O‘zbekiston | 09:31 / 18.10.2022
6079
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston turizm sohasida kadrlar tayyorlashda Shveytsariya ta’lim tizimidan foydalanadi

BAA biznes-delegatsiyasi Toshkent va Samarqand shaharlarida hamkorlik istiqbollarini o‘rgandi.

Foto: Dunyo

O‘zbekistonning Birlashgan Arab Amirliklaridagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan BAAning Facetime Management Service (FMS) kompaniyasi rahbari, Shveytsariya biznes kengashi a’zosi Nadin Patrik Kudinning Toshkent va Samarqand shaharlariga tashrifi uyushtirildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo”.

Tashrifdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonda turizm sohasida kadrlar tayyorlashda Shveytsariya ta’lim tizimi asosida hamkorlik qilish, “Ishga marhamat” monomarkazlari faoliyati bilan yaqindan tanishish hamda kompaniya bilan hamkorlik qiluvchi Yaqin Sharq, Mavrikiy, Seyshel va Maldiv orollaridagi mehmonxonalarga oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish masalalarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

Muzokaralar chog‘ida “Ipak yo‘li” universiteti va Shveytsariya ta’lim akademiyasi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Shveytsariyada sertifikatsiyadan o‘tgan qo‘shma dasturlarni joriy qilish, xorijlik mutaxassislarning turizm texnikumlari o‘qituvchilarini tayyorlash uchun O‘zbekistonga jalb qilish, talabalar amaliyotini xorijda tashkil qilish, monomarkazlarda kasbga tayyorlash jarayonlari samaradorligini oshirish borasida birgalikda ishlashga qaratilgan takliflar muhokama etildi.

Joriy yil 30 noyabr-2 dekabr kunlari o‘tkaziladigan Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi doirasida hamkorlikka oid hujjatlarni imzolashga kelishib olindi.

FMS kompaniyasi 1999 yildan buyon BAAda faoliyat ko‘rsatib, mehmonxonalarga investorlarni jalb qilish, mehmonxonalar qurilishida konsalting xizmatlarini ko‘rsatish, restoranlarda ilg‘or xizmat ko‘rsatish tizimlarini joriy qilish, zamonaviy tajriba markazlarini yaratib, ular bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash masalalari bilan shug‘ullanadi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid