ba’zan 50-60 yoshli sportchilar va harbiylar ham uchraydi, ammo bu istisno.
Urush hududida askar duch keladigan yuklama darajasi juda katta. Masalan, desantchilar pulemyotchisining yelkasida ko‘tarib yuradigan yuki 60 kilogrammdan oshishi mumkin. Kalashnikov avtomati uchun standart harbiy komplekt (2 mingta o‘q bilan) – 50 kilogrammgacha. Bunday komplektni faol janglarda yarim soat ichida sarflab yuborish mumkin. Pulemyotning o‘zi 9 kilogramm vaznga ega. Zaxira stvoli, pulemyot qutisi, sapyor belkuragi, dubulg‘a, zirhli jilet – yana 15 kilogramm. Bundan tashqari, forma. Qo‘shimchasiga, radio stansiyasi, teplovizor, durbin, birinchi tibbiy yordam qutisi bo‘lishi mumkin, quruq payok, suv idishi, qozoncha, uxlash xaltasi, issiq kiyimlar va boshqa foydali mayda narsalarni aytmasa ham bo‘ladi.
O‘q-dorilarning yarmi, pulemyot qutisi va kamarlarni yordamchi jangchi ham ko‘tarib yurishi mumkin. Ammo uning o‘zida ham avtomat va o‘q-dorilar zaxirasi bo‘ladi. Odatda yuklar teng taqsimlanadi. Afg‘oniston va Chechenistonda desantchining jangovar ryukzaki vazni 60 kilogrammga yaqin bo‘lgan. Zamonaviy jihozlar ancha yaxshilandi va yengillashdi, ammo qurol va o‘q-dorilar vazni o‘zgarmadi.
Shularni ko‘targan holda yurish, chopish va gohida choh qazish ham kerak.
«Urush, birinchi navbatda, og‘ir, jismoniy mehnat, ko‘pincha inson toqatidan ortiq darajada. U joy vatanparvarlik haqidagi filmlarini ko‘rib, TV orqali aytilgan balandparvoz gaplardan ilhomlangan romantiklar uchun emas. Ayniqsa, so‘nggi besh-o‘n yil ichida bir krujka pivodan og‘irroq narsa ko‘tarmaganlar uchun emas», deydi sobiq harbiy.
Ukraina bunga qanday javob beradi?
Zamonaviy quruqlikdagi urushlarda qo‘shinlar soni hali ham katta ahamiyatga ega ekaniga ishonchi komil bo‘lgan isroillik ekspert David Gendelmanning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya armiyasi safarbar qilinganlar bilan to‘ldirilganidan keyin ham Ukraina ularni to‘xtatish uchun yetarli qo‘shinga ega.
«Shu sababli, Ukraina rahbariyati millionlab erkaklarni zaxirada ushlab turibdi va xorijga chiqarmayapti, ular keyingi safarbarlik uchun kerak bo‘ladi. Chunki qo‘shin soni muhim. Resursdan to‘g‘ri foydalanish yaxshi va ajoyib, ammo buning uchun avvalambor bu resursga ega bo‘lish kerak. Bunday ulkan armiyasiz [Ukraina qurolli kuchlari oliy bosh qo‘mondoni Valeriy] Zalujniy o‘zida mujassam qobiliyati bilan faqat TIME jurnali varaqlarini silkitgan bo‘lardi. Hech qanday «Haymars»lar yordam berolmasdi. Buni Ukraina rahbariyati juda yaxshi biladi. Qo‘shin soni juda muhim», deb yozdi u ijtimoiy tarmoqda.
Ukrainalik harbiy jurnalist Yuriy Butusovning aytishicha, o‘nlab va yuz minglab askarlarning frontga kelishi Rossiya armiyasiga mudofaa chizig‘ini to‘ldirish imkonini beradi va shunga mos ravishda ukrainaliklarning hujumkor harakatlarini murakkablashtiradi. Ammo u safarbar qilinganlardan tuzilgan qismlarning faol jangovar harakatlar olib borish qobiliyatiga ishonmaydi.
Ukraina prezidenti ofisi rahbarining maslahatchisi Mixaylo Podolyak so‘zlariga ko‘ra, 300 ming kishi safarbar qilinishi haqidagi bayonotlardan katta ehtimol bilan psixologik samara ko‘zlangan, «tayyorgarlikka ega bo‘lmagan juda ko‘p odamlarni samarasiz armiyaga chaqirilishi jang maydonidagi holatga jiddiy ta’sir qilmaydi».
Podolyakning eslatishicha, Ukrainada bosqinning birinchi kuni, 24 fevralda rasman boshlangan safarbarlik urushning birinchi haftalaridagidek tez sur’atda bo‘lmasa-da, hozir ham davom etmoqda.
«Biz jang maydonidagi matematikani kuzatib boramiz va kerak bo‘lsa, ma’lum tuzatishlar kiritamiz. Ammo yana bir bor ta’kidlayman, safarbarlik dasturimiz allaqachon yakunlangan. Bugungi kunda safarbarlik asosan ba’zi o‘ziga xos, noyob hisoblangan harbiy mutaxassisliklar bo‘yicha olib borilmoqda», dedi u.
Ukraina hamon 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan erkaklarning xorijga chiqishini taqiqlaydi, kamdan kam holatlar bundan mustasno. Yaqinda shunga o‘xshash istisnolardan biri olib tashlandi: chegarachilar, go‘yo hujjatlarning tez-tez qalbakilashtirilishi tufayli xorijda ta’lim olayotgan talabalarini Ukrainadan chiqarmay qo‘yishdi.
Shubhasiz, bunday cheklovlar ko‘plab odamlarni qurol ostiga qo‘yishga to‘g‘ri keladigan voqealarning rivojlanishi ehtimoli tufayli rasmiylar tomonidan saqlanib qolgan.
Yaqinda Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov Rossiyada e’lon qilingan safarbarlik mamlakatda qo‘shimcha safarbarlikka olib kelishi mumkinmi degan savolga aniq javob bermadi va Kiyev zaxiradagilarni shakllantirish va tayyorlash bo‘yicha oldindan belgilangan choralarni ko‘rayotganini eslatdi.
Masalan, uning so‘zlariga ko‘ra, Buyuk Britaniya ukrainalik 30 ming askarni tayyorlashni zimmasiga oldi – «qo‘y podasidek haydalmagan, g‘ayratli odamlar»ni. Vazir so‘zlariga ko‘ra, boshqa mamlakatlar ham Londondan o‘rnak olmoqchi. «Ukrainada qo‘shimcha safarbarlik haqidagi savolga aniq javobni faqat qurolli kuchlar Bosh shtabi berishi mumkin», dedi Reznikov.
Ukraina harbiy rahbariyati hozircha Rossiyadagi safarbarlikka javoban o‘z rejalarini oshkor qilgani yo‘q.
Ammo Rossiyadagi safarbarlikning ilk kunida Ukraina qurolli kuchlari oliy bosh qo‘mondoni, general Valeriy Zalujniy qisqacha murojaat bilan chiqdi: «Yerimizga qurollangan holda ixtiyoriy yoki safarbarlik yo‘li bilan kelgan barchani yo‘q qilamiz».
Mavzuga oid
10:00
Germaniya Ukraina uchun yana 300 million yevro ajratadi
10:25 / 09.06.2026
Kiyev va Vashington Ukrainadagi urushni tugatish masalasini muhokama qildi
08:45 / 09.06.2026
Ukraina Rossiyani BMTdan chiqish haqida o‘ylab ko‘rishga chaqirdi
20:04 / 08.06.2026