23:14 / 10.10.2022
30375

“Mahallamizda tezlik cheklovi 8 km/soat” - xorijdagi vatandoshlar bilan suhbat

Toshkentda avtomobillar tezligi 50/60 km/soatgacha pasaytiriladigan bo‘ldi. Kun.uz bu borada xorij tajribasi haqida gapirib berishlarini so‘rab, AQSh, Koreya va Yaponiyada yashayotgan vatandoshlarimiz bilan bog‘landi. Ular o‘zlari yashayotgan shaharlarda ruxsat etilgan tezlik Toshkentdagidan pastroq ekanini aytib, piyodalar va velosipedchilar uchun zo‘r sharoitlar yaratilganiga urg‘u berishdi.

Foto: Amazon

Dastlab Amerikada yashayotgan vatandoshimiz Feruza Abduazimova bilan bog‘landik. U 20 yildan beri AQShning Virjiniya shtatida yashaydi. Hozirda Vashingtondagi Jahon banki ofisida administrator lavozimida faoliyat yurityapti.

Virjiniya va Vashingtondagi avtomobillarning harakatlanish tezligi

— AQShda odamlar yashaydigan, bolalar yugurib yuradigan mahallalarda soatiga 5 mil (8 km/soat) yurish belgilangan. Uyimdan 5 daqiqa yurib, 8 qatorli keng yo‘lga chiqib olaman, u yerda avtomobillar o‘rtacha 45 mil/soat (72 km/soat) bilan yurishadi. Yana shunday katta yo‘llarimiz bor, ularda umuman odamlar ham yurmaydi, svetofor ham qo‘yilmagan, avtomobillar bemalol 90 mil/soat (144 km/soat)gacha ham harakatlanishi mumkin.

Shuningdek, maktab bor ko‘chalardagi tezlik ham boshqacha, unda haydovchilar tezlikni 25 mil/soat (40 km/soat)dan oshirmasligi belgilangan. Maktab hududiga kirib, unga yaqinlashib borilgan sari yo‘l belgilari orqali shu tezlikda yurish kerakligi eslatiladi.

Virjiniya shtati, AQSh / Foto: Feruza Abduazimova
Virjiniya shtati, AQSh / Foto: Feruza Abduazimova

Vashington – katta shahar; Virjiniyadan farqli o‘laroq, unda ko‘p qavatli uylar yo‘l yuzida joylashgan. U yerda ham odamlar yashaydigan hududlarda harakatlanish 5 mil/soat, ba’zi hududlarida o‘rtacha 35 mil/soat (56 km/soat) harakatlanish mumkin. Ko‘chalarga, unda qancha avtomobil harakatlanishi va aholi zichligiga qarab bu raqamlar o‘zgaradi.

Vashington, AQSh / Foto: Feruza Abduazimova

AQShda piyodalar, ayniqsa bolalar huquqi jiddiy himoya qilinadi

— Piyodalar uchun, albatta, trotuarlar bo‘ladi. Hech qachon odamlar avtomobil yo‘llaridan yurganini ko‘rmaganman.

Vashington, AQSh / Foto: Feruza Abduazimova

Qolaversa, bolalarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida o‘quvchilar har kuni ertalab belgilangan hududlardan maxsus avtobuslarda olib ketiladi. Bu yerda bitta maktabga 100-150 ta avtobus xizmat qiladi. Keyin bu avtobuslarda hamma bola o‘tirib ketishi shart, hech kim avtobus ichida turib ketmaydi. Agar bola sig‘may qolsa, keyingi avtobusda ketishiga to‘g‘ri keladi. Ya’ni bu yerda bolalar soni hisoblangan bo‘ladi.

Mahalla ichlarida har bitta burilishda “to‘xta” belgilari qo‘yilgan bo‘ladi. To‘xtamasdan burilib ketish mumkin emas. Burilayotganimizda avtobus turgan bo‘lsa, bunday holatda to avtobus bolalarni olmaguncha hech kim qimirlamaydi. Shoshilyaptimi, boshqami, farqi yo‘q. Mabodo, qaysidir avtomobil yurib ketgan bo‘lsa, avtobus haydovchisi tegishli joyga qanday raqamli avtomobil yurib ketganini aytadi, keyin shu haydovchiga jarima solinadi. Umuman olganda, AQShda bolalarning huquqlarini himoya qilish uchun hamma narsa qilishadi.

Velosipedlar va soatiga ijaraga olinadigan avtomobillar

— Shahar joylarda odamlar asosan piyoda yoki velosipedda yurishadi. Chunki ular ishlaydigan ofisining yaqinida yashaydi. Bundan tashqari, Vashingtonda “parkovka” juda qimmat bo‘lgani, avtomobilni qo‘yishga joy yo‘qligi uchun ham aholining aksariyati avtomobil haydamaydi.

Bundan tashqari, Vashingtonda metro varianti ham bor, lekin metro tez-tez buzilib qolgani, narxlari qimmat bo‘lgani uchun uncha ham chiqishmaydi. Shuning uchun ko‘proq velosipeddan foydalanishni afzal ko‘rishadi.

Vashington, AQSh / Foto: Feruza Abduazimova
Vashington, AQSh / Foto: Feruza Abduazimova

Ammo shahardan chetroqlarda, misol uchun, Virjiniya, Merilendda velosipedda yurishganini uncha ham ko‘rmaymiz. U yerlarda ko‘proq soatiga ijaraga beriladigan avtomobillarni olishadi. Ya’ni bozorga yoki qandaydir mashg‘ulot, tezda bitadigan ishlarni bajarib kelish maqsadida soati uchun to‘lanadigan avtomashinalardan foydalanishadi.

***

Yo‘l harakati tezligi Janubiy Koreyada qanday?

4 yildan beri Janubiy Koreya poytaxtiga yaqin Kyonggi viloyati Kvanju shahrida yashovchi Sirojiddin Matlabovning aytishicha, transportlarning qayerda, qancha tezlikda yurish haqidagi belgilari deyarli hamma ko‘chalarda bor.

— Avtomobillar shahar ichida 60-70 km/soatdan oshmagan holda harakatlanishi kerak. Avtomagistral yo‘llarda esa 100 km/soat, maktab yoki bog‘chalarning yon atrofidagi tezlik 30 km/soatgacha deb belgilangan.

Sirojiddin Matlabov, Janubiy Koreya

Piyodalar uchun, albatta, alohida yo‘laklar qilingan. Issiq kunlarda yo‘ldan o‘tayotgan piyodalar quyoshda turib qolmasligi uchun chorrahalarga maxsus soyabon ham o‘rnatishgan. Qishda esa bekatlarga yo‘lovchilar isinib olishi uchun qiziydigan o‘rindiqlar qo‘yiladi. Sovuqqotgan odam bemalol isinib, keyin manziliga ketishi mumkin.

Ko‘proq metro yoki avtobusdan foydalanishadi

— Janubiy Koreyada avtomobili borlar avtomobilda, qolganlar esa ko‘proq avtobus yoki metrodan foydalanishadi. Chunki bu transport vositalari orqali nafaqat shahar ichidagi okruglarga, balki uning atrofidagi boshqa shaharlarga ham borish mumkin.

Shunga qarab avtobuslar yashil, qizil yoki boshqa ranglarda bo‘ladi. Yashil avtobus shaharning ichida yuradi, qizillari esa yon-atrofdagi shaharlarga ham boradi. Shaharlararo yuradigan yana boshqa avtobuslar ham bor, unga chiqib Koreyaning istalgan shahriga borish mumkin.

Narxlari quyidagicha: yashil avtobus 1 400 von (1 dollar), qizil avtobus 2 800 von (2 dollar). Shaharlararo yuradigan avtobuslarning narxi qayerga borishiga qarab turlicha.

Metrolar juda xavfsiz, odamlarning relslarga tushib ketmasligi uchun platforma chizig‘ida oyna qilingan. Bu oynali eshik faqat metro poyezdi kelganida ochiladi.

Shu bilan birga, odamlar velosipedda asosan ertalab jismoniy tarbiya qilish uchun, kechqurun yegan taomini hazm qilish uchun yurishadi. Koreyslar sog‘lom turmush tarziga juda qattiq amal qiladi. Kechqurun ovqatlanib bo‘lib, hech qachon yotishmaydi. Yo piyoda, yo yuqorida aytganimdek, velosipedda yurishadi.

***

Toshkent davlat yuridik universiteti, ayni vaqtda Yaponiyaning Doshisha universitetida grant asosida o‘qiyotgan talabasi Otabek Shodiyorovning aytishicha, Kyotoda maksimal 60 km/soat tezlikda yurish kerak.

Otabek Shodiyorov, Yaponiya, Kyoto

— Shaharning ayrim ko‘chalarida tezlik soatiga 40 km deb ham belgilangan. Magistral yo‘llardagi tezlik esa soatiga 100 kmni tashkil qiladi. Umuman olganda, Yaponiyada avtomobillar harakati xavfsiz. Baxtsiz hodisalar boshqa Yevropa mamlakatlari bilan solishtirganda, kamroq.

Tokio, Yaponiya / Foto: Otabek Shodiyorov

Yo‘llar juda yaxshi saqlangan va belgilar xalqaro standartlarga mos keladi. Belgilarni yapon va ingliz tillarida o‘qish mumkin. Bu yerda yo‘llar tor, shunga tirbandlik bo‘lmasligi uchun svetoforlar ko‘p, ular tez-tez yonib turadi. Yaponiyada piyodalar svetoforlarga juda e’tiborli, o‘tadigan yo‘li 1-2 metr bo‘lsa ham, avtomobil kelmayotgan bo‘lsa ham, yashil chiroqni ko‘rmagunicha harakatlanmaydi. Hali qizildan o‘tgan yaponni ko‘rmadim.

Yo‘l qisqagina bo‘lsa ham, svetoforning yashil chirog‘i yonishini kutayotgan yapon. Tokio, Yaponiya / Foto: Otabek Shodiyorov

Umuman olganda, piyodalar uchun yaxshi sharoitlar yaratilgan. Deyarli hamma joyda ko‘zi ojiz, eshitishda nuqsoni bo‘lgan insonlar uchun alohida maxsus trotuarlar, belgilar qo‘yilgan. Svetoforlaridan ovoz ham chiqadi, maxsus signallari mavjud. Yashil, qizil yonishiga qarab tovushlar o‘zgaradi.

Keyin bu yerda maktab yoki universitet bor ko‘chada chorraha bo‘lsa, YPX xodimlari, ba’zida volontyorlar turib, bolalarni yo‘ldan o‘tkazib qo‘yishadi. Masalan, yaqinda 2 nafar yoshi katta odam qo‘liga bayroqcha ko‘tarib olgan holda bir guruh bolalarni yo‘ldan o‘tkazib qo‘yganini ko‘rdim. Eng yoqqan jihati shu bo‘ldi.

Kyotoda aholi faqat velosipeddan foydalanadi. U yerda velosipedlar bepul, avtobus va metro sal qimmatroq. Yoshdan tortib, yoshi ulug‘largacha velosipedda yuraverishadi.

Yaponiya / Foto: Otabek Shodiyorov

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.

Top