O‘zbekiston | 19:15 / 17.10.2022
49653
3 daqiqa o‘qiladi

“Putin Markaziy Osiyo davlatlariga xalqaro firibgarlikni taklif qildi” – tahlilchi Putinning MDH yig‘ilishidagi taklifi haqida

Iqtisodiy tahlilchi Abdulla Abduqodirov Kun.uz sayti tashkillashtirgan davra suhbati davomida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning MDH davlat rahbarlari kengashi Ostona yig‘ilishida bildirgan taklifi haqida gapirdi.

Tahlilchiga ko‘ra, Vladimir Putin yig‘ilish davomida G‘arbning Rossiyaga nisbatan qo‘llayotgan sanksiyalarini Markaziy Osiyo davlatlari yordamida turli firibgarlik yo‘llari bilan chetlab o‘tishni taklif qilgan.

“Bu juda qiziq tashabbus bo‘ldi. Agar Putin bildirgan takliflarning qobig‘ini olib tashlab, mag‘zini gapiradigan bo‘lsak, u G‘arb sanksiyalarini Markaziy Osiyo davlatlari yordamida chetlab o‘tishni taklif qildi. Ya’ni u Rossiya sanksiyalarga qarshi kurasholmasligi hamda Markaziy Osiyo davlatlariga keladigan import mahsulotlarini almashtirish yoki qayta ishlash orqali buni chetlab o‘tishni taklif qildi.

U aytdiki, sizlarda sanksiyalar yo‘q, sizlar xomashyoni olib kelib, ishlab chiqarib (qayta ishlab), shtrix kodini o‘zgartirib, bizga uzatinglar, biz esa o‘zimizda ishlataveramiz.

Bu yerda Putin Markaziy Osiyo davlatlarini xalqaro firibgarlikka chaqirganday bo‘ldi.

Menimcha, buni  tashkilotga a’zo davlatlar chuqur o‘ylab ko‘radi. Qaysidir sohalarda bunga yo‘l qo‘yishlari ham mumkin. Masalan, O‘zbekistonga biror xomashyo kirib keladi va qayta ishlanadi. Tayyor mahsulot iste’molchiga yetkazilishi uchun unga shtrix kod qo‘yiladi. Agar xomashyo o‘sha shtrix koddagi so‘nggi to‘rtta raqamni o‘zgartirish darajasida qayta ishlangan bo‘lsa, mahsulotni O‘zbekistonda ishlab chiqarildi deya aytish va Rossiyaga yuborish mumkin. Ammo bu yerda G‘arb ikkilamchi sanksiyalarni tayyorlab turibdi.

Yana bir bor tushuntiraman. Deylik, O‘zbekiston chetdan mis sim olib kelib, uning ustini mahsus qoplama bilan qoplasa, uni biz ishlab chiqardik deyishi mumkin. Lekin misni olib kelib, uni ozgina ingichkalashtirsa va eksport qilmoqchi bo‘lsa, bu endi ikkilamchi sanksiyalarga sabab bo‘ladi.

Yoki chiplarni olib kelib, uni oddiygina dazmolga qo‘yib Rossiyaga uzatsak, bu sanksiyalarga sabab bo‘ladi.

Ya’ni biz har bir sohada mahsulot olib kelib, uni qayta ishlasak xo‘p-xo‘p, lekin uni chuqur qayta ishlash imkoni bo‘lmasa, sanksiyalarga tushadi”, – dedi Abdulla Abduqodirov.

Intervyuni to‘liq quyidagi havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid