O‘zbekiston | 11:14 / 10.10.2022
8490
4 daqiqa o‘qiladi

Quyosh qurilmalarini xarid qilganda kompensatsiya to‘lab beriladi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini xarid qilish xarajatlari bir qismini kompensatsiya qilish tartibi tasdiqlandi.  

Foto: Kun.uz

2022 yil 1 oktyabrdan boshlab jismoniy shaxslar (iste’molchilar) Energetika vazirligi huzuridagi Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan respublikada ishlab chiqarilgan quyosh va shamol elektr stansiyasi hamda quyosh suv isitish qurilmalarini uch yil mobaynida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lagan holda sotib olishi mumkin.

Bunda, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari qiymatini to‘liq to‘lagan holda ularni xarid qilgan va o‘rnatgan iste’molchilarga xarid qilish xarajatlari bir qismi belgilangan miqdorda jamg‘arma mablag‘lari hisobidan kompensatsiya qilinadi.

Moliya vazirligi 2022 yil yakuniga qadar ushbu xarajatlarni moliyalashtirish uchun jamg‘armaga uning asoslangan talabnomalariga muvofiq davlat budjeti hisobidan 100 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ ajratadi.

Aholining mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini xarid qilish xarajatlari bir qismini kompensatsiya qilish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lagan holda sotib olish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Unda quyidagi tartiblar belgilangan: jismoniy shaxslar tomonidan respublikada ishlab chiqarilgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini jamg‘arma mablag‘lari hisobidan uch yil mobaynida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lagan holda sotib olish; qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari qiymatini to‘liq to‘lagan holda ularni xarid qilgan va o‘rnatgan jismoniy shaxslarga xarid qilish xarajatlari bir qismini jamg‘arma hisobidan kompensatsiya qilish; quyosh yoki shamol elektr stansiyasini, quyosh suv isitish qurilmalarini o‘rnatganlik uchun kompensatsiyalarni hisoblash.

Jismoniy shaxslarga quyosh yoki shamol elektr stansiyasini o‘rnatganlik uchun kompensatsiyalar miqdori ular quvvatiga qarab quyidagi miqdorni tashkil etadi: 0,5 kVt dan 1 kVt gacha – 7 BHM; 1 kVt dan 1,5 kVt gacha – 10 BHM; 1,5 kVt dan 2 kVt gacha – 15 BHM; 2 kVt va undan yuqori bo‘lsa – 20 BHM.

Yangi yerlar o‘zlashtirilganda va tik quduqlarda o‘rnatilgan suv nasoslari elektr energiyasi iste’moli 5 kVt va undan yuqori bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari orqali ta’minlanganda 50 BHM miqdorida kompensatsiya beriladi.

Suv isitish hajmi 100 litr bo‘lgan, har kuni 4 kVt/s ishlab chiqaruvchi quyosh suv isitish qurilmalarini o‘rnatganlik uchun kompensatsiya miqdori 5 BHMni, suv isitish hajmi 200 litr bo‘lsa yoki qurilma suv isitish uchun har kuni 8 kVt/s energiya ishlab chiqarsa, kompensatsiya miqdori 7 BHMni tashkil etadi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘arma yagona elektron maydonchasi (platforma) yordamida amalga oshiriladi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini ishlab chiqaruvchi va xizmat ko‘rsatuvchi mahalliy korxonalar o‘z mahsulot va xizmatlarini sotish bo‘yicha takliflari platformaga joylashtiriladi. Bunda, platformaga kiritiladigan korxonalar ro‘yxati «O‘zeltexsanoat» uyushmasi tomonidan taqdim etiladi.

Kompensatsiya olish yoki uning qiymatini bo‘lib-bo‘lib to‘lash uchun jismoniy shaxslar arizalari platforma orqali onlayn tarzda taqdim etiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid