Jahon | 10:10 / 07.10.2022
30813
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Rossiya yadroviy zarbaga tayyorlana boshlasa, unga «ogohlantiruvchi» zarba berishga chaqirdi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 6 oktyabr kuni videoaloqa orqali Avstraliyaning Loui institutida videoaloqa orqali qilgan ma’ruzasida NATO «Rossiyaning yadro qurolidan foydalanish ehtimolini istisno qilish» uchun Rossiya Federatsiyasiga qarshi oldindan «ogohlantiruvchi» zarba berishi kerakligini ta’kidladi.

Foto: Twitter

Shu bilan birga prezident yadroviy zarbani yoki oddiy qurollar bilan zarba berishni nazarda tutayotganiga aniqlik kiritmagan.

«NATO nima qilishi kerak?» - deya savol qo‘ygan Zelenskiy va uning o‘zi javob qaytargan: - Rossiya tomonidan yadro qurolidan foydalanish ehtimolini yo‘q qilishi kerak...»

«Ammo muhimi, men yana bir bor 24 fevralga qadar bo‘lgani kabi xalqaro hamjamiyatga murojaat qilaman: ular (yadro qurolidan) foydalansa, nima kutayotganini bilishi uchun ogohlantiruvchi zarbalar (berish kerak). Aksincha emas. Rossiyaning yadro zarbasini berishini kutib, so‘ngra: «Voy, shunaqa qildingmi, mana senga bizdan!» demaslik uchun. Bosim o‘tkazish usulini qayta ko‘rib chiqish lozim. NATO shunday qilishi kerak: foydalanish tartibini qayta ko‘rib chiqishi lozim», dedi Zelenskiy.

Bu bayonot ortidan Ukraina prezidenti matbuot kotibi Sergey Nikiforov zudlik bilan izoh berdi va Ukraina yadro qurolini qo‘llagan holda ogohlantirish zarbasi berishga chaqirmayotganini ta’kidladi.

«Hamkasblar, sizlar yadro vasvasiga chuqur kirishib ketdingiz, endi esa aslida yo‘q joylarda ham yadro zarbalarini eshityapsiz.

Prezident 24 fevralga qadar bo‘lgan muddat haqida gapirdi. O‘shanda Rossiya urush boshlashiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ogohlantiruvchi choralar qo‘llash kerak edi. Eslatib o‘taman, o‘sha vaqtda faqat oldini oluvchi sanksiyalargina muhokama etilgandi», deya yozadi Nikiforov feysbuk sahifasida.

Nikiforovning so‘zlariga ko‘ra, bu mojaroda «dunyoni Zaporijjya AESdagi portlashlar bilan shantaj qilish va yadro qurolini qo‘llashga hadeb shama qilaverish»ni faqat Rossiya o‘ziga ep ko‘rmoqda.

«Ukrainadan bunday chaqiriqlarni hech qachon eshitmaysiz», deya qayd etgan u.

Volodimir Zelenskiyning bayonoti kutilganidek Rossiyada keskin reaksiyalarga sabab bo‘ldi.

Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Zelenskiyning so‘zlariga butun dunyo, ayniqsa AQSh, Buyuk Britaniya va YeI davlatlari e’tibor qaratishi lozimligini aytdi, chunki uning nuqtayi nazariga ko‘ra, bu «oldindan aytib bo‘lmaydigan dahshatli oqibatlarga olib keluvchi jahon urushini boshlashga da’vat» hisoblanadi.

«Bunday bayonotlar bashorat qilib bo‘lmaydigan dahshatli oqibatlarga olib keluvchi navbatdagi jahon urushini boshlashga chaqirishdan boshqa narsa emas», deb qo‘shimcha qildi Peskov.

Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova esa «G‘arb yadro urushini qo‘zg‘ayotgani»ni aytib, Zelenskiyni «o‘z qo‘llari bilan sayyorani yo‘q qila oladigan maxluq» deb atadi.

Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak ham Nikiforov kabi Zelenskiy yadro qurolidan ogohlantiruvchi zarba berishga chaqirmaganini aytib o‘tdi.

«Rossiyaliklarning navbatdagi feyki. 1. Zelenskiy Rossiyaga yadro quroli bilan oldini oluvchi zarba berish haqida bitta ham so‘z aytmadi. 2. Zelenskiy Rossiyaning yadro shantaji haqida eslatdi va dunyoga Rossiya uchun oqibatlarni oldindan aniqlash hamda Rossiyaga qarshi zarbalarni kuchaytirishni taklif etdi - sanksiyalar va Ukrainaga qurolli yordam orqali», deya yozdi Podolyak tvitterida.

Vladimir Putinning o‘zi bir necha bor yadro quroli qo‘llash bilan tahdid qilgandi. 21 sentabr kuni, Rossiyada safarbarlik qilar ekan, u Rossiya «o‘z hududiy yaxlitligiga tahdid yuzaga kelganida, xalqni himoya qilish uchun mavjud barcha vositalardan foydalanish»ga tayyorligini aytgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid