18:20 / 18.10.2022
4044

«Afg‘onistonning yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik muhim» – O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri

18 oktabr kuni Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida «Terrorizmga qarshi kurash va terrorchilar harakatlanishining oldini olish uchun chegara xavfsizligi va chegara nazorati sohasidagi xalqaro va mintaqaviy hamkorlik» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati

Tadbirda chiqish qilgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Afg‘onistondagi vaziyatga ham to‘xtalib, Markaziy Osiyoning rivojlanish istiqbollari ushbu davlatda tinchlikni ta’minlash bilan uzviy bog‘liqligini ta’kidladi.

«Afg‘onistonning yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik muhim. Vladimir Norov xalqaro hamjamiyatni BMT, xalqaro moliya institutlari va donorlar ko‘magida mamlakat iqtisodiyotini tiklash, uni mintaqalararo iqtisodiy jarayonlarga integratsiya qilish, infratuzilmaviy va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha samarali choralar ko‘rishga chaqirdi», - deyiladi TIV axborotida.

Shuningdek, prezident Shavkat Mirziyoyevning ShHT Samarqand sammitida ilgari surilgan Termiz shahrida Afg‘onistonni gumanitar qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus jamg‘armani tashkil etish tashabbusini amalga oshirish muhimligi qayd etildi. Jamg‘arma mablag‘lari ijtimoiy inqirozni bartaraf etish, yoshlar uchun ta’lim dasturlari va sog‘liqni saqlash sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

«Mintaqadagi umumiy xavf-xatarlar va tahdidlarga qarshi kurash bo‘yicha birgalikdagi harakatlar uchun mustahkam asos bu do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillariga asoslangan Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi yaqin munosabatlardir. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari mamlakatlarimizning mintaqaviy xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’minlashdagi ulkan salohiyatini ro‘yobga chiqarishga yordam bermoqda», - degan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Dushanbedagi xalqaro konferensiyada.

Shuningdek, vazir O‘zbekiston dunyo hamjamiyati tomonidan Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘zaro yaqinlashuv va hamkorlik jarayonlari bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlanishiga umid bildirayotganini ta’kidlagan.

Top