19:03 / 12.10.2022
10378

Qirg‘iziston aholisi yetti millionga yetishi kutilmoqda

Qirg‘izistonning yetti millioninchi fuqarosi 20 oktyabrgacha tug‘iladi.

Foto: Sputnik / Tabyldy Kadyrbekov

Milliy statistika qo‘mitasi xabariga ko‘ra, 1 avgust holatiga respublikaning doimiy aholisi soni 6 million 977 ming kishini, 1 oktyabr holatiga esa 6 million 995 ming kishini tashkil qilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 20 oktyabrga qadar Qirg‘izistonning yetti millioninchi fuqarosi dunyoga keladi.

Mamlakat Vazirlar Mahkamasi farmoyishiga muvofiq, respublikaning yetti millioninchi rezidenti tug‘ilishi munosabati bilan tadbirlar o‘tkazish bo‘yicha idoralararo komissiya tuzilgan.

«Respublikada keyingi yillarda sodir bo‘layotgan demografik jarayonlar aholi sonining yuqori sur’atlarda o‘sishi bilan ajralib turadi. Tug‘ilish darajasi yuqoriligicha qolmoqda, bu esa aholining ko‘payishini ta’minlaydi. Tashqi migratsiya saldosi salbiy bo‘lib turibdi, biroq so‘nggi yillarda uning ko‘rsatkichi sezilarli darajada pasaygan», — deyiladi statistika qo‘mitasi xabarida.

Qirg‘izistonning olti millioninchi fuqarosi Aylin Kojosheva 2015 yil 25 noyabrda O‘sh shahrida, besh millioninchi fuqarosi Tinchtiqbek Quramayev 2002 yil 27 avgustda Bishkekda, to‘rt millioninchi fuqarosi Qanikey Qayipova 1985 yil 27 mayda O‘sh viloyatining Qora-Suv tumanida tug‘ilgan edi.

«Shunday qilib, yetti million va olti million aholi o‘rtasidagi farq yetti yilni, olti million va besh million aholi o‘rtasidagi farq 13 yilni, besh million va to‘rt million aholi o‘rtasidagi farq 17 yilni tashkil qildi», deyiladi Milliy statistika qo‘mitasi xulosasida.

Top