Jahon | 10:52 / 16.10.2022
23309
6 daqiqa o‘qiladi

«Hamma chuqur umidsizlikda, kayfiyat juda yomon» – WP rossiyalik tadbirkorlar bilan suhbatlashdi

Ular tushkunlikka tushgan va hokimiyat o‘zgarishini kutishmoqda.

Olga Malseva / AFP / Scanpix / LETA

Rossiya harbiylarning Ukraina bo‘ylab yo‘llagan navbatdagi raketa zarbalaridan keyin rossiyalik amaldorlar va tadbirkorlarning bir qismi «tushkunlikka tushib qolgan». The Washington Post nashri yozishicha, ular bu harakat mamlakatdagi siyosiy va iqtisodiy ahvol yanada yomonlashishiga sabab bo‘ladi degan fikrda.

Nashr bilan suhbatda bir necha mansabdorlar bu zarbalar Putin buyrug‘i bilan berilgani va undan ko‘zlangan maqsad Rossiya armiyasi manziliga yo‘llanayotgan tanqidlarni vaqtincha esdan chiqarish bo‘lganini aytgan. «Jang maydonida boshqa muammolar ham bor. Bu zarbalar tanqidlar bosimini kamaytiradi deb o‘ylamayman», deydi tadbirkorlardan biri.

Yana bir tadbirkor fikricha, raketalar orqali Ukrainaning energiya tizimiga zarba berib, urush qishgacha cho‘zib turilsa ham, Rossiyada bunday harakatlarni davom ettirish uchun harbiy imkoniyat yo‘q. To‘g‘ri, raketalar ishlab chiqarilmoqda, lekin zaxiralarni to‘ldira oladigan darajada emas.

«Hech kimni kvo-statusi qanoatlantirmaydi. Harbiy yoki siyosiy g‘alabaning imkoni yo‘qligi ko‘rinib turibdi, ammo yutqazish ham imkonsiz. Bu xuddi shaxmatdagi tang holatni eslatadi – har bir yurish oldingisidan yomonroq, lekin hech qanday yurish qilmaslikning ham imkoni yo‘q», deydi suhbatdosh.

Yozda Rossiya hukumatidagilar hammasi o‘xshayapti deb o‘ylay boshlashgan, WP bilan suhbatlashgan tadbirkorlardan biri esa endi bu optimizm ham barbod bo‘lganini aytdi. «Odamlar ularning kelajagi yo‘q ekanini ko‘rmoqda», deydi u.

Moskvalik tadbirkorlardan biri safarbarlik Putin legitimligining asosi bo‘lmish uning mashhurligiga salbiy ta’sir qildi deb hisoblaydi. Uning fikricha, safarbar qilinganlarning jasadi kelishni boshlasa, ahvol yanada yomonlashadi. «Bir necha oydan keyin vaziyat yanada yomonlashadi: jamiyatda kayfiyat tushib ketadi. Hammasi frontdagi vaziyatga bog‘liq», deydi tadbirkor.

«Putinda qilishi mumkin bo‘lgan variantlar ko‘p emas. Fuqarolik infratuzilmasiga zarba berishdan tashqari Putin endi faqat taktik yadro qurolini ishlatishi mumkin. Agar Ukraina qarshi hujumni kuchaytirsa, Putin yana nima qilish haqida bosh qotirishga majbur bo‘ladi», deydi hozir AQShda yashayotgan Rossiyaning sobiq moliya vaziri o‘rinbosari Sergey Aleksashenko.

WP bilan suhbatlashgan moskvalik tadbirkorning fikricha, Kremlda ko‘p bora aytilayotgan bo‘lsa-da, Moskvada ko‘pchilik Putin yadro qurolini ishlatishiga ishonmaydi. Uning fikricha, ana o‘shanda Rossiya prezidentida boshqa yo‘l qolmaydi, Xitoy esa bunday eskalatsiyaga yo‘l qo‘ymasligi mumkin. «Xitoyliklar bunday «Pandora qutisi» ochilishini istamaydi», deydi u.

Tadbirkor yana bir qiziq fikrni ilgari surdi. «Saudiya Arabistoni neft qazib olishni kamaytirish orqali amalga oshirgan qo‘llab-quvvatlovi (oqibatda neft narxi ko‘tariladi) Putinga ishonch taqdim etdi. Endi u Yevropa o‘z hududida paydo bo‘layotgan inqiroz tufayli Ukrainaga yordam berishni bir muddat unutadi deb o‘ylamoqda. Bir so‘z bilan aytganda, bu urush kimdir charchab qolgunicha davom etadiganga o‘xshayapti. U bir tomon imkoniyatni yo‘qotgach tugaydi», deydi suhbatdosh.

Rossiyalik tadbirkorlar va iqtisodchilarning fikricha, endilikda G‘arb sanksiyalari Rossiya iqtisodiga keskinroq ta’sir qilishni boshlaydi, «Katta yettilik» belgilashni ko‘zlayotgan Rossiya neftiga nisbatan cheklangan narx esa yanada keskin zarba beradi. Iqtisodchilar Putinga urushni davom ettirish uchun ko‘p pul kerak ekanini unutmaslik lozimligiga urg‘u qaratmoqda.

«Putinga Eronga yoki Shimoliy Koreyaga qurol uchun to‘lashga ko‘p pul kerak. Ammo dekabrga borib butunlay boshqacha reallikni ko‘ramiz», deydi iqtisodchi Sergey Guriyev.

Gazeta suhbatdoshlaridan biri frontdan kelayotgan har qanday yangilik Rossiya iqtisodiyotiga zarba o‘laroq ta’sir qilayotganini aytmoqda. «Bo‘layotgan voqealardan tadbirkorlik zarar ko‘rmoqda. Hamma kelajakdagi investitsion rejalarini chekkaga surib qo‘ygan», deydi tadbirkor.

Yana ikki tadbirkor Rossiya G‘arbga sotolmaydigan narsalarni Xitoy, Hindiston yoki Qozog‘istonga yo‘naltiradi degan ishonch ham allaqachon barbod bo‘ldi degan fikrda. Qozog‘iston Rossiyaga ketayotgan ba’zi Yevropa tovarlarini bloklashni, Xitoy esa ba’zi narsalarni olishni to‘xtata boshladi. «Hamma chuqur umidsizlikda, kayfiyat juda yomon», deydi yuqori martabali rus tadbirkori.

Washington Post nashri qayd etishicha, Moskva elitasida mamlakat rahbariyatidagi o‘zgarishlar haqida oxirgi 20 yildagiga qaraganda ko‘proq gapira boshlashgan. Shu bilan birga ularning hech biri bu qachon va qanday sodir bo‘lishini ayta olmaydi.

«Biz inqilob holatiga kirib boryapmiz. Hamma qachondir hukumatda yoki urush maydonida nimadir o‘zgarishini kutmoqda. «Qirg‘iylar» keskinroq harakat qilishni so‘ramoqda, «kabutarlar» esa hech qanday urushni istamaydi. Siyosiy boshqaruv o‘zgarish payti kelgandek, ammo bu qachon va qanday amalga oshishini hech kim bilmaydi», deydi WP bilan suhbatda bo‘lgan amaldorlardan biri.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid