O‘zbekiston | 14:14 / 13.10.2022
5842
2 daqiqa o‘qiladi

DXX Toshkent viloyatida 3,2 mlrd so‘mlik muddati o‘tgan dorilar savdosining oldini oldi

Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi, viloyat IIBB hamda Davlat soliq inspeksiyasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Videodan kadr

DXX xabariga ko‘ra, unda Yangiyo‘l tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro o‘z yashash xonadonida yashirin sex tashkil etib, xorijda ishlab chiqarilgan va yaroqlilik muddati o‘tgan dori vositalarini qayta qadoqlash orqali sotuvga chiqarish bilan shug‘ullangani fosh etildi.

Ushbu manzilda 34 turdagi 445 ming dona dori vositalari borligi aniqlandi. Ulardan 24 turdagi dori vositalari Fransiya, Germaniya, Belgiya, Vengriya, Turkiya, Rossiya, Hindiston, Ukraina davlatlarida ishlab chiqarilgan bo‘lib, yaroqlilik muddati 2007-2020 yillar oralig‘ida tugagan.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ushbu dori vositalari umumiy qiymati 3 mlrd 185 mln 250 ming so‘mni tashkil etadi. Noqonuniy sexda qadoqlash va dori vositalarining muddatini o‘zgartirish uskunalari, qalbaki shtamp va muhrlar borligi ham ma’lum bo‘ldi.

Bu yo‘nalishda Davlat xavfsizlik xizmati Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ham Bojxona organlari xodimlari bilan hamkorlikda Toshkent shahrida tezkor tadbir o‘tkazildi. 

Farg‘ona - Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib, Yashnobod tumanidagi avtoturargohlar birida to‘xtagan “Isuzu” rusumli yuk mashinasi ko‘zdan kechirilganda, unda xorijda ishlab chiqarilgan, lekin, tegishli hujjatlari bo‘lmagan va sifati kafolatlanmagan 4 turdagi jami 72 425 dona, umumiy qiymati 231 mln 760 ming so‘mlik tibbiyot buyumlari borligi aniqlandi. 

Qo‘shni davlat hududidan aylanma yo‘llar orqali mamlakatga olib kirilgan ushbu tibbiyot buyumlari Farg‘ona shahrida yashovchi ayolga tegishli bo‘lgan. 

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksi tegishli moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid