Jahon | 19:49 / 13.10.2022
13204
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning neft daromadlari minimal darajaga tushdi

Sentyabr oyida Rossiyaning neft daromadlari 3,2 milliard dollarga kamayib, 2022 yil boshidan beri eng past ko‘rsatkichga tushdi.

Foto: Reuters

Xalqaro energetika agentligi (XEA) ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning sentabrdagi neft daromadlari o‘tgan oyga nisbatan 3,2 milliard dollarga (yoki 17,3 foizga) qisqarib, yil boshidan buyon eng past ko‘rsatkich — 15,3 milliard dollarni tashkil qildi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

Rossiya neft eksporti bir oy ichida kundalik 260 ming barrelga qisqargan, oqibatda neft daromadlari eng past ko‘rsatkichga tushib qolgan. Rossiyaning Yevropa Ittifoqiga neft yetkazib berish hajmi 390 ming barrelga qisqarib, 2,6 million barrelga tushgan. Yevropa Ittifoqining Rossiya eksportidagi ulushi esa 50 foizdan 35 foizga tushgan.

Shu bilan birga, Rossiya joriy yilning sentabr oyida neftdan o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ko‘proq daromad oldi. O‘tgan yili daromad miqdori 14,9 milliard dollar edi, bu yil — 15,3 milliard dollar.

Yevropa Ittifoqi davlatlari yozda Rossiyaning dengiz orqali import qilinadigan neftidan butunlay voz kechishga kelishib olishgan edi. 2022 yil dekabriga qadar quvur orqali yetkaziladigan neftdan ham to‘liq voz kechmoqchi.

Shuningdek, Yevrokomissiya Rossiyaning energetika resurslari, jumladan, neft va gaz uchun narxlarning yuqori chegarasini joriy qilmoqchi. Vladimir Putin bu holat yuz beradigan bo‘lsa, Rossiya G‘arbga yoqilg‘i yetkazib berishni to‘xtatishini aytdi.

O‘tgan hafta Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning sakkizinchi paketini joriy qildi. Xususan, Rossiya neftini dengiz orqali uchinchi mamlakatlarga belgilanganidan yuqori narxda tashish taqiqlandi.

Qo‘shma Shtatlar ham Rossiya nefti tannarxini cheklashni rejalashtirmoqda, biroq, OPeK+ mamlakatlari tomonidan neft qazib olishning keskin qisqartirilishi bu tashabbusga to‘siq bo‘lishi mumkin. AQSh ma’muriyatining ayrim rasmiylari bunday sharoitda narx chegarasining joriy etilishi neft narxining keskin o‘sishiga olib kelishi mumkinligidan xavotirda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid