Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh Eron bilan neft bo‘yicha kelishuvni bekor qildi
AQSh Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi tankerlarga qilingan hujumlardan so‘ng Eronga nisbatan neft sanksiyalarini qayta joriy qildi. Vashington Tehronni o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini buzganlikda ayblab, Eron hududiga yangi harbiy zarbalar ham berganini ma’lum qildi.
AQSh Moliya vazirligi huzuridagi Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) Eron nefti savdosiga berilgan vaqtinchalik litsenziyani bekor qildi. Bu haqda idoraning rasmiy ma’lumotida aytilgan.
Mazkur litsenziya taxminan ikki hafta avval bekor qilingan sanksiyalarni vaqtincha yumshatish maqsadida joriy etilgan bo‘lib, u AQSh va Eron o‘rtasida iyun oyi o‘rtalarida imzolangan hadli kelishuvning asosiy qismlaridan biri edi.
Vashingtonda ta’kidlanishicha, sanksiyalarni yumshatish Eron hukumatining xatti-harakatlariga bog‘liq bo‘lgan. AQSh ma’muriyati vakiliga ko‘ra, Tehron faqat «tegishli tarzda harakat qilgan taqdirdagina» bu yengilliklardan foydalanishi mumkin edi.
Shu bilan birga, AQSh Eronni Ho‘rmuz bo‘g‘ozida uchta tankerga hujum uyushtirganlikda aybladi. AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) bu harakatlarni «mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan», «asossiz va xavfli» deb baholab, ular o‘t ochishni to‘xtatish rejimining ochiqdan ochiq buzilishi ekanini bildirdi.
CENTCOM ma’lumotiga ko‘ra, AQSh harbiylari Eronga qarshi yangi ommaviy zarbalar berib, uning harbiy infratuzilmasiga jiddiy zarar yetkazishni maqsad qilgan.
Buyuk Britaniya Harbiy-dengiz kuchlari huzuridagi Dengiz savdo harakatini muvofiqlashtirish markazi (UKMTO) ma’lum qilishicha, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi hujumlar natijasida bir tanker dron zarbasidan yengil shikastlangan. Shu bilan bir vaqtda Qatarning suyultirilgan gaz tashuvchi Al-Rekajat tankeri ham noma’lum snaryad bilan nishonga olinib, jiddiy zarar ko‘rgan. Uchinchi tankerga oid tafsilotlar hozircha ochiqlanmagan.
Iyun oyi oxirida AQSh Moliya vazirligi 60 kun muddatga amal qiluvchi bosh litsenziyani e’lon qilgan edi. Unga ko‘ra, Eron nefti, neft mahsulotlari va neft-kimyo mahsulotlarini qazib olish, tashish hamda sotishga ruxsat berilgan, litsenziyaning amal qilish muddati 2026 yil 21 avgustgacha belgilangan edi.
Lisenziya AQSh sanksiyalari ostida bo‘lgan ayrim kemalar ishtirokidagi operatsiyalarga ham tatbiq etilgan, ammo Shimoliy Koreya, Kuba va Rossiya tomonidan egallab olingan Ukraina hududlari bilan bog‘liq operatsiyalarga nisbatan qo‘llanmagan.
O‘z navbatida, Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali erkin va xavfsiz tranzitni ta’minlash hamda Atom energiyasi xalqaro agentligi (AEXA) inspektorlarini mamlakatga kiritish majburiyatini olgan edi. Sanksiyalarning qayta tiklanishi ushbu kelishuvning amalda to‘xtab qolganini anglatishi mumkin.
Mavzuga oid
11:56
AQSh Eronga javob zarbalari yo‘lladi va neft sotuvini yana taqiqladi
09:10
AQShning Eronga yangi hujumlari mintaqada keskinlikni yanada oshirdi
22:32 / 07.07.2026
AQSh 100 yil ichida birinchi marta dumaloq bo‘lmagan tanga chiqaradi
21:41 / 07.07.2026