19:08 / 17.10.2022
3488

So‘nggi 9 oyda maktabgacha ta’lim sohasida 26 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ noto‘g‘ri sarflangan

Shu yil maktabgacha ta’lim vazirligi ichki audit xizmati tomonidan 439 ta obektlarda o‘rganish olib borilgan va bu jarayonda jami 26 mlrd 86 mln so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan.

Foto: KUN.UZ

AOKAda Xalq ta’limi va Maktabgacha ta’lim vazirliklari vakillari bilan o‘tgan matbuot anjumanida ichki audit xizmatining so‘nggi 9 oylik hisoboti e’lon qilindi. Qayd etilishicha, 26 mlrd 86 mln so‘mning 4 mlrd 88 mln so‘mlik ish haqi tegishli buyruqlar asosida ishga qabul qilingan, ammo vazifalarini bajarmagan xodimlarga plastik karta orqali to‘lab berilgan.

4 mlrd 701 mln so‘m esa oziq-ovqat xarajatlari uchun ortiqcha  sarflangani aniqlangan.

Shuningdek, davlat xususiy sherikchiligi asosidagi va oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari tomonidan hisobotlarga asossiz qo‘shib yozilgan bolalar soni hamda xodimlarning ish xaqi, oziq-ovqat mablag‘lari uchun 8 mlrd 974 mln so‘m noqonuniy ravishda ishlatilgan.

Yanvar-sentabr oylarida maktabgacha ta’lim muassasalarida jami 4 mlrd 405 mln so‘mlik noqonuniy davlat xaridlari amalga oshirilgani ham ma’lum qilindi.

Boshqa xarajatlar, ya’ni asosiy vositalar, xo‘jalik mollari kamomadlari va o‘rnatilib ishlamaydigan o‘lchov asboblarisiz hisoblangan kommunal to‘lovlar va shu kabilar uchun ortiqcha sarflangan budjet mablag‘lari 1 mlrd 792 mln so‘mni, tashkilotlar va budjet hisobiga qo‘shimcha hisoblangan mablag‘lar esa 2 mlrd 124 mln so‘mni tashkil qilmoqda.   

Maktabgacha ta’lim vazirligining qo‘shimcha qilishicha, yuqorida ko‘rsatilgan o‘rganish ishlari natijasida 272 ta hujjat rasmiylashtirilgan va qonuniy chora ko‘rish uchun xuquqni muhofaza qilish organlariga topshirilgan.

Top