Nega respublika darajasidagi rahbarlar tumanlarga hokim qilib jo‘natilmoqda?
So‘nggi kunlarda bir qator tumanlarga yangi hokimlar tasdiqlandi. Qizig‘i shundaki, ularning barchasi respublika miqyosidagi rahbar kadrlar bo‘lib, endi o‘z qobiliyatini hokimlikda sinab ko‘rishadi.
Buning ortidan ko‘pchilikda savollar tug‘ilgani tabiiy. Hududlarda hokimlikni eplay oladigan odamlar tanqismi, mahalliy kadrlarga ishonch yo‘qolganmi? Yoki qator muammolardan keyin og‘ir tumanlarni boshqarish faqat respublika miqyosida tajriba oshirgan mutaxassislarninggina qo‘lidan keladi, degan fikrga kelindimi?
Aslida jamoatchilik uchun kutilmagandek tuyulayotgan bu qarorlar tasodifan qabul qilinayotgani yo‘q. Gap shundaki davlat rahbari ancha vaqtdan buyon markazdagi kadrlar quyi tizimlarda ishlab, muammolar bilan bevosita kurashishlari zarurligini anglab keladi.
“Vazirliklardagi xodimlar endi tumanlarga borib, xalq bilan bevosita ishlaydi. Tumanda ham hokimiyatdagi kabinetda qorovullik qilib o‘tirishmaydi, joylarga borib, mahallaning sharoitini o‘rganadi, kerak bo‘lsa hidiga ko‘nikadi.
Qachonki mahallalardagi muammolarni yechishni o‘rgansa, odamlarni rozi qilsa, ishsizlik bilan chin dildan kurashsa, jinoyatchilikni kamaytirsa, ana undan keyin men o‘zim bilaman u xodimni qanday taqdirlashni. Oldingisidan ham ko‘ra kattaroq amalni ham, medalni ham beraman, maoshini ham oshiraman.
Mayli, tajribasi bo‘lmasin, o‘zim ish o‘rgataman. Eng muhimi, shu xalqqa sadoqati bo‘lsin”, degan gaplarni ko‘p takrorlagan prezident.
Dastlab markazdan rahbar yuborish sinov tariqasida o‘tkazilgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib birdaniga bir necha tumanda vazir yoki qo‘mita raisi o‘rinbosari hokimlikka kirishdi.
Jumladan:
- Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari Azizbek Latifjonov Andijon viloyati Paxtaobod tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi;
- Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining o‘rinbosari lavozimida ishlayotgan Bekzod Ummatov Andijon viloyati Asaka tumani hokimi lavozimiga tayinlandi;
- Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelgan Sirojiddin Berdiqulov Nurobod tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi;
- Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Kadrlar ma’muriyatchiligi departamenti davlat organlari va tashkilotlarida kadrlar ishini muvofiqlashtirish boshqarmasi bosh inspektori vazifasida ishlab kelgan Hamidulla Inomov Farg‘ona tumaniga hokim bo‘ldi;
- Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Akmal Arziyev Sardoba tumani hokimi sifatida ish boshladi.
Yana ba’zi jihatlar bor – markazdan yuborilayotgan kadrlarni o‘sha hududga begona deb bo‘lmaydi. Ular shu viloyat farzandlari, ya’ni astoydil ishlab, yaxshi nom bilan qaytishni istaydigan insonlar. Bu beshlikning yosh ko‘rsatkichlari ham alohida e’tiborga molik – 40 yoshdan sal oshganlar. Demakki ayni kuchga to‘lgan, ishlaydigan yosh. Bu jihatning o‘ziga xosligi yoshlarga ko‘proq ishonch va imkoniyat berilayotganini anglatadi.
Natija kutilganiday bo‘ladimi yoki yo‘q, buni vaqt ko‘rsatadi.
Abror Zohidov
Mavzuga oid
14:21 / 21.12.2024
Hokimlar va futbol. Yil boshidagi maqsad va xarajatga yarasha qanday natijaga erishildi?
20:18 / 30.11.2024
Energetika sohasidagi sustkashlik uchun 14 nafar hokimga hayfsan berildi
14:01 / 13.10.2024
“Ko‘p narsa hokimlarning saviyasiga bog‘liq” - vatanga qaytgan investor qanday to‘siqlarga uchradi?
19:17 / 30.09.2024