Asal Saparbayevani ko‘pchilik internetda Littos (Instagram: @_littos) sifatida taniydi. 7-8 yil davomida O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida bo‘lgan. Sportchi Oksana Chusovitina unga o‘xshagan sportchilarni bir jamoaga yig‘ib, jamoani har xil shaharlarga musobaqalarga olib borgan.

Asal bir necha karra O‘zbekiston chempioni, O‘rta Osiyo va Janubiy Osiyo chempioni bo‘lgan. Osiyo o‘yinlarining bronza medali sohibasi. Butun Jahon kubogining bronza medalini qo‘lga kiritgan. 

«Sport bilan shug‘ullanib, hayotim izga tushgan»

2014 yilda professional sport bilan shug‘ullanishni to‘xtatdim. Hozir ko‘proq bloger, kaskadyor va aktrisaman. Faqat formada bo‘lib turish va boshqalarni tryuklarim bilan hayratlantirish uchun sport bilan shug‘ullanaman.

Yoshim 28da. 16 yil davomida professional sport gimnastikasi bilan shug‘ullanganman. Sportga meni 5 yoshligimda buvim olib kirganlar, chunki uyda doim yugurardim, sakrardim…

Foto: Asal Saparbayevaning shaxsiy albomidan

Bir marta onam uyg‘onib qarasalar, boshimni yerga qo‘yib, oyog‘imni osmonga cho‘zib uxlayotgan bo‘lganman. O‘shanda onam qo‘rqib ketib, psixik jihatdan sog‘lig‘im yaxshi emas deb o‘ylaganlar, opam va buvimni chaqirganlar. Buvim menga qarab sportga berish kerakligini tushungan. Shundan keyin sportga qatnay boshladim va hammasi yaxshi bo‘ldi. Hamma kasalliklarim tuzalib ketdi. Uyqum ham normallashdi. 

Katta sportdan ketish va blogerlik

Aynan blogerlik faoliyatimni karantinda – hamma uyda o‘tirganda boshladim. Katta sportdan ketganimdan keyin sahnada namoyishlar qo‘yadigan artist bo‘lganman. Karantingacha jamoam bilan Xitoyda olovli halqa bilan bajariladigan tryuklar namoyish qilardik. Karantin boshlanishi bilan O‘zbekistonga keldik, bu yerda ishlashni boshladik.

Turmush o‘rtog‘im Yaroslav ham operator, ham montajyor, u yoshligidan video bilan ishlaydi. Bu uning hobbisi, men esa ko‘proq sportchi va aktrisaman.