13:37 / 11.10.2022
7824

Qamchiq dovonida 3 ta yuk mashinasi ishtirokida YTH sodir bo‘ldi

Bugun, 11 oktabr kuni soat 05:45 da A-373 Toshkent-O‘sh xalqaro avtomobil yo‘lining 222,5-kilometri, Qamchiq dovoni qismida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.

Foto: FVV matbuot xizmati

Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, «Vodiy-Toshkent» yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan Volvo yuk mashinasi haydovchisi kutilmaganda boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan va 5 tonnalik hamda 8 tonnalik Isuzu yuk mashinalari bilan to‘qnashgan. Yo‘l-transport hodisasi oqibatida 8 tonnalik Isuzu yuk mashinasida yong‘in kelib chiqqan.

FVV «Qamchiq» maxsus qidiruv, yong‘in-qutqaruv boshqarmasi qutqaruvchilari va YPX xodimlari voqea joyiga yetib borgan. Qutqaruvchilar maxsus asbob-anjomlar va texnikalar yordamida yonayotgan mashinani soat 06:07 da o‘chirgan. Hodisa oqibatlarini bartaraf etishga favqulodda vaziyatlar davlat quyi tizimiga kiruvchi tashkilotlar kuch-vositalari ham jalb etilgan.

Qutqaruvchilar tomonidan voqea joyida jabrlangan 3 nafar yuk mashinalari haydovchilariga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, malakali tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shifoxonaga yuborilgan. Hodisa oqibatida halok bo‘lganlar yo‘q.

Mavzuga oid
Top